Shayx o‘limidan musulmonlar qayg‘uga cho‘mdilar

Image copyright BBC World Service

11 mart kuni Peshin namozi payti Toshkentdagi Shayx Zayniddin masjidida butun Islom olamida nufuzli ulamo Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning janoza marosimi bo‘ldi.

Shayx hazratlari 10 mart kuni tushdan keyin hayotdan ko‘z yumganlar.

Hazratning o‘limi haqidagi xabar yashin tezligida Internet ijtimoiy tarmoqlari orqali tarqaldi.

Kechga yaqin Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning Toshkentdagi xonadoni tashqarisida yuzlab kishilar to‘plandi.

10 mart tunida Shayx asos solgan islom.uz web-cayti xakerlar hujumiga uchragan.

islom.uz sayti faoliyati ishdan chiqqan.

63 yoshda vafot etgan shayxning janoza marosimi Toshkentdagi Shayx Zayniddin masjidida bo‘lib o‘tishi xabari ortidan poytaxtning Ko‘kcha mavzesiga eltuvchi yo‘llarda avtomobil qatnovlari to‘xtatildi.

Shahar ko‘chalariga qo‘shimcha militsiya kuchlari joylashtirilgan.

Minglab odamlar ertalabdan masjidga yo‘l oldilar.

Internet ijtimoiy tarmoqlarida marosimdan bir necha soat oldin masjid ichkarisida bo‘sh joy qolmagani haqidagi xabarlar tarqaldi, fotosuratlar e‘lon qilindi.

O‘zbekiston Din ishlari qo‘mitasi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf o‘limi munosabati bilan ta‘ziya izhor qildi.

Ushbu ta‘ziyada Shayx hazratlarining yurak xurujidan vafot etganlari xabar qilindi.

Shayx hazratlarining o‘limi dunyodagi ko‘plab musulmonlarni qayg‘uga soldi.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf dunyodagi nufuzli Islom tashkilotlari a‘zosi edilar, Diniy qo‘mita bu tashkilotlardan ayrimlarini eslatgan.

Jumladan, ular, Makka shahridagi Islom olami uyushmasi, Dunyo tasavvuf uyushmasi, Dunyo musulmonlar ulamolari kengashi, Islomobod shahridagi Butundunyo islom uyushmasi, Dunyo masjidlari uyushmasi va Iordaniyadagi Oli Bayt tashkilotiga qarashli Islomiy fikrlar akademiyasi.

Dunyoning turli burchaklaridan Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf vafoti munosabati bilan ta‘ziyalar izhor qilinmoqda.

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov butun respublika hududida Shayx hazratlari ruhiga tilovatlar qilinishi haqida, poytaxt Grozniydagi ko‘chalardan biri bundan keyin Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomi atalishini e‘lon qildi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02