"Tojikiston parlamentida haqiqiy muxolifatga o‘rin yo‘q"

Image copyright BBC World Service
Image caption "Saylov shaffof va erkin o‘tmagan"

Tojikiston muxolifatining asosi sanalgan Islom Uyg‘onish partiyasi o‘tgan yakshanba kungi parlament saylovlari shaffof va erkin bo‘lmaganini aytgan.

Markaziy Osiyodagi yagona, rasmiy Islomiy partiya yangi parlamentda o‘rin olmagan.

Islom Uyg‘onish partiyasi o‘z bayonotida saylov natijalarini tan olmasligi, ammo shikoyat qilish niyatida emasligini aytgan.

Partiya faollariga ko‘ra, Markaziy Saylov komissiyasi va mamlakatdagi mahkamalar mustaqil emas va shikoyatu arzlardan biror naf chiqmasligi tayin.

Islom Uyg‘oniy partiyasi o‘z a‘zolari va tarafdorlariga nisbatan "bosimlar, tazyiqlar va yakkalash amallarini to‘xtatib, mamlakatni milliy birlik va murosa yo‘liga qaytarish" kerakligini urg‘ulagan.

Muxolifatdagi Sotsial-demokratlar ham parlamentda o‘rin olishga muvaffaq bo‘lmagan.

Prezident Emomali Rahmonning Xalq demokratik partiyasi 53 o‘rinning 51tasini egallagan.

Bosimlar

Image copyright president.tj
Image caption Tojikiston O‘zbekiston yo‘lidan bormoqdami?

Bu yilgi parlament saylovlari kampaniyasi payti muxolif partiyalarning a‘zolari hamda ularni dastaklovchilarga nisbatan bosimlar bo‘lgani haqida ommaviy axborot vositalarida juda ko‘p xabarlar e‘lon qilindi.

Shuningdek, muxolifat nomzodlarini ro‘yxatdan o‘tkazishda ko‘plab sun‘iy to‘siqlar tashkil qilingan, militsiya va xavfsizlik kuchlari muxolifat nomzodlariga turli shaklda bosimlar o‘tkazib, o‘z nomzodlarini saylovdan, ularning kuzatuvchilarini esa ham saylov komissiyasidan olib tashlashga majburlaganlar.

Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti kuzatuv missiyasi "politsiya aralashuvi va qudratdagi partiya kampaniyasi yo‘lida davlat resurslaridan foydalanilgan"ini qayd etgan.

Qator xalqaro tashkilotlar Tojikistondagi parlament saylovlari shaffoflik va erkinlik ruhida kechmaganini aytishgan.

MDH davlatlaridan borgan kuzatuvchilar esa, har galgiday, saylovlar benuqson o‘tganini da‘vo qilishgan.

Markaziy Osiyo bo‘yicha ayrim mutaxassislarga ko‘ra, Tojikiston o‘z siyosiy yo‘lini tobora qo‘shni O‘zbekistonnikiga "moslab" bormoqda.

O‘zbekistonda mustaqillik davrida kechgan saylovlarning hech biri xalqaro hamjamiyat tomonidan "erkin va shaffof" deb tan olinmagan.

Mamlakatda muxolifat va erkin matbuotga izn berilmaydi.

Tarixcha o‘rnida:

Tojikiston SSSRning Markaziy Osiyodagi Afg‘onistonga chegaradosh, asosan tog‘liklardan iborat sobiq respublikasi bo‘lib, mamlakat Afg‘on giyohvand moddalarining Rossiya va Ovro‘poga olib o‘tiladigan asosiy yo‘llaridan biri deb ko‘riladi.

Mehnatga layoqatli aholisining aksari xorijda, asosan Rossiyadagi mehnat muhojirlaridir.

Tojikistonda Rossiyaning eng xorijdagi yirik harbiy bazasi joylashgan, harbiy baza hozirligi muddati 2042 yilgacha uzaytirilgan.

Aholisining aksari musulmon.

Biroq 1992 yildan buyon Prezident Imomali Rahmon boshqaruvi ostidagi dunyoviy davlatdir.

Besh yillik fuqarolar urushi 1997 yili tomonlar o‘rtasida tinchlik shartnomasi imzolanishi bilan yakun topgan edi.

Ayni shartnomaga ko‘ra, Tojikiston muxolifatiga hukumatdan 30 foiz o‘rin ajratilgan, ammo oradan bir necha yil o‘tib muxolifat mutlaqo siqib chiqarilgan edi.

Mintaqani kuzatib kelayotgan mutaxassislarga ko‘ra, yangi parlamentdan endilikda muxolifatga mutlaqo joy bermaslik, prezident Emomali Rahmon hukumatining o‘tgan yillar davomida olgan eng qaltis qarorlaridan biridir.

Mamlakat iqtisodining abgorligi, keng ildiz otgan korruptsiya, qo‘shni Afg‘onistondagi holat va so‘nggi saylov manzarasida hosil bo‘lgan siyosiy ziddiyat, Tojikistonda shundoq ham qaltis vaziyatni izdan chiqarishiga doir xavotirlarni kuchaytirgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02