Chechen ayol bolalarini ID ga qo‘shish uchun "Suriyaga olib qochgan"

Image copyright .
Image caption Ayol va bolalari hozirda Suriyaning Raqqa shahrida deb ishoniladi

Hollanda prokurorlarining aytishlaricha, asli chechenistonlik ayol ikki nafar yosh bolasini otalarining irodasiga qarshi Islomiy Davlat saflariga qo‘shish maqsadida Suriyaga olib chiqqan.

Ona hamda uning yetti va sakkiz yashar bolalari soxta pasport bilan safar qilgan, deb ishoniladi.

Ayoli bilan ajrashgan holland ota ularning chiqib ketayotganlari haqida rasmiylarni ogohlantirgan.

Rasmiylarga ko‘ra, bu kabi holat birinchi marta kuzatilmoqda.

Nomi oshkor etilmagan 32 yoshli chechen ayol 15 yil muqaddam Hollandaga qochqin sifatida kelgan va janubiy Maastrixt shahrida yashab kelgan.

U va bolalari o‘tgan oy oktyabrida g‘oyib bo‘lishgan.

Anglashilishicha, ular Belgiyadan Afinaga uchishgan.

Tergov ma‘lumotlariga ko‘ra, chechen ayol shu yil yanvarida onasi bilan gaplashgan va Islomiy Davlatning istehkomi bo‘lgan Suriyaning shimoliy Raqqa shahrida ekanliklarini aytgan.

Prokurorlar hodisani bola o‘g‘irlash deb talqin qilishgan va ayol hamda bolalari xalqaro qidiruvga berilgan.

Ammo rasmiylar agar ular Suriya chegarasini kesib o‘tganlari tasdiqlansa, Hollandaga qaytarib kelish imkonlari cheklanganini tan olishadi.

Hozirga qadar 200 ga yaqin holland fuqarolari Iroq va Suriyadagi Islomiy Davlat guruhiga qo‘shilganlari ma‘lum.

Ularning orasida voyaga yetmaganlar ham bor.

Islomiy Davlat o‘z nazorati ostidagi hududlarda ommaviy qatllar hamda milliy va diniy ozchiliklarni ta‘qib qilishda ayblanadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02