Janubiy Koreyada masjid Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomini oldi

Image copyright islom.uz

Janubiy Koreyaning Kojedo orolida joylashgan masjidga Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning nomi berilgan. Bu haqida Podrobno.uz sayti xabar tarqatdi.

Xabar qilinishicha, masjid ikki oy avval Koreyada yashayotgan o‘zbeklar jamoasi tashabbusi bilan ochilgandi. U Pusan shahridan 70 chaqirim uzoqlikda joylashgan.

Islam.uz saytida yozilishicha, shayxning nasihatlari va fatvolari tufayli ko‘plab vatandan yiroqda bo‘lgan namozxonlar to‘g‘ri yo‘lni tanlaganlar, o‘zlarini bezovta qilayotgan savollarga javob topganlar, hamda Qur‘on asosida o‘z e‘tiqodlari haqida bilim olishga muvaffaq bo‘lganlar.

Saytga ko‘ra, aynan Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf tashabbusi bilan Janubiy Koreyadagi masjid kutubxonasiga uning asarlarining o‘nlab nusxalari keltirilgan.

Sobiq sho‘ro hududlarida eng nufuzli musulmon ulamosi sanalgan Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf 10 martda 63 yoshida olamdan o‘tdi.

Uning vafoti ortidan jahondagi ko‘plab musulmon jamoalar o‘z ta‘ziyalarini izhor qilganlar.

O‘tgan juma Toshkentda bo‘lib o‘tgan janoza marosimida qatnashishni istaganlar soni bir necha yuz kishidan oshib, ko‘chalar mashinalar bilan tirband bo‘lgan.

Janubiy Koreyadagi masjidning shayx sharafiga nomlanishi unga xorijdan ko‘rsatilgan hurmat-e‘tiborning ikkinchisi bo‘lmoqda. Sal avvalroq Checheniston Prezidenti Ramzon Qodirov poytaxt Grozniydagi ko‘chalardan biriga shayxning ismini berishini e‘lon qilgandi.

O‘zbekiston rasmiy matbuotida Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning vafoti tilga olinmagan va davlat idoralari dafn marosimida ishtirok etmaganlar.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02