Futbol: O‘zbekistonda yilning eng yaxshilari aniqlandi

Image copyright BBC World Service

O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi Anjumanlar zalida bo‘lib o‘tgan rasmiy marosim ortidan, Odil Ahmedov "Yilning eng yaxshi futbolchisi", deb topilgan.

Toshkentning "Paxtakor" klubi ustozi Samvel Babayanga esa, "Yilning eng qoyilmaqom murabbiysi" maqomi nasib etgan.

Image caption Odil Ahmedov uchinchi bor O‘zbekistonda "Yilning eng yaxshi o‘yinchisi", deb topildi

Bu - Odil Ahmedovning o‘z futbolchilik karerasi davomida uchinchi bor ushbu sharafga loyiq, deb topilishi bo‘ladi.

Odil Ahmedov bundan avval 2009 va 2011 yillarda O‘zbekistonda "Yilning eng zo‘r o‘yinchisi" maqomini qo‘lga kiritgan.

Haqli ravishda O‘zbekiston milliy terma jamoasining eng sara o‘yinchilaridan biri sifatida tan olinuvchi futbolchi joriy paytda Rossiyaning "Krasnodar" klubida to‘p suradi.

Samvel Babayan janoblari esa, bu yil bir emas, qo‘shaloq mukofot sohibiga aylangan.

"Yilning eng yaxshi murabbiy"si bo‘lishdan tashqari, "O‘zbekiston chempionatida ham murabbiylar orasida zo‘rlarning zo‘ri", deb topilgan.

O‘zbekistonda 2014 yilning "Eng qoyilmaqom hakami" maqomi esa, besh karra Osiyoning eng zo‘r hakami Ravshan Ermatovga nasib etgan.

Image copyright BBC World Service

Jahonning eng nomdor hakamlaridan biri bo‘lgan Ravshan Ermatov bundan avval ham olti bor ushbu mukofotni qo‘lga kiritgan.

Eslatib o‘tish joiz, Ravshan Ermatov boshchiligidagi hakamlar brigadasi o‘tgan yil Braziliyada bo‘lib o‘tgan jahon birinchiligida o‘ziga xos rekord o‘rnatgan.

So‘nggi ikki birinchilikda ishlagan ja‘mi o‘yinlarining sonini to‘qqiztaga yetkazib, jahon rekordini yangilagan.

"Nasaf" jamoasining ishongan tog‘laridan biri Artur Gevorkyan esa, "O‘zbekiston chempionatining eng yaxshi to‘purari", deb tan olingan.

O‘zbekistonda "Yilning eng yaxshi ayol futbolchisi" maqomi ham Qarshiga, "Sevinch" jamoasining o‘yinchisi Zebo Jo‘rayevaga ketgan.

Image copyright bbc

"Paxtakor" yarim himoyachisi Jamshid Iskanderov esa, "O‘zbekiston chempionatining eng yaxshi futbolchisi", deb topilgan.

Yilning qolgan "Eng yaxshilari" ro‘yxati bilan tanishing:

"Feyr-pley" sovrini - "Olmaliq" klubi

Image copyright BBC World Service

"Yilning eng yaxshi yosh futbolchisi" - Islom Kenjaboyev (Navoiy viloyati)

"O‘zbekistonning eng yaxshi yosh bolalar murabbiyi" - Temur Olimxo‘jayev

"Yilning eng yaxshi futzalchisi" - Artur Yunusov, O‘zbekiston terma jamoasi a‘zosi, klublar o‘rtasidagi Osiyo Chempionati bronza medali sohibi

"Yilning eng yaxshi laynsmeni" - Abduhamidullo Rasulov, FIFA referisi assistenti

Image copyright BBC World Service

Juma kungi tadbirda, shuningdek, O‘zbekiston futbolini rivojlantirish yo‘lida qilgan mehnatlari uchun bir qator futbol faxriylari va arboblari O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi ko‘krak nishoni bilan taqdirlanishgan.

Image copyright BBC World Service

Eslatib o‘tish joiz, O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi Anjumanlar zalida bo‘lib o‘tgan rasmiy tadbir chog‘ida 2014 yilgi futbol mavsumi yakunlari ham muhokama etib olingan.

Unda chiqish qilgan federatsiya prezidenti Mirabror Usmonov "kelishilgan o‘yinlar hamon bor ekanini tan olib, ularga qarshi jiddiy kurashilayotgani, bunday o‘yinlarga aloqadorligi ma‘lum bo‘lgan shaxslar futboldan butunlay chetlatilishini" ma‘lum qilgan.

Shuningdek, janob Usmonov futbol bo‘yicha O‘zbekiston Olimpiya terma jamoalari (ayollar va erkaklar) oldiga 2016 yil Braziliyada bo‘lib o‘tajak Yozgi Olimpiada O‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritish vazifasi qo‘yilganini bildirgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02