"Nega O'zbekiston matbuoti shayx vafotidan "bexabar" qoldi?"

Image copyright BBC World Service

Mana ko'pchiligimizni karaxt qilib qo'ygan 10 mart tunidagi ma'shum xabardan keyin telekanallarimiz, internet saytlar va ro'znomalarimizni kuzatib kelayapman.

Islom olamining ulkan allomasi, O'zbekistonning sobiq muftiysi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning vafoti haqidagi qayg'uli xabar internetni larzaga soldi, deyish mumkin.

O'zbekiston Vazirlar mahkamasi qoshidagi Din ishlari bo'yicha qo'mitaning religions.uz veb-saytida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf vafoti bilan ta'ziya izhor qilindi.

O'zbekiston Musulmonlari diniy idorasi nafaqat O'zbekiston, balki dunyo musulmonlari katta yo'qotishga uchraganini aytdi:

Image copyright islom.uz

"Kuni kecha yurtimiz musulmonlari ulkan musibatga, og'ir judolikka uchradi. Ko'p yillardan beri nafaqat yurtimiz, balki, butun musulmon olamiga sermahsul xizmatlari bilan tanilgan muhtaram ustozimiz Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari foniy dunyodan boqiy dunyoga rixlat qildilar".

Lekin butun dunyo musulmonlariga sermahsul xizmatlari bilan tanilgan insonning o'limini O'zbekiston davlat telekanallari, radiolari, axborot agentliklari va ro'znomalari “ko'rmay qoldilar”.

Shayxning vafot etgani haqida, janoza marosimida qatnashish uchun Toshkent ko'chalariga o'n minglab kishi chiqqani to'g'risida O'zbekistondagi nodavlat internet saytlari xabarlar tarqatishdi.

Ijtimoiy tarmoqlar, hukumatdan nisbatan mustaqil bo'lgan internet nashrlari ham video va suratlarni, maqolalarni chop etishdi.

Mana uchinchi kundirki, asosiy mavzu Shayx hazratlarining o'limi haqida bo'lmoqda. Hali ham O'zbekiston zaminida dunyoga kelgan bu ulug' insonning fazilatlari eslanmoqda, haqqiga duolar qilinmoqda. Shayxning o'limi haqida xorijdagi musulmonlar qayg'uga cho'mdilar, matbuotlarida xabarlar berib, ta'ziyalar izhor qildilar.

Biroq davlat nashrlari ham bu haqda bir og'iz ta'ziya bildirsa, uning oqibati shunchalik qo'rqinchli bo'larmidi?

Ta'ziya matnini e'lon qilgani uchun bosh muharrir ishidan bo'shatilarmidi?

Nafaqat musulmonchilikda, barcha dinlarda marhum haqida bir og'iz yaxshi gap aytib, oila a'zolariga hamdarlik bildiriladi. Shuning uchun davlat axborot agentliklari veb-saytlaridan hamdardlik mazmunidagi matnlarni qidirdim. O'zbekiston Milliy Axborot agentligi, "Jahon" axborot agentligi, "Xalq so'zi" va “Narodnoe Slovo” ro'znomalarida ishlaydiganlar janozasi bilan Toshkentning kattagina qismini deyarli falajlab qo'ygan, o'n minglab, ayrimlarga ko'ra, qariyb 200 ming kishi ishtirok etgan Shayx hazratlari bilan vidolashuvdan go'yo xabarsiz qolishgan...

Bu axborot vositalarining asosiy mavzulari, taasufki, aksariyat oxirigicha o'qimaydigan, tomosha qilmaydigan prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi uchrashuvlari bo'lgan.

Undan tashqari, asosiy ruknlardan biri "Keksalarni e'zozlash" deb atalgan. Shayx hazratlari 63 yoshida olamdan o'tdi. Keksa edi. Biroq keksalarni e'zozlash yilida vafot etgan sobiq muftining xotirasi eslab qo'yilmadi.

Bu narsa nimadan darak beradi? Saylovoldi tashviqotlar paytida atigi besh daqiqa shu kunlarda o'tgan ulkan allomaning ruhi eslab o'tilganda o'sha nomzodning hurmati biroz oshardi balki. Hatto Prezident Islom Karimov andijonliklarga (Shayx tug'ilib o'sgan viloyatga!) o'zining saylovoldi tashviqotini o'tkazish uchun borganda ham bu haqda gapirishni ep bilmadi.

O'zbek xalqi o'zining ma'rifati, yurt tinchligi uchun qayg'urgan ulkan insonni yo'qotdi. Bu insonning o'rni uzoq yillar juda bilinishiga aminman. Oxiratlari obod bo'lsin!

O'zbekistonlik o'quvchi

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02