O‘zbekiston va Olmoniya qariyb 3 milliardlik sarmoya shartnomasiga erishgani rostmi?

Image caption O‘zbek qishloq xo‘jaligi islohot va sarmoyalarga muhtojligi aytib kelinadi

O‘zbekiston matbuotida paydo bo‘layotgan xabarlarga ko‘ra, O‘zbek va Olmon shirkatlari Berlindagi uchrashuvlar chog‘ida 2,8 milliard dollarga teng sarmoya, qarz va o‘zaro savdoga doir shartnoma imzolagan.

Ayni shartnomaga Olmon-O‘zbek biznes kengashining ilk taqdimot yig‘inida erishilgani aytilmoqda.

Bu yig‘inda Moliya vaziri Rustam Azimov yetakchilik qilayotgan O‘zbekiston vakillari ishtirok etishgan.

Olmon shirkatlari O‘zbekiston bilan bir necha yillardan beri savdo aloqalarini davom ettirib keladi.

Aynan shu shirkatlar va ularning mahalliy hamkorlari -mamlakat kompaniyalari orasida bevosita ish munosabatlarini yo‘lga qo‘yish g‘oyasini dastaklashadi.

O‘zbekistonning Berlindagi elchixonasida 25 fevralda kechgan ilk yig‘inda, Olmon-O‘zbek biznes kengashi raisdoshi, CLAAS qishloq xo‘jaligi mashinasozligi shirkati boshqaruv kengashi a‘zosi Jan-Hendrik Mohr o‘z rejalarini bayon qildi.

Unga ko‘ra, shirkat UzAgroPromMash bilan birgalikda O‘zbekiston va boshqa sobiq Sho‘ro davlatlari uchun uch g‘ildirakli traktorlar ishlab chiqarishga umid qiladi.

O‘zbekiston shirkatlari bilan hamkorlikka doir shartnoma imzolagan yirik Olmon shirkatlari orasida BASF, ThyssenKrupp va MAN lar bor.

Ammo 2,8 milliard dollar sarmoyalar haqida xabarlar anchayin chalg‘ituvchidir.

Chunki Olmoniyaning O‘zbekistonga eksporti o‘tgan yil faqat yarim milliard dollar atrofida bo‘lgan, xolos.

O‘zbekiston esa o‘tgan yil Olmoniyaga 20 million AQSh dollariga teng mahsulot jo‘natgan.

Ikkala mamlakatning o‘zaro savdo hajmidan ko‘ra to‘rt karradan ko‘proq kelishuv aqlga sig‘maydi.

Olmon biznes doiralarida O‘zbekiston bilan ishlaydigan manbalarga ko‘ra, Berlinda kelishilgan ayni shartnoma aslida ikki tomon istaklarini akslantirgan, zinhor aniq kelishuvlarni emas.

Markaziy Osiyo bo‘yicha Olmon Biznes federatsiyasi esa yaqinda O‘zbekistonga Olmon eksporti mushkul biznes vaziyat tufayli muammolarga duch kelayotganini bayon qilgandi.

Shunga qaramay, O‘zbekiston Olmoniya uchun tobora o‘sib borayotgan savdo hamkori ekani tayin.

O‘tgan oy "UzBuild" ko‘rgazmasida o‘nlab Olmon shirkatlari o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etishdi.

Yanvar oyida esa O‘zbekiston shirkatlari Berlindagi yirik qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmasida mehmonlarga... palov tayyorlab berishgandi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02