Uyquning ozi yaxshimi?

Image copyright THINKSTOCK
Image caption Necha soat uyqu foydali?..

Kechaning qanchasini uyqu bilan o‘tkazish foydali? Ko‘plar 8 soat, deyishadi. Ammo, yangi ilmiy tadqiqotlar bunday uyqu keragidan ancha ortiqcha va tanga zarar ekanini ko‘rsatgan.

Uyquning nimasi sog‘liqqa xavf soladi? "To‘yib uxlash" degan narsadan bir yo‘la voz kechish kerakmi?

BBCning "Ko‘pmi yoki Oz" dasturi "8 soatlik uyqu" degan qarash qanchalar haqiqatga yaqin, degan savolga javob izlaydi.

8 soatlik uyqu haddan ortiqmi?

Amerikalik olim Doktor Gregg Yakobs so‘nggi 10 yillik izlanishlari ortidan tunning 8 soatini uyqu bilan o‘tkazish aslida salomatlikka zarar degan xulosaga kelgan.

Olimga ko‘ra, 2 milliondan ortiq inson ustidan qariyb 34 marta olib borgan tadqiqotlari muntazam ravishda uyquning soati va o‘lim o‘rtasida bog‘liqlik borligini ko‘rsatgan.

Doktor Gregg Yakobsga ko‘ra, o‘lim kam uxlaydiganlarga qaraganda ko‘p uxlaydiganlarga ko‘proq xavf solar ekan. Olim me‘yoridagi eng yaxshi uyqu 7 soat ekanini aytadi.

Yanglish ilmiy xulosalar

Yana bir mutaxassis Professor Franco Cappuccio esa, eng bekam-ko‘st uyqu 6-8 soat degan xulosa to‘g‘ri, deya e‘tiroz bildiradi. Unga ko‘ra, uyquning me‘yorini aniq-tiniq belgilab berish muammolidir.

"Biz oddiy usul - odamlardan bir kechada o‘rtacha qancha soat uxlaysiz, deb so‘rash bilan kifoyalanishga odatlanganmiz. Va odamlar ham aslida qancha vaqtlarini uyquda o‘tkazishlarini aniq ayta olmaydilar", deydi u.

Bunday ma‘lumotlarga asoslanish noto‘g‘ri ilmiy xulosaga yetaklaydi.

Britaniya va Amerikadagi odamlarning to‘rtdan uch qismi bir sutkada 6-8 soat uxlashlarini aytishadi. Shunday ekan, Professor Franco Cappuccio bunda hech bir muammo yo‘q, deb hisoblaydi.

Haddan ortiq yoki kam uyquning zarari

Image copyright Thinkstock
Image caption Uyquning haddan ortig‘i ham...zarar

6-8 soatdan ko‘p yoki kam uxlaydiganlar orasida qon bosimi, qandli diabet va yurak qon-tomir kasalliklariga chalinish xavfi ko‘p bo‘lar ekan.

Franco Cappuccio: "8 soatdan ko‘p yoki 6 soatdan kam uxlaydigan bo‘lsangiz, ushbu xastaliklarni orttirish va yo erta o‘lim ehtimoli keskin ortadi", deydi.

Ammo, bu xavf qanchalar katta? Tadqiqotchilar kam uxlaydiganlar orasida o‘lim hollari 6-8 soatlik uyqudan bahramand bo‘ladiganlar orasida 12 foiz ko‘p ekanini aniqlashgan.

Keyin esa, olimlar me‘yordan ko‘p uxlaydiganlar orasida izlanish olib borishgan.

6-8 soatdan ko‘p uxlaganlar orasida o‘lim hollari 30 foiz ko‘p ekan.

Eng yaxshi uyqu yetti soatmi?

Shunday ekan, inson bir kechada qancha uxlashi maqsadga muvofiq bo‘ladi?

Doktor Yakobs miyaning dam olishi uchun taxminan 7 soatlar yetarlidir.

Unga ko‘ra, o‘tkazilgan tadqiqotlar davomida aksar odamlar 7 soatlik uyqudan keyin o‘zlarini yetarlicha dam olgan, quvvatli his qilganlarini bildirishgan, 5 foizgina kishi esa, kun bo‘yi

mudroq bosganidan shikoyat qilgan.

Shuningdek, olimlar toki siz uyqudan rohat olar ekansiz va o‘zingizni yaxshi his qilar ekansiz, unda buning zarari yo‘qligini aytishadi.

Hozirgacha uzoq uyqu insonni ajalidan oldin o‘ldirishiga oid ilmiy isbot yo‘q.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02