Qirg‘izistondagi eshak go‘shti mojarosi Turkiyaga ham yoyilgan

Turkiyada chiqadigan "Yeni Akit" ro‘znomasi "nurchilar peshvosi" sifatida bilingan Fathulloh Gulen jamoatini Qirg‘izistonda, ro‘znoma ta‘biricha, eshak go‘shti tijorati bilan shug‘ullanganlikda ayblagan.

Nashrning qirg‘iz matbuotiga iqtibosan yozishicha, jamoatga aloqadorligi iddao qilingan ikki turk fuqarosi yuzlab eshaklarni so‘yib, sotishda gumon qilinmoqda.

Eshak go‘shti mojarosining yangi tafsilotlarini o‘rgangan Bi-bi-sining Bishkekdagi muxbiri To‘lqinbek Turdiboyevning aytishicha, Bishkekdagi Sebat turk litseyiga ham eshak go‘shti yetkazilganini mazkur o‘quv yurti bosh mudiri Nurlan Xudoyberdiyev rad qilgan.

Bu bizning obro‘yimizga dog‘ tushirgan qalbaki axborot,- degan u Bi-bi-siga. Shu sababdan tegishli xuquq tartibot idoralariga shikoyat arizasi bilan murojaat etganini, Qirg‘iziston hududida yoki Turkiyada bo‘ladimi, tekshirilmagan bunday ma‘lumot kimlar tomonidan va nima sababdan tarqatilganini aniqlab berishni so‘raganini aytgan Sebat turk litseyi rahbari.

Mulozimga ko‘ra, Qirg‘iziston milliy telekanali va Turkiyadagi "Yeni Akit" nashri biror dalil-isbotlarni keltirmagan va mazkur hodisaga bog‘liq birorta turk fuqarosi jinoiy harakatda ayblanmagan.

Qirg‘izistonda Manas havo maydoni atrofida joylashgan Qaytal korxonasi eshak go‘shtini asosiy ishlab chiqaruvchisidir.

"Mening eshak boqiladigan fermamdan bir gramm ham go‘sht hech bir choyxona va yoki kafega berilmagan", degan Qaytal xo‘jaligi rahbari Almas Taqirbosh matbuot anjumanida.

Taqirboshning aytishicha, asli Turkiyaning shirkati bilan imzolangan shartnomalar bor. Shu shirkat eshak go‘shtini hayvonot bog‘lariga yetkazib, yirtqich hayvonlar oziq-ovqati sifatida sotadi, deb aytgan tadbirkor.

Shu bilan birga, korxona rahbari ta‘kidlashicha, uning turkiyalik hamkori uchun eng qimmatbaho narsa bu faqat eshak go‘shti emas, eshak terisi ekan.

"Go‘shtni ishlab chiqarishda biz eshakning po‘stini juda ehtiyotkorlik bilan ajratib olamiz, hatto qulog‘iga ham pichoq tegizmaymiz. Chunki bu hamkorimizning qat‘iy talabidir",- deydi chorvador. Lekin u o‘zaro hamkorlikdan "savdoning maxfiy tomonlari bor" deya boshqa tafsilotlarini oshkor qilmagan.

Eshak go‘shtini ishlab chiqarish uchun jonivorlar bu korxonaga turli yo‘llar bilan keltirilgan. Masalan, shirkat rahbari bildirishicha, u eshaklarni qisman sotib olgan, yana o‘zi ham asrab boqqan.

Eshak bilan savdo qilgan tijoratchining muxbirimizga aytishicha, Qirg‘iziston janubiga solishtirganda shimolida ham aholi eshak kuchidan foydalanadi, lekin kamroq. Shu sababli davlat tomonidan eshaklar yig‘ib olinadi va eshaklarni so‘yish uchun sharoit u yerda ko‘proq.

Eshak Markaziy Osiyoning qishloqlari, ayniqsa, tog‘li mintaqlarida haligacha trantsport vositasi sifatida ishlatiladi.

3-4 yil oldin Tojikistonda shunga o‘xshagan mojaro yuz bergan va mahalliy aholi xitoylik ishchilar eshaklarni so‘yib yeb qo‘yayotganidan qishloqda minishga eshak qolmaganidan shikoyat qilishgandi.

Bi-bi-si muxbiriga ko‘ra, Qirg‘iziston janubida naqliyot uchun eshaklar yetarli. Shimolda qishloq aholisi an‘anaviy naqliyot moli sifatida asosan otlarni boqadi.

Qirg‘izistonda hayvonlar huquqlarini himoya qiluvchi nodavlat tashkilotlar bor albatta.

Lekin bunday tashkilotlarning boshqa mamlakatlardagi kabi aholi orasida ancha ta‘sirga ega deb bo‘lmaydi. Ular ko‘proq hayvonot olamiga bog‘liq kasbiy muammolari bilan shug‘ullanib keladi.

Odamlarga eshak go‘shti sotilgan, degan mashmashaning to‘satdan paydo bo‘lishiga esa eng avvalo milliy telekanal tarqatgan ma‘lumot turtki bergan. Yana boshqa sababi-eshak go‘shtini ishlab chiqargan korxona o‘z faoliyatini oldindan ommaga e‘lon qilmagan.

Balki shuning uchundir aholi tomonidan bu maxfiy tarzdagi noqonuniy harakat tarzida qabul qilingan.

Bu hodisa bo‘yicha ayni paytda jinoiy ish ochilgan, lekin ommaviy axborot vositalari yoki nazorat qiluvchi vetenariya va sanitariya idoralaridan birortasi aniq bir dalil isbotlar keltirmagan.

Tergov ishlari ketayotgani bois, eshak go‘shti ishlab chiqargan korxonaning faoliyati ham to‘xtatilgan.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02