Jizzaxlik fermer majburan ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan

2015 yilning 3 mart kuni Toshkentning Chorsu bekati yonidan izsiz yo‘qolgan Inson huquqlari himoyachilari Alyansi faoli Aliqul Sarimsoqovning oradan 8 kun o‘tib daragi chiqqan.

Faol majburiy va noqonuniy tarzda ruhiy kasallar shifoxonasiga olib borib yotqizilgan, deb xabar beradi Sarimsoqovning hamkasblari.

"10 mart kuni Aliqul Sarimsoqov menga notanish raqamdan qo‘ng‘iroq qilib qoldi. Aytishicha, bir iloj qilib, kimlarningdir telefonidan foydalangan. O‘zining xabariga ko‘ra, Aliqul Sarimsoqov ayni damda Jizzax shahar ruhiy kasalliklar shifoxonasida saqlanmoqda ekan", - deydi alyans a‘zosi Shuhrat Rustamov.

Rustamovning so‘zlariga ko‘ra, 3 mart kuni Aliqulga kutib turishini aytib, o‘z ishi bilan ketgach, Yakkasaroy tuman ichki ishlar bo‘limining terrorizim va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limi xodimlari uni ushlab, maxsus mashinada Jizzax viloyatiga qarab qochishgan. Terrorizim bo‘limi xodimlari Aliqul Sarimsoqovni Jizzax viloyat ichki ishlar boshqarmasi ixtiyoriga eltib, topshirishgan.

O‘z navbatida, Jizzax viloyat ichki ishlar boshqarmasi fermerni hech bir sud qarorisiz, mutlaqo noqonuniy tarzda, majburan ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizishga qaror qilgan.

"Jizzaxlik fermerning salomatligi qay ahvolda? Unga nisbatan kuch, jismoniy qiynoq qo‘llanilganmi, yo‘qmi?" - bu kabi savollarga hali javob yo‘q, - deydi huquqbon Shuhrat Rustamov.

O‘zbekistonda amaldagi hukumat boshqaruviga nisbatan muxolif fikrda bo‘lgan, tanqidiy qarashlarini ochiqcha izhor etgan muxolifat va huquq faollari, mustaqil jurnalistlar, hur fikrli fuqarolar, ular kim bo‘lishidan qat‘iy nazar ta‘qib va bosimlar ostida qolmoqda.

Rejimga nisbatan tanqidiy qarashda bo‘lgan shaxslarni noqonuniy tarzda ruhiy kasalliklar shifoxonasiga majburiy tarzda yotqizish, bezorilar yollab, ko‘cha-kuyda kaltaklatish, muntazam ta‘qib qilish an‘anaga aylangan.

O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan sanoqli huquq faollari bildirishicha, inson haqlarini tahqirlovchi buningdek salbiy holatlar, ayniqsa, prezident saylovi arafasida avj pardasiga chiqmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02