Joxar Tsarnayev Boston portlashlarida aybiga iqror bo‘ldi

Image copyright Reuters
Image caption Tsarnayev aybiga iqror bo‘lgan

Bostondagi bundan ikki yil avval kechgan portlashlarga doir mahkama o‘z ishini boshlar ekan, Joxar Tsarnayevning himoyachisi o‘z mijozi aybiga iqror bo‘lganini aytgan.

Himoyachining aytishicha, uning mijozi akasi Tamerlan Tsarnayevning ta‘siri ostida bu jinoyatga qo‘l urgan.

21 yoshga kirgan Joxar Tsarnayevga o‘lim jazosi berilishi mumkin.

Unga 30 dan ortiq modda bo‘yicha ayb qo‘yilgan.

Federal prokurorga ko‘ra, Tsarnayev bombalarni joylashtirar ekan, u qotillik qilish niyatida bo‘lgan.

2013 yilda Tsarnayev Boston marafonidagi portlashlarga doir birorta ham ayblovni o‘z bo‘yniga olmagan edi.

Ana shu portlashlarda jarohat olganlarning aksariyati mahkamada hozir bo‘lishgan.

Portlashlarda uch kishi, ular orasida sakkiz yashar bolakay ham qurbon bo‘lgan edi.

260 dan ortiq kishi jarohatlangan va ularning ko‘pchiligi yo oyog‘i va yo qo‘lidan ajragan.

Tsarnayev himoyachisi o‘z mijozining aybiga iqror bo‘lgani haqida bayonotini aksariyat kutmagan edi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02