Orol yana tiriladimi?

Orol dengizi o‘rnida bugun ulkan sahro. Qozog‘iston Kichik Orolni qutqarmoqchi. Ammo O‘zbekistonga ham dengiz keladimi? Zaharli Orolqumda hayot qanday? Pastdagi "Boshlash" tugmasini bosib, video, hikoya va akslar uyg‘unlashgan maxsus loyihani tomosha qiling.

Orol qanday o‘ldirildi?

Xo‘jaboy-ota

Xo‘jaboy-ota sahro o‘rtasida yashaydi.

Otaxon ilgari baliqchilik qilgan. Ammo 1970-yillari Orol uning ovulidan keta boshlaydi. Suv sho‘rlanib, baliqlar o‘ladi.

Bir avlod umridan ham qisqa davrda dengizning qariyb 60 ming kvadrat kilometr qismida bir tomchi ham suv qolmadi.

Orol - Ovrosiyoning Kaspiysi, Amerikaning Yuqori Ko‘li va Afrikaning Viktoriyasidan keyin jahonning quruqlikdagi to‘rtinchi ulkan bahri edi. Bugun uning bor-yo‘g‘i 10% qismi qolgan.

Orol fojeasi Yer sayyorasi yuziga tushgan xunuk tirtiq bo‘ldi.

Xo‘jaboy-otaning Yalang‘och qishlog‘i Orol shimoliy sohilida edi. Bugun atrofda faqat qaqragan sahro va shamol.

"Biz turgan mana shu yer dengiz edi. Huv ana u chiqindixona o‘rnida qumli sohil bo‘lardi. Biz bolalar dengizda sho‘ng‘ib, quyoshda toblanardik" - eslaydi Xo‘jaboy-ota.

Uzoqda, sahro qo‘ynida uch qora nuqta ko‘zga tashlanadi. Ular - dorulomon kunlardan qolgan xotira, Orol fojeasi ramzlari.

Qumdagi zanglagan kema qoldiqlari hamon mahobatli. Har biri chog‘roqqina yo‘lovchi uchog‘idek keladi.

"Kemalar katta bo‘lardi" - xotirlaydi 86 yashar Xo‘jaboy-ota.

"Har birida qirq nafarcha odam - baliqchi, oshpaz, dengizchi va muhandislar ishlardi. Dengiz tortilgach, kemalar sohilga kelolmay, bitta-bitta botqoqqa tiqilib qola boshlashdi. Keyin botqoqlar qurib, sahroga aylandi".

Orol boy dengiz edi. Unda butun Sovet Ittifoqi iste‘mol qilgan baliqning oltidan bir qismi ovlangan.

"Ana u yerda bir to‘r tashlashda 400 kilo baliq ko‘targanman" - bir necha qadam naridagi sahro botig‘ini ko‘rsatadi Xo‘jaboy-ota. "Yuz kilo baliq tutish men uchun odatiy mashg‘ulot edi. Bir kuni bitta baliqni taroziga qo‘ysam, 7 kilo tosh bosgan".

"Qalqonbaliq, laqqa, zog‘orabaliq tutardik. Ajoyib zamonlar edi..."

Ammo ajoyib zamonlar tugayotgandi. 1976 yili Xo‘jaboy-ota dengizdan ko‘targan to‘ri o‘lik baliqqa to‘lib chiqadi.

"Chunki Orol kichrayib, suvi o‘ta sho‘rlanib ketgan va baliq yasholmay qolgandi. Xo‘jaboy-ota bir safar cho‘milib chiqqach, boshdan-oyoq oppoq tuz bilan qoplanganini eslaydi".

Xo‘jaboy-ota va uning baliqchi qishloqdoshlari Orol qurigach, bir necha yil qariyb 2 ming chaqirim uzoqdagi Balxash ko‘liga borib, baliq tutganlar.

"Sharoit yomon edi, suv yo‘qligidan hammamiz bitlab ketganmiz" - deydi keksa baliqchi.

Dengiz qurib, iqlim ham o‘zgargan.

"Ilgari lalmi qovun yetishtirardik. Mol-hol uchun beda, o‘zimiz uchun arpa ekardik" - deydi Xo‘jaboy ota jonsiz sahroga tikilib.

"Ammo yomg‘ir deyarli yog‘may qo‘ydi. Yaylovlar yo‘qoldi. Orolga yaqin chuchuk suvli kichik ko‘llar esa quridi".

"To‘qaylarda chopgan yovvoyi ohular qirilib ketishdi. Endi yoz oylari o‘ta issiq, qish esa ayovsiz sovuq".

Dengiz sohilidagi qishloqlar ilgari suv orqali o‘zaro bog‘langandi.

Bugun bir qishloqdan ikkinchisiga borish uchun chidamli va yirik avtoulovda sahro kezasiz.

Xo‘jaboy-ota har kuni darvozasidan chiqib, dengiz o‘rnidagi adadsiz sahroga tikiladi.

"Dengiz kelarmikan...?"

Ayni damda, otaxon hech qachon dengizni ko‘ra olmasligini ham biladi.

"Hech bo‘lmasa 15 yashar nevaram dengizni ko‘rar".

Orolqum sahrosi

Yalang‘och qishlog‘idan 24 chaqirim janubga yursangiz, Tastubek ovuli keladi. Dengiz bu yerga 4-5 chaqirimcha yaqin qolgan. Suv sho‘rligi kamayib, ayrim baliqlar qaytmoqda.

Baliq ortidan esa baliqchilar ham kelishmoqda.

Tastubeklik Duzboy ham dengiz qurigach, Qozog‘istonning boshqa hududlariga borib baliq tutgandi.

Ammo ovoragarchilikdan bezib, ot, qo‘y va tuya boqa boshlaydi.

So‘nggi yillari dengiz sho‘rligi pasayib, baliq paydo bo‘ldi.

"Qalqonbalik ko‘paygach, qalbimizda yana umid uchquni miltilladi" - deydi Duzboy - "Hozir zog‘orabaliq, laqqa va sudak ham bor".

Nega Orol dengizi quridiyu endi qaytmoqda?

Orolga quyiladigan ikki daryo - Sir va Amu suvlarini Sovet Ittifoqi qo‘riq yerlarni o‘zlashtirish uchun ishlata boshlaydi.

Sho‘rolar Markaziy Osiyoni, to‘g‘rirog‘i, O‘zbekistonni ulkan paxta maydoniga aylantiradilar.

O‘zbekiston - hamon dunyoning yirik paxta xomashyo bazalaridan biri.

Mustaqillik davrida mamlakat paxta ekishni kamaytirdi.

Lekin paxta ko‘p mehnat va suv talab qiladi. Hukumat har yili yuz minglab fuqarosini paxta dalasida ishlashga majburlaydi. O‘zbekiston uchun gaz va oltin qatorida paxta ham xaridori tayyor muhim mahsulotdir.

Mintaqada yetishtiriladigan ekinlardan aynan paxta va sholi uchun ko‘p suv sarflanadi.

Markaziy Osiyoning eng sersuv daryosi bo‘lmish Amudaryo esa so‘nggi yillar ichida Orolga yetmay, qurib qolmoqda.

Amudaryo - qadim yunon, arab va mo‘g‘ullarni lol qoldirgan Buyuk Oksus, hadislarda zikr etilgan jannatiy Jayxun...

Sirdaryo esa mintaqaning eng uzun daryosidir. Iskandar Zulqarnayn tezoqar Yaksartesdan o‘tolmaganini yozgan. Chingizxonga qarshi kurashgan Temurmalik uchun aynan Sayxun qo‘l kelgan.

Mintaqa davlatlari o‘rtasidagi maxsus shartnoma tufayli, Sirdaryo bugun Orolga, to‘g‘rirog‘i, dengizning Qozog‘iston tarafidagi kichikkina qismiga quyilmoqda.

Orol qurirkan, paxtazorlardan oqib kelib, dengiz tubiga cho‘kkan pestitsid va boshqa zaharli kimyoviy o‘g‘itlar havoga ucha boshlagan.

Xullas, Markaziy Osiyoni o‘z xomashyo bazasiga aylantirgan Sovet Ittifoqi shu asno Orol dengizini, uning tubidagi baliqlarni, atrofidagi tabiat va jonzotlarni xarob qilgan.

Orol dengizi kichrayib, ikkiga ajraladi. Qozog‘istonda mo‘‘jazgina shimoliy Kichik Orol, janubda esa aksar O‘zbekiston hududida joylashgan Katta Orol paydo bo‘ladi.

Janubdagi Katta Orol yanada qurib, Sharqiy va G‘arbiy ko‘llarga bo‘linib ketadi.

Yaqinda, 2014 yil kuzida esa sun‘iy yo‘ldoshdan olingan suratlar asosiy qismi O‘zbekistonda joylashgan Sharqiy Katta Orol butunlay qurib bitganini ko‘rsatdi.

Britaniyalik yozuvchi Tara Fittsjerald Orolbo‘yi xalqlari haqida kitob yozmoqda. U bir necha muddat oldin endi yo‘qolib, Orolqum sahrosga aylangan Katta Orol bo‘yiga, O‘zbekistonga borib kelgan.

"Paxtazorlarda ishlatilgan pestitsid va boshqa zaharli o‘g‘itlar odamlar ichadigan suvga tushgan" - deydi Tara - "Qoraqalpog‘istonda hatto ayollarga yosh bolasini emizmaslik tavsiya qilingan paytlar ham bo‘lgan".

"Dengiz o‘rnidagi jonsiz sahro manzarasi achinarli, ammo uning go‘zalligini ham inkor etolmaysan. O‘zingni xuddi Mirrix yo Oy ustida yurgandek his qilasan kishi..."

"O‘zbekiston tarafida qolgan dengiz o‘ta fusunkor, feruzarang" - eslaydi Tara.

"O‘zbekistondagi dengiz qoldig‘ida tuzlar shunchalik zichki, qo‘lingni qimirlatmasang ham suv seni tepaga ko‘taradi, unda cho‘kmaysan, sho‘r suv esa teringni chimchilay boshlaydi".

"O‘zbekistondagi dengiz butkul o‘lik. Unda baliq ham yashamaydi" - deydi Tara - "Daryolar quyilmaydi, yog‘in-sochin esa kam".

Ammo shimolda, Qozog‘iston tarafida dengizning mittigina qismi, Kichik Orol kengaya boshlagan.

Buning ikkita sababi bor.

Avvalo, Sirdaryo hozir Kichik Orolga quyilmoqda.

Ikkinchi omil esa - Kichik Orol suvini tutib turadigan to‘g‘on qurilgan.

Ko‘korol to‘g‘oni

Orol dengizi qurirkan, bargli olma shakliga kelgan.

2005 yili esa ana shu "olmaning" ning bargi (Kichik Orol) va mevasi (Katta Orol) ulangan bandda Ko‘korol to‘g‘oni tiklandi.

To‘g‘on uzunligi 13 chaqirim, ammo balandligi nari borsa, ikki qavatli binodek chiqadi. Shu holida bu to‘g‘on Kichik Orol sathini 3 metr ko‘tarishga yordam berdi.

Hozir to‘g‘on to‘lib, ortiqcha suv shlyuz orqali Katta Orolga, to‘g‘rirog‘i, Katta Orol o‘rnidagi sahroga chiqarib yuborilmoqda. Ammo suv qumga singib yo‘qolayapti.

Aynan ana shu to‘g‘on Yalang‘ochda Xo‘jaboy-otaning, Orol shahrida esa o‘n minglab insonlarning ko‘nglida umid uyg‘otmoqda.

Orol bir paytlar yirik bandargoh, ko‘p millatli shahar edi. Bugun bandargoh kimsasiz, shaharda esa faqat qozoqlar qolishgan.

Yosh qozoq yigitlari ham ko‘pincha bu yerda ish topa olmay, boshqa shaharlarga ketishadi.

Kichik Orol asil Orol dengizining bor-yo‘g‘i 5% qismini tashkil etadi. Endi Katta Orol qurib ketgani hisobga olinsa, bu yerdagi baliqchilik korxonalari va sanoati hech qachon ilgarigi holatiga qaytmaydi.

Ammo hozir dengizning Orol shahriga yetib kelishi uchun 17 chaqirim qoldi. Orollik bolalar esa bobolari va buvilari hikoya qilib bergan ertaknamo dengizning haqiqatan ham qaytishini kutishmoqda.

"Kelajakda me‘mor bo‘lmoqchiman" - deydi 15 yashar Aydar.

"Orol qaytsa, bu yerga sayyohlar kela boshlashadi. Men ular uchun mehmonxona va oromgohlar qurmoqchiman".

Aydarning boshqa bir sinfdoshi dengizda suzish orzusini aytadi. "Akalarim ham ish izlab, boshqa shaharlarga ketishgandi, ammo Orol kelarkan, degan xabarlar chiqqach, ular yana qaytishdi".

"Dengiz qaytsa, bizning Orol shaharchamiz ham Ostona va Olma-Ota kabi farovon va boy shaharga aylanadi" - qo‘shib qo‘yadi yosh suhbatdoshimiz.

Qozog‘iston hozir Kichik Orolni yana eski sohillariga qaytarish uchun qattiq harakat qilmoqda.

Hukumat Jahon Banki bilan birgalikda Ko‘korol to‘g‘onini tiklash uchun 85 million dollar mablag‘ ajratdi.

So‘nggi yillar davomida Ko‘korol loyihasining Ikkinchi Bosqichi yuzasidan ko‘plab muzokaralar olib borildi.

Keyingi qadam - to‘g‘onni ko‘tarib, Kichik Orol sathini qo‘shimcha yana 6 metrga oshirish.

Ayni reja amalga oshsa, kelasi 17 yil ichida dengiz Orol shahrigacha yetib keladi.

Ammo joriy yil boshida Sirdaryodan keladigan suv hajmini tutib turish uchun zaruriy choralar masalasi yana o‘rtaga chiqdi.

Chunki har yili yuzaga keladigan suv toshqinlari bois Sirdaryo suvining muayyan qismi isrof bo‘lmoqda. Qozog‘iston toshqinlarni to‘xtatish va suvni asrash uchun Ko‘kterak kabi to‘g‘onlarni tiklamoqda.

Qozog‘iston va O‘zbekiston kabi quyi oqim mamlakatlari uchun yangi to‘g‘onlar muhim. Chunki Qirg‘iziston Sirdaryo o‘zanlari bo‘ylab "Qambarota" kabi gidrostantsiya to‘g‘onlari qurmoqda. Ular yozda suv yig‘ib, pastdagi o‘zbek va qozoq dehqonlarini suvsiz qoldirishi mumkin.

Ammo qishda elektr ishlab chiqarish uchun bu suvlarni chiqarib yuborish kerak bo‘ladi. Suv hajmi ko‘pligidan esa quyi oqimlarda, ya‘ni O‘zbekiston va Qozog‘istonda toshqinlar ro‘y bera boshlaydi.

Orol shahrida esa keksalar gavjum davrlarni, baliq to‘kin paytlarni, ba‘zi baliqlarni esa tekinga ham berib yuborishgan pallalarni eslashadi.

Oroldagi baliq bozori bugun chog‘roqqina nimqorong‘i xonadan iborat. Bu yerda sotiladigan hamma baliq ham arzon emas. Bir kilo zog‘orabaliq 4-5 dollar atrofida. Mahalliy aholi ko‘pincha arzonroq qalqonbaliq sotib olishadi.

Rastada baliq ko‘p bo‘lmasa-da, kun oxirigacha hammasi h

am sotilmaydi.

Agar Kichik Orolni qutqarish loyihasi davom etib, Uchinchi Bosqich boshlansa, unda baliq ko‘payib, baliq bozori ham kengayadi.

Orolning sho‘r suvidagi baliq ta‘miga ko‘nikkan va hatto Kaspiy balig‘ini ham u qadar xushlamaydigan Orol ahli esa balki yana o‘z baliqlariga ko‘proq tuz qo‘sha boshlashadi.

O‘zbekiston: yo‘qolgan sohil

Har kuni o‘lik sahroga tikilib, dengizni kutayotgan odam faqat Xo‘jaboy-ota emas.

Tara Fittsjerald O‘zbekiston tarafidagi Mo‘ynoq shaharchasiga borganida, qum yutayozgan eski bandargoh xarobalari ichidan uzoqdagi zanglagan kemalarga tikilib o‘tirgan boshqa bir otaxonni uchratgan. Otaxon bir paytlar baliqchi bo‘lgan.

O‘zbekistonlik bu otaxonning bolalari bir burda non topish uchun ish izlab, boshqa yurtlarga ketishgan, kampiri esa yaqinda qazo qilibdi. Bir paytlar dengiz sohilida joylashgan ona shahri ham bugun, ta‘bir joiz bo‘lsa, "chalajon".

Otaxonning ko‘zlari shimolga, kamida 400 chaqirimga cho‘zilib ketgan, sanoqsiz kema qoldiqlari sochilib yotgan sahroga qadalgan.

"Men undan nega bunchalik sahrodan ko‘zingizni uzmaysiz, deb so‘radim" - eslaydi Tara - "Shunda otaxon men tarafga o‘girildi-da, qizim, balki astoydil tikilsam, dengiz qaytarmikan, deb aytdi".

Ammo Mo‘ynoq shahriga endi dengiz qaytmaydi. Agar biron sehrli mo‘‘jiza yuz bermasa, O‘zbekistonda endi dengiz bo‘lmaydi.

"Ko‘korol to‘g‘oni Kichik Orolni qaytarishga yordam bermoqda" - deydi Tara Fittsjerald - "Lekin bu to‘g‘on aksar qismi O‘zbekistonda joylashgan Katta Orolga o‘qilgan o‘lim hukmi ham bo‘ldi. Men gaplashgan o‘zbeklar g‘azabnok edilar. Ularning nazarida, bu to‘g‘on shimoldan keladigan yagona manba - Sirdaryo suvini to‘sib, Katta Orolga o‘tkazmay qo‘ygan va shu bois Katta Orolning sharqiy qismi butkul qurib bitgan".

Lekin shuni ham unutmaslik kerakki, mintaqaning eng sersuv daryosi bo‘lmish Amudaryo O‘zbekiston tarafidan hozir Orolgacha yetib bormayapti. Daryo suvi yo‘lda taqsimlanib, paxta, sholi va boshqa ekinlar sug‘orilmoqda.

Suvning bu taxlit ishlatilishini bir tomondan qoralash ham qiyin. Chunki millionlab insonlar hayoti xuddi ana shu daryo suvlariga bog‘liq.

"Agar biz Orol dengizini qutqarmoqchi bo‘lsak, unda butun mintaqa sug‘orma dehqonchilikdan butkul voz kechishi kerak" - deydi Orolni Qutqarish Xalqaro Jamg‘armasi rahbari Medad Ospanov - "Lekin bu imkonsiz-ku!"

Xolis qaralsa, fojeaning og‘ir yuki O‘zbekiston chekiga tushdi: Katta Orol, mintaqadagi eng ko‘p aholi, Sho‘ro saltanati yaratib ketgan ulkan paxta sanoati... Shunga qaramay, ayrim xalqaro mutaxassislar O‘zbekiston hukumati ataydan Orolni qutqarish yo‘lida jiddiy harakat qilmadi, deyishadi.

Tanqidchilarga ko‘ra, bosh sabab - qurigan dengiz tubidan topilgan yer osti boyliklari.

U yerda hozir Rossiya va Koreya shirkatlari ish olib borishayotgani aytiladi.

Lekin o‘zbek va qozoq mutaxassislari fikricha, Sho‘ro Ittifoqi ham, xalqaro hamjamiyat ham Orol fojeasiga o‘z vaqtida yetarli e‘tibor qaratmagan. O‘zbekiston hozir dengizni qutqarish emas, balki u yerda yashayotgan insonlarni, mavjud ekotizimni asrab qolish ishlariga ahamiyat qaratmoqda.

Ekologik fojea oqibatlarini yumshatishning bir yo‘li - dengiz tubida paydo bo‘lgan ulkan sahroda saksovul ekish. Bu daraxt zaharli chang-tuzlarni tutib qolib, odamlarni turli kasalliklardan himoya qilishda yordam berishi mumkin. Ammo ekilgan saksovul ko‘chatlarining aksarisi qurib qolmoqda.

Shuningdek, sahro o‘rtasida qolgan sobiq baliqchilik jamoalarini jonlantirish uchun baliqchilik xo‘jaliklari barpo etish ko‘zda tutiladi.

Orol fojeasining O‘zbekiston tomonidagi oqibatlari aslida ulkan. O‘zbekistonda dengizni qutqarish u yoqda tursin, bor-yo‘g‘i odamlar hayotini biroz izga solish va ekotizimni yaxshilash uchungina bir necha milliard dollar mablag‘ kerak.

1980-yillarga kelib, Sho‘rolar Orol dengizi fojeasini yashira olmay qolishadi. Ayni damda, ular Orolbo‘yi xalqlarini boshqa yerlarga ko‘chirishni ham o‘ylashgan.

To‘g‘ri, bir necha ming oila o‘zga mintaqa va yurtlarda vatan tutdi. Biroq ko‘pchilik zaharlarga to‘yingan, ammo o‘z ajdodlari qo‘yilgan tuproqni tashlab ketmadi.

Bugun Qozog‘iston tarafidagi bir necha ming kishi yana dengiz qaytishini kutmoqda. Lekin qaytayotgan bu dengiz, ta‘bir joiz bo‘lsa, juda kichik dengiz. U - asil dengizning kichikkina qismi, xolos.

Orol dengizining 90% qismi esa endi yo‘q.

Orol dengizining o‘limi - odamzod paydo bo‘lganidan beri Yer sayyorasida sodir bo‘lgan eng ulkan ekologik fojealardan biri.

Bu fojeani esa biz insonlar o‘z qo‘limiz bilan yaratdik.

Loyiha ijodkorlari

Muallif Rustam Qobil

Prodyuser Eliz Uiker

Muharrir Stiven Malvi

Videoprodyuserlar Tomas Hannen Charli Nyuland

Onlayn prodyuser Pol Kerli

Tadqiqotchi Shodiyor Saif

Suratlar BBC Qozog‘iston Davlat Arxivi Tara Fittsjerald