Ukraina prezidenti: isyonchilar og‘ir qurollarini olib chiqqanlar

Image copyright BBC World Service

Ukraina Prezidenti Pyotr Poroshenko aytishicha, mamlakat sharqidagi rossiyaparast isyonchilar og‘ir qurollarining muhim qismini jabha chizig‘idan olib chiqib ketganlar.

Televideniyega gapirgan janob Poroshenko so‘zlariga ko‘ra, Ukraina hukumat kuchlari ham o‘zlarining raketa va og‘ir artilleriya tizimlarining aksar qismini olib chiqqanlar.

Fevral oyidagi otashkesim kelishuviga binoan ikki tomon ham mart oyining boshida front chizig‘idan og‘ir qurollarini olib ketishlari lozim edi.

To‘qnashuvlar yuz berib turganiga qaramasdan, aftidan otashkesimga rioya qilinayapti.

Ikki tomon ham dushman tarafni o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini buzishda yoki qo‘shinlarini bir joydan ikkinchi joyga to‘plashda ayblab kelmoqda.

Ukraina sharqidagi Donetsk va Lugansk hududlarida o‘tgan yilning aprelida boshlanib ketgan qurolli to‘qnashuvlar oqibatida kamida 6000 inson halok bo‘lgan va bir milliondan ziyod aholi o‘zlarining yashab turgan joylarini tashlab qochishga majbur bo‘lganlar.

Bir yil oldingi hodisalardan buyon ilk bor Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina tarkibidagi Qrim yarim orolini Rossiyaga anneksiya qilish buyrug‘ini Qrim referendumidan ilgari berganini tan olgan.

Qrimda referendum 18 mart o‘tkazilgani xabar qilingan, unda aholi hududning Rossiyaga tarkibiga qo‘shib olinishini ma‘qullab ovoz bergani e‘lon qilingan.

Rossiya Qrimni anneksiya qilgani xalqaro miqyosda qoralanib keladi.

Televideniyega gapirgan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin "Qrimni qaytarish"ga 22 fevral tunida ertalabgacha davom etgan majlisda buyruq berganini aytgan.

Bu majlisga Ukrainaning rossiyaparast prezidenti Viktor Yanukovichning hokimiyatdan ag‘darilgani sabab bo‘lgan edi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer