So‘z sizga: Rossiya TVsining nimasi yaxshi-yu, nimasi yomon

Image copyright AFP

"Ijtimoiy minbar"imizda o‘tgan hafta o‘rtaga tashlangan savol "Siz Rossiya telekanallarini tomosha qilasizmi? Agar tomosha qilsangiz, ularning nimasi sizga yoqadi va nimasi yoqmaydi?" qabilida edi.

Xalqaro matbuot xabarlariga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainadagi urushga aralashuvi va Prezident Vladimir Putinning hukmronligining mustahkamlanishi bilan mamlakat matbuotida tsenzura kuchayib, hukumat amallarini yoqlovchi axborotlar tarqatilishi kuchaygan.

Rossiyada erkin qarashga ega bo‘lgan fuqarolar mamlakat televideniyesi noto‘g‘ri ma‘lumotni tarqatish bilan aholi ongini bulg‘ashini aytib, unga "zomboyashchik" (manqurtlar qutisi) deya nom berganlar.

Ularning nazdida, xususan, Ukrainadagi urush borasida noto‘g‘ri xabar tarqatilmoqda, Rossiya tomonidan isyonchilarga qurol-yarog‘ yetkazilishi aytilmayapti, Ukraina hukumati esa "fashistlar" deya taqdim qilinyapti.

Rossiyaga qarshi G‘arb sanktsiyalari kiritilganidan beri, AQSh va Ovro‘poning "ahloqiy inqiroz"ga uchragani haqidagi reportajlar ko‘paygan.

Bu mavzudagi bahsni Facebook da Aziz Mirzakulov boshlab berdi.

"Rossiya kanallarining Sport, Kino va Ilmiy kanallarini tomosha qilaman. Ukrainaga oid xabarlarni Euronews va Turk xabar kanallaridan olaman. Rossiya davlat kanallarini tomosha qilmayman. Ayniqsa xabarlarini. Ularning Ukrainada olib borayotgan urushga oid xabarlariga ishonmayman, ular bilgan holda aholiga yanglish xabarlarni bermoqdalar, deb tushunaman. Ularning berayotgan bu xabarlarini SNG dalatlaridagi aholi ham tomosha qilishini RF davlat rahbariyati juda ham yaxshi bilishadi. Bu davlatlardagi aholini rus tilini esdan chiqarib kuymasligini va qolaversa maktablarda o‘rganilishi to‘xtab qolmasligini juda xohlaydi. Chunki u davlatlarda Mahalliy va Rus kanallaridan boshqasini tomosha qilish imkoni yo‘q. Yo‘q deganim, hamma gap aholining aksariyati boshqa tilni bilmasligida. Lekin bu holat kundan kunga o‘zgarmokda".

Bunga javoban Kamoliddin Fayzullayev ning yozishicha, "Lekin Ovro‘po telekanallari millat uchun rus kanallaridan ham xavfliroq bo‘lishi mumkin".

Anvar Hodjimirzaev ham shunga monand "Okean ortidagi mamlakatdan yaqin qo‘shni yaxshi", degan fikrni qoldirgan.

Bek Bekov ning fikricha, "Rossiya kanalida Putinni, O‘zbekiston kanali Karimovni maqtash bilan rejani bajaradi! Xulosa, aqldan kamchiligi borlar uchun!!!".

Axror Kardeş ga esa Rossiya telekanallarining barcha UEFA futbol o‘yinlarini olib ko‘rsatishi yoqar ekan.

Sardor Iskandarov: "Men ko‘raman. (Rossiya telekanallarini. Tahr) Ha 80% propaganda, lekin chiroyli propaganda. O‘xshatib qilishadi".

Kamoliddin Fayzullayev ning yozishicha, e‘tiborni Rossiya targ‘ibotiga emas, G‘arb targ‘ibotiga qartish lozim.

"Hozirda millatimiz ma‘naviyati va madaniyatiga, ahloqi va aqidasiga bo‘layotgan zimdan va oshkora xurujlar AQSh va uning g‘oyadoshlari tomonidan bo‘layotgani sir emas. Shunday ekan, katta xavf (AQSh va G‘arb) qolib, e‘tiborni uning dushmani - kichikroq xavfga qaratish aqldanmikan? Zero, "dushmanimning dushmani mening do‘stimdir".

Kurban Jurayevning yozishicha, "Amerika faqat o‘zini maqtaydi. Hali Rossiya aybdor, hali Putin aybdor. Rossiya TVsi kimni dumini bosdi. Amerika doim o‘zini himoyalab yuradi".

Hussain Tursunaliev fikri: "Bu davlatlar o‘zlarini himoya qilish uchun SMI xabarlarini ommalashtirib tajribali bo‘lib ketishgan. O‘zlari stsenariyni yozib, bizga spektakl qo‘yishmoqda. Bu narsalarning bizga na foydasi va zarari bor. Hamma SMI kanallari davlat nazorati ostida bo‘ladi. Bo‘layotgan voqealarga biz jonli guvoh emasmiz va bilmasmiz. Ba‘zan Rossiya kanallarini ko‘rib turaman ozgina bo‘lsa ham haqiqat bor".

Tohir Bilolovich ning yozishicha hozirda matbuot eng kuchli quroldir.

"Hozirgi davrda matbuot eng kuchli qurolga aylangan. Bu kuch atom va biologik qurollarni ham ortda qoldirdi".

Odil Sobirav, bu fikrga "O‘zbekistonda bu narsa kuchsiz", deya e‘tiroz bildirgan.

Tohir Bilolovich esa, "Qaysi nuqtadan qarashga bog‘liq. O‘zbekistondagi matbuot bir shaxsning eng kuchli quroli", deya xulosa yasagan.

Sardor Ochilov BBC tahririyatini tanqid ostiga olgan.

"Nima uchun AQShning Ukrainaga qurol yetkazib berayotgani haqida maqola yozmayapti bu BBS. Butun dunyoda bo‘layotgan notinchlik ortida turgan AQShni yozinglar BBCda tsenzura bo‘lmasa", deya fikr qoldirgan.

Mahmudbek Zokirovga ko‘ra, "Rossiya nima qilib bo‘lsa ham tinchlikni buzadi. BMT tinchlikni saqlash kuchlari Ukrainaga kiramiz desa, tish tirnog‘i bilan qarshilik ko‘rsatyapti".

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer