O‘zbekistonda o‘n minglab mahbus amnistiya qilindi, ammo...

Image caption O‘zbekistonning mashhur siyosiy mahbuslariga avf qo‘llanilmagan

O‘zbekiston rasmiylariga ko‘ra, o‘tgan yil oxirida Senat tomonidan e‘lon qilingan amnistiya jami 52 mingdan ortiq mahbuslarga nisbatan qo‘llangan.

Uch mingdan ortiq kishi qamoqdan chiqarilgan.

Afv tufayli qamoqxonalarni tark etganlar qatorida o‘nlab diniy-siyosiy ayblar bilan hukm qilinganlar ham borligi xabar qilingan.

To‘la tasdiqlanmagan bu xabarlarda aytilishicha, asosan qamoq jazosining deyarli tugatishiga sanoqli oylar qolgan mahkumlar ozod qilingan.

Fevral oyining o‘rtalarida taniqli jurnalist Xayrullo Hamidov ozod etilgandi.

U diniy-siyosiy ayblar 2010 yilda qamoqqa tashlangan edi.

Inson haqlari faollari har yili e‘lon qilinadigan umumiy avf minglab siyosiy ayblar bilan qamalganlarni chetlab o‘tishi, ularning o‘rniga ayrim og‘ir jinoyat sodir etganlarning ham amnistiya tufayli ozodlikka chiqarilayotganini aytishadi.

Afv qilinganlar orasida 42 nafar xorij fuqarolari ham bor.

Muhammad Bekjon doxil yana bir necha jurnalist va Murod Jo‘rayev kabi qator siyosiy mahbuslarga esa kutilganiga qarshi amnistiya yana qo‘llanilmagan.

Amnistiya va jinoyatchilik

Image caption Qadri past rubl va mushkul damlar ortidan Rossiyani tashlab, vatanga qaytgan muhojirlarga ish yo‘q...

Inson huquqlari faollariga ko‘ra, minglab sobiq mahkumlarning ozodlikka chiqarilishi mamlakatdagi jinoiy vaziyatning yomonlashishiga ham sabab bo‘lgan.

Yuzlab, ehtimolki minglab begunoh dindorlar, muxolifat vakillari va jurnalistlar qamoqda qolishar ekan, sobiq jinoyatchilarning ozod etilishi mamlakatda jinoyatchilik bilan bog‘liq vaziyatni sezilarli darajada yomonlashtirgan.

So‘nggi paytlarda poytaxt Toshkentda qator shov-shuvli qotilliklar sodir etilgan, 1990-yillar boshidagi kabi avtomobil o‘g‘irlashlar ko‘paygani aytiladi.

BBCning viloyatlardagi manbalarga ko‘ra, qishloqlarda ayniqsa o‘g‘irlik va xonadonlarni tunash ko‘paygan.

"Qo‘shnimizning ikkita molini bir kechada tunab ketishdi. Mollarning tuyoqlariga eski poyafzalmi yoki lattami bog‘lashib olib chiqishgan ekan, hech qanaqa ovoz eshitilmagan...Melisalarning o‘zi aytdi, usta bo‘lib ketgan o‘g‘rilar deb", deydi o‘zbekistonliklardan biri.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, jinoyatchilikning ortib borayotganiga nafaqat ommaviy amnistiya, balki rubl qiymati tushib ketgani va ko‘p millionli o‘zbek muhojirlari uchun Rossiyada ishlash mushkullashgani ham sababdir.

Rossiyadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining pul jo‘natmalari so‘nggi yillar mamlakat iqtisodining inqirozdan asrab turgan omillardan biri edi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02