Tojikiston: parlament saylovlarida Rahmon partiyasi ko‘p ovoz olgan

Image copyright president.tj

Tojikiston Markaziy Saylov Komissiyasi 1 mart, yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan parlamentning quyi palatasiga saylovlar dastlabki natijalarini e‘lon qilgan.

Unga ko‘ra, boshqaruvdagi Tojikiston Xalq Demokratik partiyasi 65,2 ovoz bilan oldinda bormoqda.

Markaziy Saylov Komissiyasi raisi Shermuhammad Shohiyonning aytishicha, Qishloq xo‘jalik partiyasi 11,8 foiz, Iqtisodiy islohotlar partiyasi 7,6 foiz, Sotsialistik partiya 5,5 foiz ovoz to‘plagan.

Bundan tashqari Kommunistik partiya 2,3 foiz, Demokratik partiya 1,7 foiz, Islom Uyg‘onish partiyasi 1,5 foiz, Sotsialistik partiya 0,5 foiz ovoz olgan.

Saylov komissiyasiga ko‘ra, yana 30 dan ortiq saylov okruglari ovozlari sanalmoqda.

Markaziy Saylov Komissiyasining bildirishicha, ovoz berishlar erkin, demokratik va fuqarolarning yuqori siyosiy faolligida o‘tgan. Kuzatuvchilar saylovlarda qator qonunbuzarliklar sodir etilganini aytishgan. Jumladan Sotsial demokratik va Islom Uyg‘onish partiyasi kuzatuvchilarga bosimlar bo‘lgani, ovozlar qalbakilashtirilgani, saylovlar nodemokratik, qonunbuzarliklar bilan o‘tganin qayd etgan.

Tahlilchilar Tojikistondagi saylov natijalari oldindan ma‘lum ekanini, prezident Rahmon rahbarligidagi partiya ko‘p ovoz olishiga hech narsa to‘sqinlik qilmasligini aytishgandi.

Saylovoldi kampaniyasi davomida asosiy targ‘ibot Xalq Demokratik partiyasi uchun ishlagan. Boshqa partiyalar o‘zlariga nisbatan bosimlar bo‘lgani, saylov targ‘ibotini o‘tkazishga ko‘p hollarda imkon berilmaganidan shikoyat qilganlar.

Parlamentning quyi palatasiga 63 deputat saylanadi.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02