"Britaniya: bolalarga jinsiy tarbiyani 11 yoshdan o‘rgating!"

Image copyright Thinkstock
Image caption Faollar fikricha, jinsiy saboq o‘spirinlarni g‘am-anduhdan qutqaradi

Britaniya hukumati maktab o‘quvchilariga jinsiy aloqaga rozilik berish mavzusi ham qamrab olingan saboqlarni 11 yoshdan boshlashga bag‘ishlangan yo‘riqnomani ishlab chiqqan. Bunga parlamentning yangi hisoboti turtki bergan, bu hisobotda jinsiy tarbiya saboqlari barcha o‘quvchilar uchun majburiy bo‘lmog‘i lozim degan xulosaga kelingan. BBCning oila va jamiyat masalalari bo‘yicha muxbiri Jon Makmanus erta jinsiy tarbiyani targ‘ib qilayotganlar bu yo‘llar bilan nimaga erishmoqchilar, degan savolga javob topishga uringan.

Jinsiy mavzu hech qachon Britaniya jamiyatida bugungi kundagidek keng tarqalmagan edi.

Televizorga qarasangiz ham seks, reklamada ham jinsiy targ‘ibot, jinsiy mavzuni hatto maktabda ham ko‘rasiz.

Pornografiya mamlakatda taqiqlanganiga qaramasdan, uni Internetdan oson topasiz.

Jamiyat jinsiy mavzuga "botib ketgani"nining bir ko‘rsatkichi o‘spirinlar o‘rtasidagi homiladorlik bo‘lishi mumkin.

Mamlakatda homilador bo‘lib qolgan o‘smir qizlarning soni borgan sayin kamayib borayapti va 1969 yildan buyon eng quyi raqamga tushgan. Biroq so‘nggi tadqiqotlar Britaniya o‘spirinlar homiladorligi yuqoriligi bo‘yicha Ovro‘po Ittifoqida to‘rtinchi o‘rinni egallashini namoyish etgan.

Image caption O‘spirin qizlar homiladorligi bo‘yicha Britaniya Ovro‘po Ittifoqida to‘rtinchi o‘rinni egallaydi

Vaziyat yaxshilanayotgani ko‘rsatkichlari, bolalar xayriya tashkilotlarining fikricha, hukumatning jinsiy tarbiya borasida amalga oshirayotgan sa‘y-harakatlarining natijasidir.

Xatarli vaziyatlar

Britaniya hukumati o‘zini bu yo‘nalishda yanada ko‘proq ishlarni bajarishi lozim deb hisoblaydi.

Maorif vaziri Nikki Morgan so‘zlariga ko‘ra, so‘z jinsiy aloqa haqida borganida bolalar ulkan bosim ostida qoladilar va ular chindan ham xatarli vaziyatga tushib qolgan paytlarida ularga ko‘mak zarur.

"Biz shunga erishmog‘imiz lozimki, bizning qizlarimiz olayotgan saboq, nafaqat ularning ma‘rifiy imkoniyatlarini oshirsin, balki ularning zamonaviy Britaniya hayotiga ham tayyorlasin", deb yozgan vazir xonim ro‘znomalardan birida e‘lon qilingan maqolasida.

Bu degani, mamlakatda jinsiy aloqaga kirishga qonunchilikda 16 yosh nazarda tutilganiga qaramasdan, bolalarga maktabda jinsiy aloqa, shu jumladan, jinsiy aloqaga qanday qilib to‘g‘ri rozi bo‘lishni ham o‘rgatishni ham anglatadi.

Bu yerda rasmiylar jilovlashni xohlayotgan ikki xil vaziyat haqida gap bormoqda.

Image copyright Getty Images
Image caption Nikki Morgan fikricha, jinsiy tarbiya darslari qizlarni zamonaviy hayotga tayyorlaydi

Birinchisi, o‘rtadagi munosabatlari juda ham yaqinlashib ketib qolgan ikki tengdoshdan biri yoki ikkovi ham jismoniy yaqinlikni juda ham xohlab qoladigan oddiy romantik holatlarda o‘smirlar o‘zlarini qanday tutishlari lozimligiga o‘rgatish maqsadi ko‘zlanmoqda.

Ikkinchisi esa yanada xatarli vaziyat deb ko‘riladi.

Bu jinsiy ermak yoki jinsiy tahqir shaklidir.

Personal, Social, Health and Economic Education Association(PSHE) - Britaniyadagi shaxsiy, ijtimoiy, salomatlik va iqtisodiy ta‘lim sohalariga ixtisoslashgan xayriya tashkiloti va bu tashkilot maktablar uchun yangi yo‘riqnomani ishlab chiqishda ishtirok etgan.

Ushbu birlashma faollarining fikricha, Britaniyadagi so‘nggi jinsiy zo‘rlashlar haqidagi ovozali janjallar bolalarga o‘zlarini qanday qilib bunday seksual hujumlardan muhofaza qilishga o‘rgatish muhim ekanini ko‘rsatgan.

Ijtimoiy muhofaza qilinmagan aholi qatlami vakillari hisoblangan qizlar katta erkaklar tomonidan muntazam jinsiy tahqirlanganlari haqidagi eng so‘nggi janjallar shuni ko‘rsatdiki, ko‘pincha qizlar jinsiy ekspluatatsiya qurbonlariga aylanayotganlarini anglamaganlar.

Image copyright PA
Image caption Ko‘pincha o‘smir qizlar shaxsiy munosabatlarda nima mumkinu-nima mumkin emasligi chegarasini tushunmasliklari ayon bo‘lgan

Har doim deyarli bir xil holat takrorlangan - boshida o‘spirin qizga g‘amxo‘rlik ko‘rsatilgan, sovg‘alar hadya qilingan va bu qizlar bu erkaklarni o‘zlarining xushtori deb hisoblay boshlaganlar. So‘ng ular jinsiy aloqaga majburlanganlar.

Parlament a‘zolari o‘rgangan boshqa bir holatda ko‘pincha o‘smir qizlar shaxsiy munosabatlarda nima mumkinu-nima mumkin emasligi chegarasini tushunmasliklari ayon bo‘lgan.

O‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, har besh qizdan ikkitasi, yigiti undan qayerdaligi haqida muntazam hisobot talab qilib turishga haqli, deb hisoblar ekan.

Har beshtadan bittasi esa yigiti qaysi ko‘ylakni kiyish, qaysinini kiymaslikni ko‘rsatishi mumkin, degan fikrda ekan.

Jinsiy "bilimdon" bola baxtli bolami?

Maktablarda jinsiy tarbiya darslarini joriy qilish tarafdorlari fikricha, hukumat bu yo‘nalishda yetarli ish qilmayapti va bunday darslarni barcha o‘quvchilar uchun majburiy qilmoq lozim.

Hozirgi paytda agar ota-onasi diniy yoki axloqiy sabablarga ko‘ra qarshi bo‘lsa, farzandi jinsiy tarbiya darslariga qatnashmasligi mumkin.

Ammo so‘rovlar natijalariga ko‘ra ota-onalarning aksari bunday darslarni qo‘llab-quvvatlashar ekan.

Jinsiy aloqa va munosabatlarga bag‘ishlangan saboqlardan naf bormi o‘zi?

Image copyright Thinkstock
Image caption Tadqiqotlarga ko‘ra, jinsiy saboq darslarida qatnashgan o‘quvchilar jinsiy aloqaga mas‘uliyatliroq bo‘lganlar

Qo‘shma Shtatlarida o‘tkazilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, bunday darslarda qatnashgan o‘quvchilar o‘zlarining hayotidagi ilk jinsiy aloqaga oshiqmaganlar, ilk jinsiy aloqaga kirishgan paytlarida kontratseptivlardan foydalanganlar.

Lekin dunyoning 87 mamlakatida UNESCO o‘tkazgan tadqiqot natijalari AQShdagidek qoniqarli bo‘lmagan.

"Jinsiy tarbiya saboqlari yanada kechroq va yanada mas‘uliyatliroq jinsiy aloqaga yetaklashi mumkin yoki kelgusi jinsiy hatti-harakatlarga hech qanday ta‘sir ko‘rsatmasligi ham mumkin", deyiladi UNESCO xulosasida.

Eng katta muammo bu darslar maktab dasturiga to‘g‘ri kelishidadir, deydi PSHE assotsiatsiyasidan Jon Dillon, chunki maktab dasturi shundoq ham zich.

"Bu oldinga bir qadam, biroq maktablarda majburiy qilinmaguncha undan naf bo‘lmaydi", deydi u.

"Ko‘p maktablar dasturga bu darsni kiritishmaydi, asosiy sababi vaqt. Chunki maktablar akademik ko‘rsatkichlar bosim ostida qolgan", deydi Jon Dillon.

Jinsiy tarbiya degan predmet uzoq istiqbolda katta foyda keltirishi ham mumkin. Chunki o‘rganishlar shuni ko‘rsatadiki, shaxsiy munosabatlarda o‘z his-tuyg‘ularini jilovlashni o‘rgangan o‘quvchilar o‘zlarini baxtli his qilar ekanlar.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer