O‘n kun ko‘rinmagan Putin qayta paydo bo‘ldi

Image copyright AFP

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 5 martdan beri ilk marta omma oldida ko‘rinish berib, o‘z salomatligi haqidagi mishmishlarga chek qo‘ydi.

U Sankt-Peterburgda Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atambayev bilan uchrashdi.

O‘z sog‘lig‘i haqidagi savolga javob bera turib u: "Mishmishlarsiz hayot zerikarlik bo‘lgan bo‘lardi", - deya javob bergan.

Avvalroq janob Putin Rossiya dengiz qo‘shinlarini Arktikada jangovor holatga keltirilishiga buyruq bergan.

Rossiya ma‘lumotiga ko‘ra, harbiy mashg‘ulotlarda 56ta harbiy kema va 38 ming askar ishtirok etadi.

Rossiya 24 televizion xabarlar dasturi janob Putinning uchrashuvda ishtirok etayotgani aks etgan qisqa va sadosiz videoni ko‘rsatdi.

Sankt-Peterburgdagi uchrashuvdan yozilgan twitga ko‘ra, janob Atambayev Putin uni mashinada kichik safarga olib chiqqani va uning salomatligi a‘lo darajada ekanini tasdiqlashini aytgan.

Kreml voizi Dmitriy Peskovning aytishicha, Atambayev janoblarining qizi Sankt-Peterburgda o‘qiyotgani uchun uchrashuv aynan shu shaharga belgilangan.

Janob Putinning jamoatchilik ko‘zidan 10 kun yiroqda bo‘lishi g‘ayrioddiy bo‘lib, ko‘plab mishmishlar urchishiga sabab bo‘ldi. U qattiq kasal bo‘lgani, Kreml ichida g‘alayonga yuz tutgani va hatto nikohsiz farzandi tug‘ilishi bilan ovora ekani borasida xabarlar tarqaldi.

Mishmishlar Putinning o‘tgan payshanba va juma kunlariga Qozog‘istonga mo‘ljallangan safari kechiktirilishi ortidan tarqaldi. U oxirgi marta 5 martda Italiya Bosh Vaziri Matteo Rentsi bilan uchrashuvida ko‘rinish bergandi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02