Ramzan Qodirov Nemtsov qotilligida gumondorni maqtagan

Image copyright EPA

Moskvadagi mahkama taniqli rossiyalik muxolif siyosatchi Boris Nemtsovni o‘ldirishda gumon qilinib ushlangan ikki shaxsga qotillik ayblovini ilgari surgan.

Ular chechen millatiga mansub Zaur Dadayev va Anzor Gubashevlar.

Moskva shahridagi Basmanniy mahkamasi yana uch kishini qotillikda aloqador deb ko‘rmoqda.

Mahkama hakamiga ko‘ra, Zaur Dadayev qotillikka iqror bo‘lgan.

"Dadayevning aybi uning iqrorlik ko‘rsatmasi bilan tasdiqlandi", deya hakam so‘zlaridan iqtibos keltiradi Rossiya ommaviy axborot vositalari.

Rossiya huquq-tartibot organlari xabar qilishicha, Boris Nemtsovni o‘ldirishda jami olti kishi gumonlangan.

Oltinchi shaxsni politsiya Checheniston poytaxti Grozniy shahrida qo‘lga olishga harakat qilgan payti politsiyachilarga granata uloqtirgani va so‘ng yana bir granata bilan o‘zini-o‘zi portlatgani xabar qilingan.

Qo‘lga olingan to‘rt shaxs qotillikda aybdorliklarini rad etganlar.

Zaur Dadayevning Chechenistondagi politsiya maxsus xizmatida batalon boshlig‘i bo‘lgani xabar qilingan.

Instargram ijtimoiy tarmog‘ida Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Zaur Dadayevni taqvodor musulmon deb maqtagan, Zaur Dadayevni Charlie Hebdo frantsuz hajviy jurnalida Muhammad Payg‘ambar(SAV) karikatura qilingani larzaga solgan, deb yozgan. Ramzan Qodirovga ko‘ra, Zaur Dadayev "Rossiyaning haqiqiy vatanparvari" va u Ichki ishlarda xizmat qilgan payti "eng jasur va mard harbiy xizmatchilardan biri" bo‘lgan.

"Ommaviy axborot vositalari xabar qilishicha, Zaur mahkamada Boris Nemtsov qotilligiga aloqadorligini tasdiqlagan. Zaurni biladigan hamma uning qattiq taqvodor kishi ekanini tasdiqlaydilar. Shuningdek, u barcha musulmonlar singari Sharli harakatlari va karikaturalarni qayta nashr qilish haqidagi sharhlardan larzaga tushgandi... Har qanday holatda ham agar mahkama Dadayevning aybini tasdiqlasa, u insonni o‘ldirib og‘ir jinoyat sodir etgan", deb yozgan Checheniston rahbari Ramzan Qodirov.

Boris Nemtsov safdoshlari qotillik ijrochilari bilan birga qotillik buyurtmachilarini ham topish lozimligini ta‘kidlaganlar.

Boris Nemtsov 27 fevraldan 28 fevralga o‘tar kechasi Kremlga yaqin ko‘prikda orqasidan to‘pponchadan otilgan to‘rt o‘q bilan o‘ldirilgan edi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02