Janoza namozini Shayxning o‘g‘li o‘qidi...

Image copyright islom.uz

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning vafoti bois ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ham og‘ir qayg‘uga cho‘mganlarini izhor etmoqdalar. Islom olami ulkan allomadan judo bo‘ldi, deb yozadi shayxning muxlislari.

Image copyright BBC World Service

Ko‘kcha masjidida hozir bo‘lganlarga ko‘ra, Shayxning o‘g‘li Ismoil Muxammad Yusuf otasining janozasini o‘qigan. Shayx hazratlari Ko‘kchadagi Shayx Zayniddin qabristoniga dafn etilgan.

Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning janozasiga taxminan 200 minggacha odam yig‘ilgani, vidolashish uchun yig‘ilgan odamlar oqimi bir necha kmni tashkil qilgani aytilmoqda.

Abror Imomxo‘jayev Twitterda yozadi:

Umrim bino bo‘lib ko‘rmagan voqealarni bugun 1 soat ichida ko‘rdim. Ko‘kcha qabristoni tomonga elituvchi barcha yo‘llar bekilgani sababli ko‘pchilik mashinasini 4-5 kilometr uzoqlikda qoldirib piyoda masjid tomon yurdi. Yo‘lda mashinalar raqamiga e‘tibor berdim. Deyarli barcha viloyatlar va yaqin qo‘shni davlatlardan tashqari Rossiyaga tegishli raqamlarni ham ko‘rdim.

Peshin namoziga yarim soat qolganda masjid va qabristonning barcha eshiklari yopildi. Ko‘cha odamlar bilan liq to‘ldi. Kimdir joynamozda, kimdir dastro‘molda namoz o‘qidi. Ro‘paramdagi talaba sumkasini ichidan qora tsellofan olib, o‘shaning ustida o‘qidi. Bugun janoza marosimining suratlari ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab chop etilsa kerak. Chunki yig‘ilganlarning barchasi egilib namoz o‘qiganda ham, yuzlab qo‘llar tepaga ko‘tarilgan holatda suratga olardi. Buncha odamni ko‘rmaganman. Uning chekkasi yo‘q edi. Shu kuni 5 kishining janozasi o‘qildi. Ular orasida taniqli aktyor To‘xtamurod Azizovning qizi ham bor ekan. Alloh ularning barchalarini rahmatiga olishini so‘rab qolamiz... Janoza namozini Hazratning o‘g‘illari o‘qidi...

Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning shogirdlaridan "Islom. uz" saytining muharriri Adham Otajonov yozadi: Hasan Basriy rohimahulloh: "Salaflar: Olimning o‘limi Islomdagi kemtik bo‘lib, uni zamonlar o‘tishi to‘ldira olmaydi, der edilar"- deganlar. Shayx hazratlari o‘zlari tarjima qilgan ushbu oyati karimalar ila istirjo‘ aytamiz: "Va sabrlilarga xushxabar ber. Ular o‘zlariga musibat yetganda: "Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz", deganlardir".

"Kecha Markaziy Osiyo va boshqa davlatlar musulmonlari, xususan, O‘zbekiston musulmonlari og‘ir kunni boshdan o‘tkazdilar. Hayotlarini Islom ta‘limotlarini yoyishga sarflagan, ko‘plab kitoblar muallifi shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf vafot yetganlari xabari ko‘plab musulmonlarni chuqur qayg‘uga soldi. Madina Islom universiteti sahifasi u kishining yaqinlari, shogirdlari va barcha musulmonlarga ta‘ziya izhor yetar yekan, Allohdan u zotni rahmati ila chulg‘ab, Jannat bilan siylashini so‘rab qoladi", deyiladi Madina Islom Universiteti saytidagi xabarda.

Rossiya federatsiyasi Musulmonlar idorasi va Rossiya muftiylar kengashi raisi, shayx Ravil G‘aynuddin shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf vafoti munosabati bilan barcha musulmonlarga va olimning yaqinlariga hamdardlik izhor etgan.

"Ustoz Muhammad Sodiq o‘zidan minglab shogirdlar, ilmiy kitoblar qoldirdi. U umrini Islomning haqiqiy yo‘lini o‘rganish va tushuntirishga bag‘ishladi. Uning shogirdlari orasida O‘zbekistonning islom o‘quv yurtlarida o‘qigan, hozirda Rossiyada zabardast bo‘lgan 10 dan ortiq olim mavjud. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf doimo xalq bilan birga edi", deyiladi Rossiya musulmonlari idorasi saytida chop etilgan ta‘ziyanomada.

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov ham hamdardlik izhor etarkan, marhumning chechen xalqining haqiqiy do‘sti bo‘lganligini ta‘kidlab, u zotning xotirasi uchun poytaxt Grozniy shahridagi ko‘chalardan biriga Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomi berilishini ma‘lum qilgan.

Sobiq Ittifoqda Mixail Gorbachyov boshqaruvi davrida Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf maxsus elchi sifatida Afg'onistonda asirga olingan sovet askarlarini ozod qilish bo'yicha muzokaralarni boshqargan.

2004 yilda Beslandagi maktabda jangarilar odamlarni garovga olganda, Shayx hazratlari Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga maslahatchi bo'lgani ma'lum.

Ayni paytda dunyoning turli burchaklaridan Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf vafoti munosabati bilan ta'ziyalar izhor qilinmoqda.

10 mart tunida Shayx o‘limidan biroz o‘tib, u asos solgan islom.uz web-cayti xakerlar hujumiga uchragan.

islom.uz sayti faoliyati ishdan chiqqan.

Omonilla Karimov ismli foydalanuvchi: Qadrlari ana endi bilinadi. Yanada koproq. Ustoz ulgan bulsalarda qilib ketgan ishlari yashaydi. Abu muslim aka websaitni tezda tiklashiz kerak, deb yozadi.

Abdurahmon Moydinov: Ustoz nurli zot edilar, xayolimda tirikdek.

Irfon Shodil: Duo qilamiz va Allohdan sabr so‘raymiz. Islom olamidagi eng og‘ir yo‘qotish bo‘ldi. Shayximizni Alloh rahmatiga olsin, joylari jannatdan bo‘lsin!!!

Doston Anvarovich Ibragimov: Bunday Zotlar yuz yilda bir marta tug'iladi. Islom quyoshi so'ndi..:(( Alloh barchamizga sabr bersin!

Azamat Korjovov: Alloh rahmatiga olsin! Necha million odamning xalollik sari burilishga sababchi bulganini biz - bandalar sanayolmaymiz, yolgiz Alloh

bilguvchidir. Xizmatlari ulug‘ shayx xazratlarining joyi jannatda bo‘lsin!

Bek Kadyrov: Olimning o‘lishi olamning ulishidir. Inna lillahi va inna ilayhi rojiun.

Abu Hayrulloh: Juda ko‘p savollarim bor edi u zotga, afsus... Allohim rohmatingga muhtojmiz.

Herolion: Joy, tobut talashib to‘polon qilganlarni tushunishga harakat qilaman, ixlos.. lekin videoga olishga harakat qilganlarni tushunishni istamasam kerak.

@Aslanov: Yaxshiroq chiqishi uchun daraxtni tepasiga osilvolib, video/rasmga olganlar bo‘ldimi-ey... Tovba qildim.

@AmirShax: Albatta, Hazratning haqlariga hamma duoga qo‘l ochgan vaqtda atrofdagilarni video olib turganlar bo‘ldi-yu.

Bahodir Eliboyev, Ijtimoiy tarmoqlarda Shayxning o'limlari haqida o‘qib kayfiyat tushib ketdi. Oyimga "Shayx vafot yetibdilar" desam, oldiniga ishonmadilar. Keyin yesa "O‘zbekiston yaxshi bir odamidan ajralibdi-da. Joylari jannatda bo‘lsin!" dedilar.

Onamga Shayxning kitoblaridan olib kelib turardim. Ba‘zan o‘zimga ham o‘qib berardilar "eshit, nima deyaptilar" deb...

U kishidan bizga kitoblari meros qoldi. Garchi yanayam ko‘proq kitoblar qoldirishlari mumkin yedi. Umr bitgan yekan. Joylari jannatda bo‘lsin!!!

Adham Otajonov shunday satrlarni bitgan Facebookda:

Ko‘zlarimizni yoshlab, Ko‘ngillarimiz g‘ashlab, Biz g‘ariblarni tashlab, Ustozim ketib qoldi!

Mardona edi so‘zsiz, Ilmda daryo, tengsiz, Bo‘zlatib bizni, essiz, Ustozim ketib qoldi!

Nomi Muhammad Sodiq Ming fazilatga loyiq, Bir yaratgandi, Xoliq! Ustozim ketib qoldi!

Abror endi bardam bo‘l, Shogirdmisan, maxkam bo‘l! Yetimlarga malham bo‘l! Ustozing ketib qoldi!

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02