Shinjon uyg‘urlari "Islomiy davlat" safiga qo‘shilmoqdalarmi?

Image copyright AP

"Shinjonlik musulmonlar "Islomiy davlat" jangarilari bilan yonma-yon turib kurashmoqdalar".

Uyg‘ur musulmonlari vatani bo‘lgan Shinjondagi kommunistik partiya rahbari Jang Chunxan shunday murojaat bilan chiqqan.

Janob Jang Chunxanga ko‘ra, bir qancha jangarilar Shinjonga terroristik rejalarni amalga oshirish uchun kelganlar, lekin boshqa tafsilotlarini ochiqlamagan.

Xitoy g‘arbidagi Shinjon mintaqasi oxirgi yillarda qator halokatli hujumlar va to‘qnashuvlarga sahna bo‘lgan.

Jabrlanganlar

Seshanba kuni Xitoy parlamenti sessiyasida so‘zga chiqqan janob Chunxan "uyg‘urlar orasida xorijga qochib, islomiy jangarilar safiga kirganlar bor", degan.

"Tashkilot katta ta‘sirga ega bo‘lib bormoqda va Shinjon ham bu ta‘sirdan chetda qolmagan", deydi u shuningdek.

"Biz Shinjonga qaytib terroristik hujumlar qilishni rejalashtirganlarni aniqladik".

Uyg‘urlar va Shinjon

Uyg‘urlar etnik kelib chiqishi bo‘yicha turkiy musulmonlardir.

Shinjon aholisining 45 foizini uyg‘urlar, 40 foizini xitoylar tashkil qiladi.

Xitoy 1949 yilda Sharqiy Turkistonda nazoratni qo‘lga olgan.

O‘shandan buyon Shinjonga xitoy xanlari ommaviy ravishda ko‘chib kelib o‘rnashganlar.

Uyg‘urlar o‘zlarining diniy va madaniy qadriyatlari yo‘qotilishidan xavotirdalar.

Uyg‘urlar va xitoy o‘rtasida tanglik

Janob Jangning murojaati Global Timesning xavfsizlik xizmatlaridagi manbaga tayanib, 300 ga yaqin xitoylik fuqarolar Suriya va Iroqdagi "Islomiy Davlat" safida kurashayotgani haqida bergan xabaridan uch oy o‘tib yangragan.

Shinjondagi vaziyat bilan bog‘liq hisobotni mustaqil manbalardan tekshirish mushkul. Markaziy Osiyo bilan chegaradosh Shinjon mintaqasiga xorijiy jurnalistlarning kirishi chegaralangan.

Pekin islomiy jangarilar bilan bog‘liq uyg‘ur bo‘lginchilarning Shinjondagi zo‘ravonliklarga aloqasi bor, deydi.

2014 yil may oyida Urumchidagi bozordagi portlashda o‘nlab inson halok bo‘lgan. Iyul oyida Yorkentdagi to‘qnashuvlarning tafsilotlari aniq bo‘lmasada, ko‘p kishi nobul bo‘lgani aytiladi.

Hujumlar Shinjondan tashqarida ham sodir bo‘lgan, jumladan 2014 yil martida Kunmin stantsiyasida pichoqbozlikdan odamlar halok etilgan.

Image copyright AFP

Xitoy bu hujumlardan so‘ng xavfsizlik choralari va uyg‘urlarga nisbatan bosimlarni yanada oshirgan.

Biroq tahlilchilar bildirishicha, uyg‘urlar va xorijiy guruhlar bilan aloqa hakida ma‘lumotlar deyarli yo‘q.

Ularning qayd etishicha, Yorkentdagi to‘qnashuvlar uyg‘urlarning o‘z diniy va madaniy erkinliklari uchun kurashlari orqasidan kelib chiqqan. Ular huquqlari paymol etilayotganidan norozi bo‘lganlar.

Shuningdek, faollar Shinjonda yosh uyg‘ur yigitlari yo‘qolib qolishida rasmiy Pekinni ayblaydilar.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02