Britaniya: Rossiya Ukrainaga hali ham tahdid solmoqda

Image copyright PA

Rossiya Ukrainaga nisbatan siyosatini o‘zgartirganiga hech qanday ishora yo‘q. Bunday bayonotni Britaniya Tashqi ishlar vaziri Filip Hammond BBC bilan suhbat chog‘ida qildi.

Britan tashqi ishlar vaziri Minskda erishilgan tinchlik kelishuvi ortidan Ukraina sharqidagi zo‘ravonlik darajasi susayganini tan oldi.

"Yangi kelishuv imzolanishi ortidan zo‘ravonlik kamaydi, lekin men janob Putinning strategik maqsadlarida hech qanday o‘zgarishni ko‘rmayapman. Savol shuki, u o‘z maqsadlariga erishish yo‘lida qanday usullarni qo‘llaydi", - dedi Hammond.

Uning aytishicha, Vladimir Putinning Ukraina borasidagi mavqeida hech nima o‘zgarmasa, Britaniya va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar "tikanli" bo‘lib qolaveradi.

Hammond fikrida, Moskva G‘arb bilan sheriklik emas, balki strategik raqiblik yo‘lini tanlagan.

U, shuningdek, Ukrainada vaziyat yomonlashadigan bo‘lsa, Rossiyaga qarshi qo‘shimcha jazo choralari kiritilishi mumkinligini bildirdi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02