"Mulla Nasriddin" yoxud ozarbayjoncha Charlie Hebdo

Image copyright BBC World Service
Image caption Ushbu karikaturada derazasi bor qamoqxona va musulmon ayollar yashagan darichasiz uy tasvirlangan

Frantsiyaning Charlie Hebdo hajviy jurnaliga hujumdan 100 yil avval, Rossiya imperiyasi davrida xuddi shunga o‘xshagan hajviy jurnal Qafqos musulmonlari hayotida muhim rol o‘ynagan edi.

Ozarbayjonda nashr qilingan "Mulla Nasriddin" Chor podshosi va Eron shohlarining ustidan kulgan, o‘z davriga nisbatan inqilobiy materiallarni e‘lon qilgan.

1906 yilda asos solingan jurnal siyosiy voqealarni faol mubohasa qilgan, ayollar haqlari uchun kurashgan va Islom Sharqida g‘arb ta‘sirining yoyilishini qo‘llab-quvvatlagandi.

Image copyright BBC World Service

Jurnalning bosh muharriri Mirzo Jalil taxallusi bilan tanilgan mashhur ozariy jurnalist va yozuvchisi Jalil Mamadqulizoda edi.

Uning "Murdalar" nomli romanida dahriy va ichkilikka ruju qo‘ygan bosh qahramonni hayotning qorong‘u tomonlari haqida haqiqatni aytishga o‘rgangani uchun "jinni" deb atashadi.

Masalan, u 9 yashar qizaloqning 50 yoshli erkakka majburlab turmushga berilganini tanqid qiladi.

Jurnalning nishona soni

Jurnal o‘z nomini turkiy xalqlar xalq og‘zaki ijodining qahramoni bo‘lmish Mulla Nasriddin (Nasriddin Afandi) dan olgan.

Image caption "Mulla Nasriddin"ning birinchi soni. 1906 yil

"Mulla Nasriddin" jurnalining birinchi soni muqovasida "Sharqning uyg‘onayotgan xalqlari" tasvirlangan.

Shundan keyingi 20 yil davomida o‘z o‘quvchilariga dunyoni karikatura va hajviyalar orqali ko‘rsatib kelgan jurnal Ozarbayjonda katta shuhrat qozongan.

O‘sha davrning boshqa bir mashhur yozuvchisi Abdurahimbek Ahverdiyev o‘z xotiralarida shunday yozadi: " Jurnalning birinchi soni haqqoniy "bomba" bo‘ldi. Mullalar "musulmonlarning xonadonida bunday jurnalga o‘rin yo‘q" deya e‘tiroz bildirishdi. Agar uyda bu jurnal topiladigan bo‘lsa, hojatxonaga tashlab yuborish kerak edi".

O‘sha davrning Turkiya, Rossiya va Eronda katta ta‘sirga ega bo‘lgan boshqa nashrlaridan farqli o‘laroq, "Mulla Nasriddin" chalasavod o‘quvchilarga xitob qilgan.

Image copyright BBC World Service

Jurnaldagi matnlar juda sodda, karikaturalar esa tushunarli bo‘lgan.

Ularda ko‘pincha diniy ulamolar hajv qilingan.

"Mulla Nasriddin" ularni ta‘lim va dunyoviy jamiyatning dushmanlari deya tasvirlaydi.

Jurnal asosan ozarbayjon tilida (avvaliga ozariy arab imlosida, Oktyabr to‘ntarishidan keyin esa lotinchada), ba‘zan rus tilida ham chiqarilgan.

Jurnalda, masalan, diniy yoki "osiyocha" ta‘lim bilan dunyoviy yo-da "ovro‘pocha" ta‘lim solishtirilgan karikaturalar chop etilgan.

Ayollar na jamiyatda va na oilada hech qanday huquqi bo‘lmagan, erlari tomonidan do‘pposlangan mazlumalar sifatida tasvirlangan.

Xavfli ish

"Mulla Nasriddin" dinning shaxsiy hayot va dunyoviy davlat ishlariga aralashuviga ochiqchasiga qarshi chiqqan.

Shubhasiz, diniy ulamolar ustidan kulish va xotin-qizlarning haq-huquqlari uchun kurashish xavfli ish edi.

Image copyright BBC World Service
Image caption Otaning o‘g‘il va qiz farzand tug‘ilishiga munosabati

Eron mullalari Mirzo Jalilga o‘lim fatvosi chiqaradilar.

Uning hayotiga doimiy tahdidlar bo‘ladi va jurnal chop etilgan Tiflisda hujumga uchraydi.

"Agar biz jurnalni ozarbayjonlar milliy ko‘pchilikni tashkil etgan Boku yoki Yerevanda chop etganimizda edi, ular meni o‘ldirgan bo‘lishardi", deb yozadi keyinroq Jalil.

Ammo jurnal o‘z o‘quvchilari uchun hajviy bir shaklda bo‘lsa ham, siyosat dunyosiga daricha bo‘lib xizmat qilgan edi.

Mirzo Jalilga Gogol va Chexov singari rus yozuvchilari katta ta‘sir o‘tkazishgan.

Jurnal tahririyatiga o‘sha paytda Tiflisda yashagan olmon karikaturachisi Oskar Shimerling va ozariy rassomi Azim Azimzodalar a‘zo bo‘lishgan.

Uning mualliflari orasida hajvchi shoir Mirza Alekper Sobir ham bor edi.

U ayollar haq-huquqlari va ta‘limning ahamiyati haqida she‘rlar yozgan.

Yangi davr

1918 yilda jurnal Ozarbayjon Demokratik Respublikasining tashkil topishida muhim rol o‘ynaydi.

Image copyright BBC World Service
Image caption Ingliz konsuli rafiqasi bilan: Eronda va Angliyada. 1929 yil

Yangi respublika bolsheviklar hokimiyatga kelgunicha, bor-yo‘g‘i ikki yil amal qiladi, xolos.

Ozarbayjonlik media-ekspert Zeynal Mamedlining aytishicha, yangi ruspublikaning aksariyat vazirlari "Mulla Nasriddin"ning mushtariylari edi.

Jurnalning 1919 yilda Ozarbayjon ayollariga saylash huquqi berilishida ham ahamiyati katta.

Bokudagi Ozarbayjon milliy kutubxonasida saqlangan jurnalning eski nushalari "Mulla Nasriddin"ning muallif va rassomlari qanchalik iqtidorli bo‘lganliklarini ko‘rsatadi.

Image copyright BBC World Service

Jurnalning 1929 yildagi sonlaridan birida Muhammad Payg‘ambar (sav) yuzi ko‘rsatilmagan holda tasvirlangan.

Bu vaqtga kelib, Ozarbayjon sovet respublikalaridan biriga aylangan, ammo ayni paytda aholining ko‘pchiligi musulmon edi.

Ammo jurnalning sho‘rolar davridagi umri qisqa bo‘ldi.

1930-yillar boshida hukumat Mirzo Jalildan jurnal nomini sho‘rolar mafkurasiga to‘g‘ri kelishi uchun "Xudosiz" deb o‘zgartirishni talab qiladi.

Sovet tsenzurasi bilan kelisha olmagan bosh muharrir ko‘p o‘tmay, iste‘fo beradi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02