Tahlil: "Boko Haram" "Islomiy Davlat"ga bay‘at keltirdi, uyog‘i-chi?

Image copyright REUTERS

Xalqaro harbiy tahlilchilarga ko‘ra, Afrika qit‘asidagi eng jangari bu islomiy guruhning qarori o‘zi qolib, eng avvalo "Islomiy Davlat"ga qo‘l keladi.

Ularga ko‘ra, joriy paytda har tomondan bosim ostida qolgan "Islomiy Davlat" "Boko Haram"ning qarori bilan o‘zining yanada globallashib, bugun qadami Shimoliy Afrikadan tashqariga yetganini ham da‘vo qila oladi.

"To‘g‘ri, "Boko Haram"ning "Islomiy Davlat"ga o‘z sadoqatini rasman bayon qilishi hozir amaliydan ko‘ra, ko‘proq ramziy ma‘no tashiydi. Boshqa tomondan, bu - so‘nggi oylarda G‘arb boshchiligidagi harbiy ittifoqning shiddatli havo hujumlari ostida qolgan "Islomiy Davlat" uchun foydadan xoli bo‘lmaydi. Guruh anchayin qiyin ahvolda qolganiga qaramay, birinchi marta qadami G‘arbiy Afrikaga yetib, faoliyati globallashib borayotganini iddao eta oladi", - deydi Londondan Mudofaa masalalari bo‘yicha xalqaro tahlilchi Pol Rojers.

"Boko Haram" qanday guruh?

Aholisining soni bo‘yicha Afrikaning eng yirik mamlakati Nigeriyada "Boko Haram" qurolli guruhi hukumatni ag‘darib, Islomiy davlat qurishni o‘ziga maqsad qilgan.

Suiqasd va bomba hujumlari bilan Nigeriyada notinchlik uyg‘otib kelgan ushbu guruh yaqin paytlardan beri odam o‘g‘irlash yo‘liga o‘tgan.

Uning tarafdorlari Qur‘oni Karimning "Moida" surasi 44-oyatidan ilhomlanishlari ham aytiladi.

"Kimda-kim Alloh nozil qilgan Din bilan hukm qilmas ekan, bas, ular kofirlardir", deb keltiradi ular.

"Boko Haram" G‘arbga bog‘liq har qanday siyosiy yoki ijtimoiy faoliyatni musulmonlarga "harom" deb biladi.

Man etilgan faoliyatlar jumlasiga saylovlarda ovoz berish va dunyoviy ta‘lim olish kiradi.

BBC Hausa xizmati muharriri Mansur Liman tahlili: "Boko Haram" Nigeriyada Shariat qonunlarini ta‘sis etishni istaydi. Ushbu ektremist guruh o‘z maqsadiga kuch bilan erishishiga ishonadi. Ular Nigeriya hukumatiga qarshi qurolli kurash yo‘lini tanlashgan. Ular, shuningdek, Nigeriya xalqiga qarshi ham urush ochganlar. Chunki "Boko Haram" Nigeriya aholisini hukumat bilan bir safda deb biladi. Hausa tilidan tarjima qilinganda "Boko Haram" - "G‘arb maorifi haromdir", degan ma‘noni bildiradi. Shuning uchun ham, guruh Nigeriyada ko‘plab maktablarni vayron qilgan, katta sondagi o‘quvchilarni o‘ldirgan. Yaqinda 200 dan ortiq o‘quvchi qizlarni yakuniy imtihonlarga tayyorgarlik ko‘rayotgan paytlarida maktabdan o‘g‘irlab ketgan".

Image copyright AFP

O‘tgan bir necha oyning o‘zida Iroq va Suriyadagi kattagina hududlarni bosib olib, o‘z islomiy xalifaligiga asos solgan "Islomiy Davlat" esa, joriy paytda barcha jangari guruhlar orasidan "eng boyi" va qudratlisi sifatida e‘tirof etilmoqda.

Hozir bu mutaassib jihodiy guruh a‘zolarining soni 30 mingdan ortishi va ular saflarida dunyoning deyarli har burchagidan jang qilish uchun kelayotgan insonlarning borliklari aytiladi.

Xuddi shu o‘rinda eslatib o‘tish joiz, maqsadi - Nigeriyada islomiy davlat barpo etish bo‘lgan "Boko Haram" hozir har tomonlama dunyodagi eng qudratli jangari guruh sifatida e‘tirof etiluvchi "Islomiy Davlat"ga bay‘at keltirgan birinchi isyonchi guruh emas.

Ya‘ni...

Bundan avval Shimoliy Afrika, Janubiy Osiyo va Markaziy Osiyodagi qator jangari guruhlar ham "Islomiy Davlat"ga o‘z sadoqatlarini oshkora va rasman bayon qilib ulgurishgan.

Bu kabi guruhlar orasida O‘zbekiston Islomiy Harakati ham bor.

Bunday bayonot bilan o‘tgan yil oxirlarida harakat rahbari Mujohid Usmon G‘oziy chiqqan va "barcha harakat a‘zolari nomidan o‘zlarining Islomiy Xalifat bilan bir safda ekani"ni e‘lon qilgandi.

O‘zbekiston Islomiy Harakati rahbari buning sababini, "Islom va kufr o‘rtasida davom etib kelayotgan bu mujodalada o‘zlarining iymoniy majburiyatlari ekani" bilan izohlagandi.

Ularning bu kabi qarori ortidan, mintaqadagi eng yaqin ittifoqchilari sanalgan Pokiston va Afg‘oniston Tolibon harakatining qator yuqori martabali qo‘mondonlari ham o‘z amirul mo‘mininlari Mulla Muhammad Umardan voz kechib, "Islomiy Davlat" guruhi rahbari va islomiy xalifati xalifi Abu Bakr al-Bag‘dodiyga bay‘at keltirishgandi.

Image copyright

Eslatib o‘tish joiz, bularning barchasi ortidan, "Islomiy Davlat" Pokistonda o‘zining mintaqadagi yangi tarmog‘iga ham asos solgan va hali o‘shandayoq xalifaligi birgina Yaqin Sharq sarhadlari bilan chegaralanmasligiga ishora qilgandi.

Xuddi shu o‘rinda, "Islomiy Davlat" guruhi va xalifi Abu Bakr al-Bag‘dodiyga bay‘at keltirib bo‘lgan va keltirayotgan jangari guruhlardan aksariyatining asosiy maqsadi esa, o‘z davlatlarida islomiy davlat qurish bo‘lganini ham alohida ta‘kidlash joiz.

"Islomiy Davlat" guruhi esa, global miqyosda o‘zini Islom dinining asosiy himoyachisi sifatida taqdim etishga urinib keladi va xalqaro harbiy tahlilchilarga ko‘ra, "Boko Haram"ning so‘nggi qarori ular targ‘ibotining yana bir muvaffaqiyatiga dalolat qiladi.

Chunki "Islomiy Davlat"ning joriy paytda Shimoliy Afrika va Arab yarim orolidagi boshqa jangari guruhlar bilan ham aloqaga ega ekani ishoniladi.

Chunki o‘tgan yil nobyar oyida Misr, Liviya, Jazoir, Yaman va Saudiya Arabistonidagi qator jihodchilar ham Abu Bakr al-Bag‘dodiyga bay‘at keltirishgan.

Ammo, xalqaro harbiy tahlilchilarning birdek e‘tirof etishlaricha, "Islomiy Davlat" guruhi, hozircha, ular bilan o‘z jangari faoliyatini to‘liq muvofiqlashtirishga ulgurganicha yo‘q.

"Boko Haram"

Image copyright AFP

Xalqaro tahlilchilarning aytishlaricha, Afrika qit‘asidagi yirik isyonchi guruhlardan bittasi ekani nazarda tutilsa, "Boko Haram"ning so‘nggi bayonoti muhim ahamiyat kasb etadi.

"Boko Haram" katta va juda jangari guruh ekaniga qaramay, o‘zining o‘zak tashkilotidan farqli tarzda, shu paytgacha global miqyosda faoliyat olib borishga qiziqish bildirmay kelayotgandi. Shu bois ham, "Boko Haram"ning "Islomiy Davlat"ga bay‘at keltirish qarori guruhning bundan buyog‘iga faqat Nigeriya shimoli bilan cheklanib qolish niyati yo‘qligi, global johid jabhasiga qo‘shilish niyatida ekaniga dalolat qiladi", - deydi, jumladan, tahlilchi Pol Rojers.

Ammo, ta‘kidlash joiz, guruh rahbari nomidan ekani ishonilgan va o‘tgan shanba kuni "Twitter"da e‘lon qilingan bayonotning asl yoki yo‘q ekani, hozircha, to‘liq o‘z tasdig‘ini topmagan. "Boko Haram" Nigeriya shimolida islomiy xalifat o‘rnatish g‘oyasi bilan 2009 yilda o‘rtaga chiqqan.

Guruh 2002 yilda asos solingan "Jamaatu ahli Sunna Liddaavati val-Jihod" tashkiloti negizida paydo bo‘lgan.

"Boko Haram" rahbari

Abubakir Shekau olti yildan buyon Nigeriya shimoli-sharqida o‘z qonli hujumlarini uyushtirib kelayotgan ushbu jihodiy guruh rahbaridir.

U Nigeriya hukumati tomonidan qidiruvga berilgan,ismi AQSh tomonidan "terrorchilar" ro‘yxatiga ham kiritilgan.

Nigeriyalik ekspert Abdullahi Tasiu Ababakir fikricha, "Boko Haram" rahbari qo‘rqmas so‘qqabosh, murakkab va mantiqqa mos kelmaydigan, bir tomondan chalasavod diniy va‘zgo‘y, boshqa tomondan, qaroqchi shaxs. U rahbarlikka erishgach, "Boko Haram" yanada radikallashib, qonli qirg‘inlarni amalga oshirgan.

Tarafdorlari tomonidan imom deb qaralgan Abubakar Muhammad Shekau Nigeriyaning Yobe shimoliy-sharqiy viloyatida Shekau qishlog‘ida tug‘ilgan.

Ba‘zilar uning yoshi o‘ttizda, boshqalari qirqdan oshgan deb aytishadi.

Shekau haqida aniq ma‘lumotlarning yo‘qligi ham uning mavhumligiga uydirma afsonalarni qo‘shib turadi.

AQSh hukumati uning qayerda ekanligi borasida ma‘lumot bergan shaxsga 7 million dollar mukofot puli va‘da qilgan.

Image copyright AFP

Bugungi kunda "Boko Haram" a‘zolarining soni bir necha yuzdan 10.000 tagacha ekani taxmin etiladi.

Guruhning o‘shandan buyon olib borayotgan harbiy amaliyotlari allaqachon Nigeriyaning hududiy yaxlitligiga rahna solgan va insoniy bo‘hronga ham sabab bo‘lgan.

"Boko Haram" sabab, yuzaga kelgan qurolli nizolar, hozirga kelib, Nigeriya sarhadlari qolib, unga qo‘shni davlatlarga ham yoyilgan.

Guruh shu paytgacha minglab odamlarning umrlariga zomin bo‘lgan, o‘quvchi qizlar doxil yuzlab insonlarga olib qochishga ham ulgurgan.

Nigeriyaga qo‘shni davlatlarga ham hujum qilishning uddasidan chiqqan.

"Boko Haram" orada Nigeriya shimoli-sharqidagi qator shaharlarni ham bosib olishga muvaffaq bo‘lgan.

"Islomiy Davlat"ning jozibasi

Image copyright AP

Xuddi shu manzarada ham xalqaro va ham mintaqaviy tahlilchilar jihodchi guruhlarning bu kabi ustma-ust bayonotlari sababini eng avvalo "Islomiy Davlat" guruhi so‘nggi yillarda erishayotgan yutuqlar bilan bog‘lashadi.

Ularga ko‘ra, joriy paytda "Islomiy Davlat" Yaqin Sharqda erishayotgan muvaffaqiyatlar, allaqachon qo‘l ostida bo‘lgan juda katta hudud, global islomiy xalifat qurish g‘oyasi va ega bo‘lgan ulkan moliyaviy resurslari qolgan jihodchilarni o‘ziga jalb etuvchi eng muhim omillar bo‘lib xizmat qolmoqda.

Boshqa tomondan, tahlilchilarga ko‘ra, AQSh boshchiligidagi harbiy ittifoq tomonidan "Islomiy Davlat"ga qarshi ochilgan urush ham dunyoning turli burchagidagi islomiy jangari guruhlar e‘tiborini o‘ziga jalb etmay qolmagan.

Ya‘ni, ularning ta‘kidlashlaricha, hozir bu kabi guruhlar global islomiy davlat qurish va G‘arbga qarama-qarshi turish mafkurasi atrofida birlashishmoqda.

Tahlilchilarga ko‘ra, xuddi shu sababdan ham, jihodchilar o‘z oldlariga ana shu jabhaga qo‘shilib, G‘arbga qarshi kurashish kabi vazifani qo‘yayotgan bo‘lishlari mumkin.

Suhbatdoshimizning aytishicha, bundan keyin ham butun dunyodan jihodchilarning Iroqqa yig‘ilish tendentsiyasi borgan sari kuchayib boradi va yaqin yillar ichida asosiy jihod ham ana shu Iroq bo‘ladi.

Amerikalik yuqori martabali harbiy mulozimlar esa, yaqinda "shu paytgacha Islomiy Davlat" kabi "mukammal va yaxshi moliyalangan guruhga guvoh bo‘lmaganliklari"ni e‘tirof etishgandi.

Xuddi shu manzarada ta‘kidlash joiz, "Boko Haram" ham Nigeriya shimolida g‘arbona hayot tarziga butkul chek qo‘yib, butkul shariatni joriy etishni maqsad qilgan.

"Al-Qoida"ga nima bo‘ladi?

Image copyright AFP

Eslatib o‘tish joiz, "Boko Haram" shu paytgacha global islomiy davlat barpo qurish istagida bo‘lgan "al-Qoida" tarmog‘iga aloqadorlikda gumon etib kelingan.

Boshqa tomondan, shu paytgacha "Islomiy Davlat"ga o‘z sadoqatlarini bayon etib ulgurgan eng yirik islomiy jangari guruhlarning aksariyati yaqin-yaqingacha "al-Qoida" tarmog‘ining yaqin ittifoqchilari ham sanalishgan.

Eslatib o‘tish joiz, "Islomiy Davlat" guruhining o‘zi ham 2000 yillar boshlarida aynan "al-Qoida"ning Iroqdagi bir tarmog‘i sifatida paydo bo‘lgan.

Tahlilchilar esa, "Al-Qoida" tarmog‘i hamon dunyodagi jihodiy guruhlar orasida o‘zini yo‘lboshlovchi sanashi bois, o‘rnimni egallaydi, degan xavotirda "Islomiy Davlat"ga juda shubha bilan qaraydi.

Uning gullab-yashnashi yo‘lida har qanday qo‘llovdan o‘zini tiyishini ta‘kidlaydi.

Ustiga ustak, tahlilchilar global jihod da‘vosidagi bu ikki guruh orasida qator masalalar yuzasidan jiddiygina kelishmovchiliklar borligiga diqqat qaratishadi.

Ularga ko‘ra, "al-Qoida" "Islomiy Davlat"ning milliy va diniy ozchiliklarga ham qaratilgan shafqatsiz jang olib borish uslubidan tortib, xaliflikka tanlagan nomzodigacha yoqlamaydi.

Ammo, shunga qaramay, "al-Qoida" shu paytgacha yaqin ittifoqchilaridan birortasining "Islomiy Davlat"ga bay‘at keltirish qaroriga biror bir rasmiy va oshkora munosabat bildirmagan.

Image caption Londondan Mudofaa masalalari bo‘yicha xalqaro tahlilchi Pol Rojers

Eslatib o‘tish joiz, orada tarmoq rahbarining Suriya va Iroqda jang qilayotgan barcha jangari guruhlarga murojaat bilan chiqib, ularni birlashishga da‘vat qilgani ham bor gap.

Halqaro harbiy tahlilchilarga ko‘ra, qat‘iy tarmoq safida ekanini rasman bayon qilmagan bo‘lsa ham, "Boko Haram"ning so‘nggi qarori "al-Qoida" tarmog‘ini anchayin qiyin ahvolda qoldiradi.

Tahlilchilar, xuddi shu o‘rinda, G‘arb boshchiligidagi ittifoq qo‘shinlarining Afg‘onistonda olib borgan 14 yillik harbiy amaliyotlari va amerikaliklarning dron hujumlari sabab, shundoq ham "al-Qoida" tarmog‘ining avvalgi turishidan asar ham qolmaganiga diqqat qaratishadi. Tarmoqning hozirgi rahbariyati ham, yillarki, yashirincha faoliyat olib borishga majbur.

Ustiga ustak, tarmoqning Arab yarim orolidagi mavqe‘lari ham AQSh kuchlari tomonidan hujumga tutib kelinadi.

Tahlilchilar, hozirga kelib, "al-Qoida"ning g‘oya o‘laroq tirik ekani, ammo bugun faoliyatda bo‘lgan aksariyat islomiy jangari guruhlarning ham "Islomiy Davlat"ni afzal bilishayotgani – tarmoq g‘oyasining ijrosida ham Yaqin Sharqdagi bu guruh ustunlik qilayotganiga dalolat qilishini ta‘kidlashadi.

"Al-Qoida" hozir o‘ziga boshqa bir guruhlar bay‘at keltirishayotganini aytib, bayonotlar yoki turli iddaolar bilan chiqishi mumkin. Ammo, amalda, "al-Qoida" yaxlit bir tarmoq sifatida parokandalikka yuz tutmoqda va o‘ziga sodiq guruhlarning "Islomiy Davlat" saflariga o‘tib ketishayotgani qarshisida qo‘lidan ko‘p ish kelmaydi, menimcha", - deydi Londondan xalqaro harbiy tahlilchi Pol Rojers.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02