Prezident Obamaga: "Ukrainaga qurol yetkazing"

Image copyright BBC World Service

Bunday da‘vat bilan AQSh Kongressining yuqori martabali vakillari chiqishgan.

Ular prezident Obamani rossiyaparast bo‘lginchilarga qarshi janglarida dastaklash uchun Ukrainaga haqiqiy qurol-yarog‘ yuborishga undashgan.

Kongress spikeri va boshqa qonunshunoslar o‘z istaklarini bir xos maktubda bayon qilishgan.

Ular o‘z maktublarida Rossiyaning Ukrainadagi ishlari "xalqaro qonunlarning qo‘pol ravishda buzilishi", ekanini aytishgan.

Maktub mualliflariga ko‘ra, yaqinda erishilgan otashkesim ham Ukraina sharqidagi isyonchilarning kuch to‘plab olishlariga xizmat qilgan, xolos.

Ukraina va G‘arb Rossiyani bo‘lginchilarga qurol-yarog‘ yetkazib berish, ularni askarlar bilan ta‘minlashda ayblashadi.

Xalqaro ekspertlar ham ikkovlonning bu kabi da‘volariga qo‘shilishadi.

Rasmiy Moskva esa, oylarki, ularning ayblovlarini rad etib keladi.

Boshqa tomondan, Ukraina sharqidagi bo‘lginchilar saflarida jang qilayotgan fuqarolari ko‘ngillilar ekanini ham aytishni unutmaydi.

Donetsk va Luganskdagi nizolar o‘tgan yil aprel oyida, Qrim yarim oroli Rossiyaga qo‘shib olinishidan qisqa vaqt o‘tmay boshlangandi.

Maktub

Image copyright AP

AQSh Kongressining 11 a‘zosi tomonidan imzolangan maktubda aytilishicha, "Rossiyaning Ukrainadagi amallari G‘arbga qarshi chaqiriq va juda katta talofatlar evaziga Ikkinchi Jahon urushi ortidan o‘rnatilgan xalqaro tartiblarga zid bir ishdir".

"Xuddi shu bois ham, sizni Ukrainaning o‘z hududini himoya etish yo‘lidagi sa‘y-harakatlarini dastaklash uchun jadallik bilan qo‘shimcha chora-tadbirlarni ma‘qullash, jumladan, Ukraina harbiylariga buning uchun lozim bo‘lgan qurol-yarog‘larni yuborishga undaymiz", - deyiladi bu maktubda.

Amerikalik qonunshunoslarga ko‘ra, Ukraina hozir bu kabi ko‘maksiz "bo‘lajak tajovuzlarni daf etolmaydi, o‘zini ham himoya qilolmaydi".

Ular o‘z maktublarida Ukraina masalasida "qat‘iylik yetishmasligi", Ovro‘po Ittifoqidan toqatlari toq bo‘lgani, bundan buyog‘iga G‘arb siyosatida prezident Obama yakuniy so‘zni aytishi lozimligini ham bayon qilishgan.

Amerikalik ayrim siyosatchilar ancha vaqtdan buyon prezident Obamani Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazishga undab kelishadi, uni ko‘p ikkilanayotganlikda ayblashadi.

AQSh prezidenti esa, bu kabi tanlovni ko‘z ostida tutayotgani, ammo diplomatiya ish bermagan taqdirdagina, bu ishga borishini aytib keladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02