O‘zbekiston televideniyesiga qarshi shikoyat arizasi qondirilmadi

Mustaqil Inson huquqlarini himoya qilish tashabbus guruhi xabar qilishicha, 9 mart kuni fuqarolar ishi bo‘yicha Shayhontohur tumanlararo mahkamasida Nasiba Ilhomovaning O‘zbekiston telekanaliga nisbatan "bo‘hton va tahqirlash" hamda 2014 yil 11 dekabrda namoyish etilgan "Xiyonat" filmining noqonuniy efirga uzatilishi bo‘yicha topshirgan shikoyat arizasi ko‘rib chiqilgan.

Arizada keltirilishicha, film efirga berilganda Toshkent viloyat mahkamasida Norvegiyada mehnat muhojirligida bo‘lib qaytgan va so‘ngra mahkama tomonidan 12-13 yilga ozodlikdan mahrum qilingan olti fuqaro ustidan diniy ekstremizm ayblovi bo‘yicha mahkama jarayonlari nihoyasiga yetmagan bo‘lgan.

"Xiyonat" filmida Nasiba Ilhomovaning o‘g‘li Shuhrat Ilhomov va sheriklari jinoyat kodeksining 120 moddasi-besoqolbozlikda ayblangan. Biroq mahkama jarayonida ham, hukm xulosasida ham bu ayblov to‘g‘risida so‘z bormagan.

Da‘vogarning shikoyat arizasida aytilishicha, O‘zbekiston televideniyesi hukm e‘lon qilinmasdan turib olti sudlanuvchini diniy ekstremizm va bachabozlikda ayblab, ommaviy axborot vositalari haqidagi qonunni qo‘pol ravishda buzgan.

Lekin na ayblov xulosasida, na mahkama jarayonida bu modda bo‘yicha ayblov ko‘rilmagan, deydi Nasiba Ilhomova.

Biroq shikoyat arizasi bilan mahkamaga faqat bir mahkumning oilasi murojaat qilgan. Boshqa oila a‘zolari adolatli hukm chiqarilishiga ishonmaganlari bois, buni lozim ko‘rmaganlar.

Shikoyat arizasida Ilhomovlar oilasining sha‘ni va qadr-qimmatini haqoratlab, yetkazgan ma‘naviy zarari uchun O‘zbekiston telekanalini 5 million so‘m (1200 dollar) jarimaga tortish so‘ralgan.

Ilhomovaning mahkamada aytishicha, "Xiyonat" filmini tayyorlaganlar va tergovchilar filmni suratga olish oldidan Shuhrat Ilhomov va yana besh sudlanuvchini tahdid va qiynoqlarga duchor qilganlar.

Hujjatli filmda har bir ayblanuvchi hali surishtiruv ishlari ketayotgan paytda jinoyat kodeksining 120 bandi "besoqolbozlik"bo‘yicha iqrornomalar berganlari aytiladi.

Sudlanuvchilar esa videokamera qarshisida ko‘rsatma bermaganlari, videolavhalar yashirin kamera orqali suratga olinib, montaj qilinganini bildirganlar.

Sud- tibbiy ekspertiza ham sudlanuvchilarga nisbatan 120 band bo‘yicha ayblov isbotini topmaganini tasdiqlagan.

Biroq mahkama da‘vogarning arizasida keltirilgan ushbu talablarni qondirmagan.

Mahkamada qatnashgan O‘zbekiston televideniyesi vakili shikoyat arizasini rad qilishni so‘ragan, biroq rad qilish uchun dalil va isbotlarni keltirmagan. U shuningdek, film O‘zbekiston Respublikasi IIV buyurtmasi asosida suratga olinganini ta‘kidlagan.

Mahkama 40 daqiqa davom etgan. Mahkamada AQSh elchixonasi, Ovro‘po Ittifoqi, OHHT vakillari va Interfaks, "Novosti O‘zbekistana" muxbirlari hamda huquq faollari ishtirok etishgan.

15 daqiqalik tanaffusdan so‘ng hakam Dilbar Mavlonova da‘vogarning arizasi qondirilmagani, bu bo‘yicha shikoyat arizasi 20 kun ichida topshirish mumkinligini ma‘lum qilgan.

"Xiyonat" filmida bachabozlik ayblovi

O‘zbekiston davlat televideniyesi orqali namoyish qilingan "Xiyonat" nomli dasturda Ovro‘poda go‘yoki jihodchilar saflariga qo‘shilayotgan o‘zbeklar besoqolbozlikda ayblangan.

Birinchi kanal orqali ko‘rsatilgan dastur Norvegiyaga safar qilib qaytgan olti o‘zbekistonlikning Ovro‘poda diniy ekstremistlar ta‘siri ostiga tushib qolganlarini da‘vo qilgan.

"O‘zlarini Islomiy e‘tiqodda deb bilgan bu shaxslarning diniy ekstremistik guruhdagi rahnamolari fatvosi bilan Islom dinida o‘ta og‘ir gunoh sanalgan besoqolbozlik bilan shug‘ullanib kelganligiga nima deysiz?" - deya savol beradi boshlovchi.

Ko‘rsatuvda o‘zbek televizion "tergov"iga oid an‘anaviy tarzda olti o‘zbekistonlik ko‘rsatma beradi. Ulardan biri Asadulla Xayrullayevich Rizqiyev Norvegiyaga kelganida uni notanish odamlar kutib olib, qochqin maqomini olish uchun yolg‘on gaplarni aytishni tavsiya qilganlari haqida so‘zlaydi.

U bir yildan oshiqki besoqolboz aloqada bo‘lib kelgani va jihodchi guruh tarkibida bo‘lganini ham aytadi.

Shuhrat Qodirovich Ilhomov deya tanishtirilgan yana bir shaxs ham bir vaqtning o‘zida jihod va besoqolbozlik bilan shug‘ullanishini aytadi.

Ko‘rsatuv "ekspertlari" o‘zbekistonliklar o‘z vatanlarida jinoyat sanalagan besoqolbozlikni ro‘kach qilib, Ovro‘poda boshpana olayotganlarini bildiradi.

Ko‘rsatuv uyushtiruvchilari nima uchun jihodga ishongan shaxslar Islomda gunoh deb sanalgan hamjins aloqalarga kirganlarini izohlamaydi va bu ayblovlarni dastaklovchi dalil-isbotni keltirmaydi.

Ko‘rsatuvni tomosha qilganda, agar bu yigitlar haqiqatdan ham hamjins bo‘lsalar, besoqolbozlik yo‘l ochib berilgan Ovro‘poda nega yangi huquqlaridan bahra olmay, jihodga qo‘shildilar degan savol ham tug‘iladi.

Islomiy Davlat saflariga qo‘shilayotgan o‘zbeklar muammosi hozirda mavjud, lekin ularga bu kabi "tamg‘a" berib qoralash harakati avval kuzatilmagan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02