Vatikan: "Islomiy davlat"ga qarshi kuch ishlatish kerak bo‘ladi

Image copyright Reuters

Vatikan nasroniylar va boshqa diniy ozchiliklarga qarshi hujumlarini oldini olish uchun "Islomiy Davlat" guruhiga qarshi kuch qo‘llashga zarurat borligi ehtimoli haqida aytgan.

Vatikanning Birlashgan Millatlardagi bosh diplomati Silvano Tomasi jangarilarni qatli omda ayblagan. Unga ko‘ra, agar siyosiy yechim topilmasa, harbiy choraga borish kerak bo‘ladi.

Vatikan - ya‘ni butun dunyodagi Rim Katolik nasroniylari bosh idorasining asosiy diplomati - archbishop Silvano Tomasi nomidan yangragan ushbu bayonot hatto nasroniylar web-sayti Kruks tomonidan ham noodatiy qo‘pol yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri bayonot deb ta‘riflandi.

Archbishop Silvano Tomasi Rim Katolik cherkovining Jeneva shahridagi Birlashgan Millatlar idorasi bosh diplomati hisoblanadi va Vatikan va yana bir necha mamlakatlar muallifligida BMTning Inson huquqlari kengashiga bayonot bilan murojaat qilgan.

O‘sha kuni Archbishop Tomasi Kruks nasroniylar web-sayti bilan suhbatlashgan ham.

Image copyright AP

Bu suhbatda o‘zini "Islomiy Davlat" deb atagan guruh qatliom sodir etayapti va bu guruhni to‘xtatish uchun harbiy kuch qo‘llash kerak, deb aytgan.

Odatda dunyo katoliklari bosh idorasi zo‘ravonlikka qarshi chiqib keladi, Vatikan har doim Yaqin Sharqda harbiy kuch ishlatilishiga qarshilik qilib kelgan.

Xususan, Amerika yetakchiligidagi 1991 yildagi va 2003 yildagi Iroq bosqinlariga Vatikan qarshi bo‘lgan.

Archbishop Silvano Tomasi so‘zlariga ko‘ra, ular faqat nasroniylarni himoya qilib chiqayotganlari yo‘q.

Image copyright Reuters

"Biz faqat ular nasroniy bo‘lganlari uchun kurashayotganimiz yo‘q. Biz hamma insonlar teng huquqqa ega bo‘lishlari lozimligi haqidagi bosh huquqdan kelib chiqayapmiz. Nasroniylar, Yazidiylar, Shialar, Sunniylar, Alaviylar - inson bo‘lgan har kim muhofaza qilinishi lozim", deb aytgan Vatikan diplomati.

Iroq va Suriya hududida 2011 yildan buyon minglab nasroniylar o‘ldirilgan, deb ishoniladi. O‘tgan yili yozida Iroqning katta hududi ustidan nazoratni qo‘lga kiritgan ID boshqa diniy ozchilik guruhlari a‘zolarini ham nishonga olgan.

Rim Katolik cherkovi oliymaqom vakili "Islomiy Davlat"ga qarshi koalitsiyaga Yaqin Sharqdagi musulmon davlatlar ishtirok etsa, bu kurash samarali bo‘lishini aytgan.

"Muvofiqlashtirilgan va puxta o‘ylangan koalishn zo‘ravonliksiz siyosiy yechimga erishish uchun neki imkonli bo‘lsa ishga solishi kerak. Agar buning uddasidan chiqilmasa, kuch qo‘llash zarurdir", deb aytgan Archbishop Tomasi.

Image copyright Reuters

"Biz bunaqa qatliomni to‘xtatishimiz lozim. Aks holda kelajakda biz biror narsa qilolmaganimiz uchun, shunday fojea ro‘y berishiga yo‘l qo‘yib berganimiz uchun afsus-nadomat chekamiz", degan Vatikan diplomati.

Bir oy oldin inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari IDning diniy ozchiliklarga qarshi olib borayotgan siyosatini qoralab chiqdilar.

Xalqaro hisobotda "Islomiy Davlat"ning boshqa dindagilarni qatl qilgani, dinidan voz kechishga majbur qilgani, jinsiy zo‘rlashlar va boshqa tahqirlashlari batafsil yoritilgan.

"ID butun Iroq hududidan boshqa diniy ozchiliklar vakillarini siqib chiqarmoqchi", degan ogohlantirish e‘lon qilindi ushbu hisobotda.

Fevral oyida Libiya hududida o‘zining "Islomiy Davlat"ga bay‘at berganini e‘lon qilgan guruh 21 nafar misrlik qibtisni o‘g‘irlab ketdi va boshlarini tanalaridan judo qildi.

Bunga munosabat bildirarkan, Rim Popi Frantsisk "adolatsiz tajovuzchini to‘xtatish uchun kuch mashur", deb aytgandi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02