Aksyonov: "Qrim endi hech qachon Ukrainaga qaytarilmaydi"

Image copyright Reuters

Qrim bosh vaziri BBC bilan suhbatda mazkur yarim orol tarixiy rus vataniga qaytarilgani va endi hech qachon Ukrainaning bir qismi bo‘lmasligini aytdi.

Bosh Vazir Sergey Aksyonovning aytishicha, Qrimning Rossiyaga bir yil avval qo‘shib olinishi "demokratik amal" bo‘lgandi.

Yakshanba kuni efirga uzatilgan va avvalroq yozib olingan intervyuda esa Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Qrim mojarosi davrida yadroviy qurollarni tayyorgarlikka keltirganini aytdi.

Putinning o‘zi 5 martdan beri omma oldida ko‘rinish bermagan. Kreml uning xasta ekani va hatto olamdan o‘tgani borasidagi mishmishlarni rad qilgan.

U dushanba kuni Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atambayev bilan Sankt-Peterburgda uchrashishi kutiladi.

Qrim 18 martda xalqaro tanqidlar manzarasida Rossiyaga rasman qo‘shib olingandi. Rossiya tarkibiga kirish borasidagi referendumni Ukrainaga sodiq bo‘lgan qrimliklar boykot qilishgan.

Referendumdan sal avval belgisiz qurolli kishilar Qrimni bosib olishgandi. Janob Putin oxirgi intervyusida bu askarlarni "Qrimning mudofaa kuchlari"ni dastaklash sifatida yo‘llaganini tan oldi.

Hozirda AQSh va Ovro‘po Ittifoqi qora ro‘yxatiga kiritilgan janob Aksyonov Rossiya qandaydir noqonuniy ish qilganini rad etdi.

Image copyright AFP

"Hech kim hech narsani tortib olgani yo‘q. Qrimliklarning xohish-istagi shu edi. Mahalliy xalqning dastagisiz baribir hech nima amalga oshmasdi, shunday ekan bu tajovuz emas, balki haqiqiy demokratik amal edi", - dedi Aksyonov BBC muxbiri Jon Simpsonga.

"Bu G‘arb rahbarlarining vaziyatni tushunmasligi va eng katta xatosi. Matbuot Qrimda o‘tgan yil aslida nima bo‘lgani haqida odamlarga noto‘g‘ri ma‘lumot tarqatmoqda", - dedi u.

Janob Aksyonov Prezident Putinning Qrimdagi choralarini himoya qildi. Uning aytishicha, Rossiya rahbari qarshisida Qrim aholisini mudofaa qilish yoki ularni ukrain millatchilari qo‘liga tashlab qo‘yishdek tanlov bo‘lgan.

"Men u tanlagan yo‘l to‘g‘ri bo‘lganiga ishonaman. Bu qaror yangi yildan avval olinmagandi, hech kim Ukrainaning ichki siyosatiga aralashmagandi. Men ham huddi shundek qaror qilgan bo‘lardim", - dedi u.

Qrimning qo‘shib olinishi deyarli butunlay tinch holda yuz bergan bo‘lsa-da, u Ukraina sharqidagi zo‘ravonliklarga turtki bo‘ldi. Aprel oyida rossiyaparast namoyishchilar Donetsk, Lugansk va Xarkovdagi hukumat binolarini bosib olib, mustaqillikni talab qildilar.

Bir oy o‘tib rossiyaparast bo‘lginchilar Donetsk va Luganskda referendumlar o‘tkazib, Ukrainadan mustaqil bo‘lganlarini e‘lon qilishdi.

Ukraina sharqi shundan beri janglar maydoniga aylanib, olti mingdan oshiq odamni nobud qildi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02