“Islomiy davlat”, Putin va Karimovni birday sevishga o‘rgatilayotgan avlod haqida...

Image caption "Saylov degan sahnaga tayyorgarlik"

O‘zbekiston mustaqillik yillarining ikkinchi yarmida, keling, yana yaqinroq kelaylik va o‘tgan ikki-uch yilda deylik, xullas, mana shu yaqin o‘tmishda, ayniqsa prezident saylovi arafasida mamlakatda...kamdan kam kishi aslida nima qilayotgani, atrofida va dunyoda nimalar bo‘layotganini anglab yetmaganday tuyuladi. Yana qaytarib aytsak, bu ana shu ijtimoiy tarmoqlar va mamlakat matbuotini kuzatishdan keyin paydo bo‘ladigan taasurot.

Saylov bahonasida turfa minbarlardan o‘z-o‘ziga gohida evi bilan, gohida esa hatto shahvoniy tarzda maftun bo‘lib o‘qilayotgan nutqlar, berilayotgan va‘dalar ijtimoiy tarmoqlarda so‘ralayotgan birgina jo‘n savol oldida chilparchin bo‘lmoqda.

“Qachon gaz bilan elektrni berasizlar”, degan savol bu.

Qarangki, tom ma‘noda teatrlashtirgan saylovdagi Karimov doxil biror bir nomzod “gaz bilan elektrni bir yilda yoki besh yilda “vo!” qilaman” deb aytayotgani yo‘q.

“O‘zbekistonning qanchalar buyuk davlat ekani va uning to‘g‘ri yo‘liga dunyo tan berayotganiga” oid ayrim holatlarda, shu nutq irod qilayotgan shaxsning o‘zi ishonib qolayotgan “ko‘krak kerishlik” esa...boshqa masala, to‘g‘rirog‘i, boshqa fojea...

Prezidentlikka nomzodlarning birortasi aqalli “menga ovoz bering” deb saylovchidan so‘rayotgani ham yo‘q. Aftidan, hatto o‘zi oladigan foizlar ham allaqachon belgilab berilgan.

Karimovdan tashqari nomzodlar ana shu saylov degan mantiqsiz dunyo ichiga tushirib qo‘yilgan va yoki tushishlariga izn berilgan ekan, hech qachon “Karimovga emas, menga ovoz beringlar”, degan gapni aytolmaydi. Aytayotgani ham yo‘q.

Eng qizig‘i, bu gapni ular qo‘rqqanidan ham emas, balki “protokol”da va yoki o‘yin qoidasida bo‘lmagani uchun aytmaydi, chunki qo‘rquvda mantiq bor, ammo ular tushgan saylov dunyosi va yoki zamonaviy O‘zbekistonda ana shu mantiq yo‘q qilingan.

Bu balki mislsiz bir dahshatdir.

Buning oqibatlari bir avlodda muvaqqat aks etar ekan, pirovardida boshqa bir misli ko‘rilmagan inqirozni keltirib chiqaradi.

Qanday inqiroz?

Image caption Unutilgan Orol

Bugun mamlakatdagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni ijtimoiy tarmoqlarga va matbuotga qarab va yoki bu o‘rinda bir avlodning ( kattagina qatlami) suratini chizsangiz bo‘ladi.

Eng xolis musavvir da‘vosida bo‘lganlar ham chizilgan manzaradan bir cho‘chib tushishi aniq.

Sho‘rolar davrining ommaviy axborot vositalari bir emas, ikki – uch avlodni tom ma‘noda zombiylashtirishga muvaffaq bo‘lgan edi. Ayniqsa, Markaziy Osiyoda, ayniqsa O‘zbekistonda sho‘ro avlodi o‘z kishanlarini shu qadar sevdiki, shoir Muhammad Solih majozan aytgani kabi, paxta deb o‘z tomorqasiga “qo‘l ekishni” boshladi.

Bugun ham paxta haqida gapiradigan bo‘lsangiz, yangi, mustaqillik avlodining navqiron vakillari sizga paxtaning “milliy boyligimiz” haqida o‘ta qisqa, o‘ta jo‘n nutq o‘qiydi.

Nima uchun “milliy boylik”, kim shunday deb aytgan? Bu “milliy boylik”dan tushadigan foydalar nimalarga sarf bo‘ladi? Tabiiyki, bu savollarga yangi, gipnozlangan avlodning javobi yo‘q.

Orolni o‘z qo‘llari bilan quritib bergan ota-bobolari haqida deyarli hech narsa bilmaydi, ammo, o‘xshashlikni qarang!..

Ijtimoiy tarmoqlarga qaytsak...Odnoklassniki va Facebook… Turfa qo‘shiqchilaru, bemaza hazillarni ( chalasavodlikni kasb etgan avlod, balki chalasavodga aylantirilgan avlod) sevadiganlarni bir chetga surib qo‘yadigan bo‘lsangiz, ikki biri-biriga zid, qat‘iy qutblashgan guruhni ko‘rasiz.

Biri O‘zbekistondagi tuzumni yana chalasavodlarcha va ta‘bir joiz bo‘lsa, baxtiyor ko‘rlik bilan sevadigan, yohud sevdirib qo‘yilgan, boshqasi esa bu tuzumga qarshi faqat dini Islom bilan kurashish kerak, adolat faqat “Islomiy davlat”da deb ishongan – intellekti jihatidan o‘zaro farq qilmaydigan guruhlardir.

Nima uchun va yo zombilashtirish darslari...

Image copyright Getty
Image caption O‘zbekiston TVsi "Axboroti" Boris Nemtsovni "tanimaydi"

Masalan, 3 mart kuni Moskvada Boris Nemtsov dafn qilindi. Aynan Rossiyadagi zombilashtirish siyosatiga qarshi chiqib kelayotgan muxolifat rahbarini Kreml ostonasida otib ketishdi. Butun dunyo xabar agentliklari, radio –televizionlari, hatto O‘zbekistonga qo‘shni davlatlar ommaviy-axborot vositalari ham Boris Nemtsovning o‘ldirilishi haqida xabar qildilar. O‘zbekistonlik ziyoli

O‘rtada turadigan qolmadi. G‘arbdan nafratlanish ruhida o‘stirib qo‘ydik bir avlodni, o‘zimizni sevdirolmadik, qanaqa qilib sevdiramiz, har qadamda poraxo‘rlik bo‘lsa, melisa-pelisiga tushsa mushtumzo‘rlik...Rossiyaga jo‘natdik. U yerdan bunaqa propagandaga arzon makaronu, uch-to‘rt tangasi bilan “to‘yib” kelmoqda. To‘yi shu puldan, azasi shu puldan...Kimni sevsin? Aeroportda to‘xtatib cho‘ntagini qoqib olmoqchi bo‘lgan bojxonachi va melisani sevsinmi? Rossiyani sevadi. Rossiyani sevmasa, ana, xalifa chiqibdi deydi nevaram, bu yerdagilarini hay-haylab turamiz, Rossiyaga ketvorsa istaganicha sevaveradi xalifani, keyin nima qilamiz. O‘rtayo‘lni buzib qo‘ydik, hech qursa shu o‘rta yo‘l kerak edi bizga...

O‘zbekiston televizionining “Axborot” dasturi esa dunyoni larzaga solayotgan har yangilikni har doim chetlab o‘tgani kabi, bu gal ham... Amerikada qanaqadir metal kompaniyaga o‘t ketgani, Indoneziyaning qutqaruvchilari uchoq halokatida qutqaruv ishlari o‘tkazayotgani haqida xabar berdi!

Boris Nemtsov haqida, Ukrainadagi hodisalar va hatto Qrimni Rossiya qo‘shib olganida ham uni chiqmagani kabi...mantiqsiz sukut saqladi.

Bir hovuch, turfa yo‘llar bilan boyib qolgan o‘zbekistonlik oilalarning “egani oldida, yemagani ortida” bo‘lgan avlodi vakillari esa...zerikib qolganida Boris Nemtsov va yoki Ukraina haqidagi ma‘lumotni asosan Odnoklassnikidan, Rossiya ommaviy-axborot vositalaridan olmoqda.

“Hey, senlarning amerikalaring Nemtsovni atay o‘ldirdi, Putinga qarshi ular, Rossiyani ko‘rolmiydi”, deb yozadi biri.

Boshqasi esa, “Ollohga shukr, tinchimiza, O‘zbekistonimiz gullab yashnavotti, dodamiz tiriy bo‘sinlar. Siriya bilan Afg‘on kereymas bizaga...” deb yozdi.

Yana biri “to‘g‘ri qiladi yo‘qotib Nemtsov Pemtsovni, hammasiga amerika pul bergan, ular rossiyani bosib olmoqchi. Lekin Putin hammasini ...”, deb ishondi.

Rossiyaga emas, u yerdagi hukumat va tuzumga bunaqa “muhabbat” alal-oqibat qanchalar “bebaho”bo‘lishini tasavvur qilasizmi?

Image copyright BBC World Service
Image caption "Islomiy davlat" ga hayrihohlar nima uchun ko‘paymoqda?

Shunaqa “muhabbat epkinlari” Moskva tomonlardan Qrimdan tortib, Ukrainaning qariyb Kiyeviga qadar “esdirib” turilmaganmidi?

Qizig‘i, kun sayin “Islomiy davlat”ga hayrihohlik izhor etayotganlar soni ham ko‘payib bormoqda.

“Islomiy davlat” yuzlab begunoh insonlarni qatl qilgani haqida xabar chiqar ekan, ochiqdan ochiq, ayrim o‘zbekistonliklar bu xabarni ham “G‘arbning o‘yini, Islomga qarshilar fitnasi...Islomiy davlat adolat bayrog‘ini ko‘tarmoqda” qabilida “sharhlab” qo‘ydi. Bunaqa sharhlarning keti uzilayotgani yo‘q.

Shu o‘rinda O‘zbek ziyolilaridan biri arz qildi:

“O‘rtada turadigan qolmadi. G‘arbdan nafratlanish ruhida o‘stirib qo‘ydik bir avlodni, o‘zimizni sevdirolmadik, qanaqa qilib sevdiramiz, har qadamda poraxo‘rlik bo‘lsa, melisa-pelisiga tushsa mushtumzo‘rlik...Rossiyaga jo‘natdik. U yerdan bunaqa propagandaga arzon makaronu, uch-to‘rt tangasi bilan “to‘yib” kelmoqda. To‘yi shu puldan, azasi shu puldan...Kimni sevsin? Aeroportda to‘xtatib cho‘ntagini qoqib olmoqchi bo‘lgan bojxonachi va melisani sevsinmi? Rossiyani sevadi. Rossiyani sevmasa, ana, xalifa chiqibdi deydi nevaram, bu yerdagilarini hay-haylab turamiz, Rossiyaga ketvorsa istaganicha sevaveradi xalifani, keyin nima qilamiz. O‘rtayo‘lni buzib qo‘ydik, hech qursa shu o‘rta yo‘l kerak edi bizga...”

O‘rtayo‘lni kim buzdi?

Image caption Raqs qachongacha davom etadi?..

O‘rtayo‘l o‘tgan asrning to‘qsoninchi yillar boshida buzilgan edi. O‘shanda sobiq kommunist va hozir tayinki, demokrat bo‘lmagan prezident Karimov birin-ketin dunyoviy va yo ekstremist bo‘lmagan muxolifatni qamoqqa tashlay boshladi. Qolganlarini quvib chiqardi. O‘tgan qariyb 25 yil ichida qo‘shni davlatlar, xususan, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston qanchalar ojiz va ayrim holatlarda imkonsiz bo‘lmasin, muxolifatni, bu o‘rinda Tojikiston hatto tabiati diniy bo‘lgan muxolifatni ham saqlab qoldi. Matbuot erkinligi to‘la ta‘minlamagan bo‘lsa ham, O‘zbekistonda bo‘lgani kabi tag –tugi bilan yo‘q qilinmadi. Tojikistonlik ziyoli aytmish, “O‘zbekistondan farqli o‘laroq, bizda rahbarlar yolg‘onni sal insof bilan gapirashadi”...

Yana bir necha kundan keyin O‘zbekistonda mantiqsizlik asosiga qurilgan va aksariyat qonunshunoslar fikricha, mutlaqo noqonuniy saylov bo‘lib o‘tadi.

Natijalar ayon. Oradan bir-ikki hafta o‘tib shundoq ham nomlarini aksariyat bilmaydigan (Karimovdan tashqari) nomzodlar unutiladi.

Buyog‘i yana minbarbozlik, yana bayrambozlik, yana mustaqillik bayrami va ko‘p ehtimolki, raqsu tomosha.

Qutblashgan avlodning gaz va elektr qatori boshqa bir necha savollarini eshitmagan yurt boshidagilar aniqki, muvaqqat rohat-farog‘atda qolar ekan, javoblar ham Rossiya va ham "Islom va Shom davlati" tomonidan kelishi davom etadi.

Bu “javoblar” internetning virtual sarhadlarini buzib, asl hayotda bo‘y ko‘rsatishi esa raqsu-tomoshalar va mantiqsiz nutqlarga mutlaqo bog‘liq emasday...

O‘zbekistonlik

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02