Putin: "Ukrainadagi davlat to‘ntarishi AQSh ishtirokida amalga oshirilgan"

Image copyright AFP
Image caption "Rossiyaning Qrimni anneksiya qilishida asosiy maqsad qon to‘kilishining oldini olish bo‘lgan"

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin fikricha, o‘tgan yil Kiyevda hukumat o‘zgarishi orqasida Qo‘shma Shtatlar turgan.

"Rasman olganda muxolifatni eng avvalo ovro‘poliklar dastaklashdi, lekin asl qo‘g‘irchoqbozlar amerikalik hamkorlar va do‘stlarimiz ekanini juda yaxshi tushungan, bilgan edik. Millatchilarni tayyorlashda ular yordam berishdi, jangovar guruhlar tuzishni ular quvvatlashdi",- deydi Putin "Krym. Put na Rodinu" filmida.

Hujjatli film Qrim anneksiyasining bir yilligi munosabati bilan namoyish etilgan.

Putin so‘zlariga qaraganda, "jangovar guruhlar tayyorgarligi" Polsha va Litva davlatlari hududlarida o‘tkazilgan.

"Bizning hamkorlarimiz qanday yo‘l tutdilar? Davlat to‘ntarishini amalga oshirishga yordam berdilar. Ya‘ni, kuch ishlatish yo‘lidan harakatlarini boshladilar. Men boshqarishda bu eng maqbul yo‘l deb bilmayman", - deb qayd etadi Putin.

Shuningdek, u Rossiyaning Qrimni anneksiya qilishida asosiy maqsad qon to‘kilishining oldini olish bo‘lganini aytadi.

"Qrim aholisining etnik tarkibidan kelib chiqiladigan bo‘lsak, aminman, u yerda Maydondan ham battarroq bo‘lar edi. Biz voqealarning bu tarzda tus olishiga qarshi aniq choralar ko‘rishga majbur edik. Keyinroq Oddessada o‘ynalgan fojealar - odamlarning tiriklayin yoqib yuborilishi kabi voqealar Qrimda ham sodir bo‘lishi mumkin edi. Qon to‘kilishiga yo‘l qo‘yishimiz umuman mumkin emas edi", deydi janob Putin "Rossiya1" telekanali orqali 15 martda namoyish qilingan filmda.

Vladimir Putin "Qrimga kirish" fikri Ukrainada hokimiyatni egallab olinishiga qadar bo‘lmaganini ta‘kidlaydi, Maydon voqealari orqasidan Kiyevda hukumat o‘zgarishini nazarda tutarkan.

"Biz u yerda yashayotgan insonlar hayotini taqdir hukmiga, millatchilar qo‘liga tashlab qo‘ya olmas edik. Shunda men aniq vazifalarni qo‘ydim va nima va qanday yo‘l tutishimiz lozim? Lekin alohida ta‘kidladimki, biz buni Qrimdagi insonlar ham xohlashiga butunlay amin bo‘lsakkina bajara olamiz deb", - deydi Putin filmdagi izohida.

Bundan oldin ""Krym. Put na Rodinu" filmidan kichik lavhada Putin Qrimni qo‘shib olinish qarori tor doirada, 23 fevral, Sochi Olimpiadasi yopilishi oldidan berilganini aytgandi. Men barcha hamkasblarimiga aytdimki, Ukrainadagi vaziyat shu darajaga keldiki, biz Qrimni Rossiya tarkibiga qaytarish harakatini boshlashga majburmiz. Chunki u yerdagi xalqni millatchilar oyog‘i ostiga tashlab qo‘ya olmaymiz".

Image copyright RIA Novosti
Image caption Rossiya Prezidenti Qrimga tashlangan maxsus kuchlar rejadagi askarlar soniga ham yetmaganini aytadi

Bundan tashqari Putin Federatsiya Kegashining Ukrainaga qo‘shin kiritishga ruxsatidan foydalanmagani, Qrimdagi Qora Dengiz floti tarkibi go‘yo kuchaytirilmaganini aytib o‘tadi.

"Hatto Federal Kengashning Ukrainaga qo‘shin kiritishga ruxsatidan foydalanish ehtiyoji bo‘lmadi. Xalqaro kelishuvga binoan Qrimdagi harbiy bazamizda 20 ming kishini saqlash huquqimiz bor. Hatto biz qo‘shinlarni oshirganimizda ham 20 mingga yetgani yo‘q", deb qo‘shimcha qiladi Putin.

Rossiya 2014 yil 15 martda Qrimni o‘z tarkibiga qo‘shishni qrimliklar irodasi bilan izohlagan.

18 martda Kremlda ma‘ruza qilgan Prezident Putin Rossiyaning Qrim borasidagi amallarini oqlagan.

Rossiya siyosiy rahbariyati oldida gapirgan Vladimir Putin Qrimni 1954 yilda Ukrainaga berish xato bo‘lgan, deb aytgan. Biroq Rossiya Ukrainani bo‘lib tashlashni xohlamaydi, degandi.

Prezident Putin nutqidan keyin Krim bilan Sevastopolni Rossiya Federatsiyasining sub‘ektlari deb qabul kilish haqidagi shartnoma imzolangan edi.

Qrim anneksiyasi ortidan AQSh va Ovro‘po Ittifoqi Rossiyaga qarshi jazo choralarini kiritdi va Qrim hech qachon Rossiyaniki deb tan olinmasligini bildirdi.

Rossiyaning yaqin hamkori Xitoy esa Ukrainaning mustaqilligi va hududiy yaxlitligini yoqlasada, Qrim masalasi muzokaralar orqali hal qilinishi kerak, deydi.

"Ukraina inqirozi dunyodagi geopolitik vaziyatni murakkablashtirdi va dunyo iqtisodi rivojlanish jarayoniga salbiy ta‘sir ko‘rsatdi", deydi Xitoy Davlat Kengashi vakili Li Ketsyan Pekindagi anjumanda.

"Vaziyat muzokaralar va maslahatlar yo‘li bilan hal qilinishiga umid qilamiz. Qrim muammosining sabablari murakkab. O‘ylaymizki, qo‘shnilar o‘zaro til topishib, tinchlikka erishadilar".

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02