Rohat Aliyev Venada dafn etildi

Avstriya poytaxti Venada Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyevning sobiq kuyovi Rohat Aliyevning dafn marosimi bo‘lib o‘tgan.

Rohat Aliyev 15 mart kuni musulmon odatlariga binoan tuproqqa berilgan.

Vena markaziy qabristonida o‘tgan dafn marosimiga Avsriyadagi Rohat Aliyevning Darig‘a Nazarboyeva bilan nikohidan ikki o‘g‘li Nurali va Oysulton, Aliyevning ikkinchi oilasi Elnara Shorazova hamda Olmoniyadagi qozog‘istonlik rejissyor Bolat Otaboyevlar qatnashgan.

Dafn marosimiga Rohat Aliyevni bilgan avstriyalik bir qancha siyosatchilar, jurnalistlar kelib, marhumni xotirlashgan.

Himoyachi Manfred Aynedter tobut oldida haqiqatni topishga va‘da bergan va Vena hukumatidan qotillikning haqiqiy sabablarini aniqlashni talab qilishini ta‘kidlagan.

Quvg‘indagi muxolifatchi Aleksandr Narodetskiy Rohat Aliyev o‘zini o‘ldirganiga ishonmasligi bildirib, uning o‘limiga Nazarboyev hukumati mas‘ul degan.

Bolat Otaboyevning aytishicha, Rohat Aliyevning jasadi Avstriyaning hurmatli fuqarolari ko‘milgan qabristonga hurmat-ehtirom ko‘rsatib qo‘yilgan.

Rohat Aliyevning o‘limi

Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyevning sobiq kuyovi va sobiq diplomat Rohat Aliyevning jasadi 26 fevral kuni Avstriyaning Yozefshtadt qamoqxonasidagi bir kishilik xonadan topilgan.

Jazoni ijro etish muassasasi vakillari, so‘ngra surishtiruv idoralari Rohat Aliyev o‘z joniga suiqasd qilganini aytgan.

Qamoqxona ma‘murlariga ko‘ra, Nazarboyevning kuyovi o‘zini o‘zi osib o‘ldirgan.

Qozog‘istonda Rohat Aliyevga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.

U qator jinoyatlar, xususan odamlarni o‘g‘irlash bilan shug‘ullanadigan jinoiy guruh tuzish, hokimiyatni noqonuniy bosib olishga tayyorgarlik ko‘rishda aybdor deb topilgan.

Qozog‘iston mahkamasi Rohat Aliyevni 2008 yili sirtdan jami 40 yillik qamoq jazosiga hukm etgan.

Rohat Aliyev Qozog‘istondagi jinoiy ishlar ortidan o‘zi elchilik qilgan Avstriya hukumatidan siyosiy boshpana so‘rashga majbur bo‘lgan. Shundan so‘ng Darig‘a Nazarboyeva bilan nikohi ham bekor qilingan.

Qozog‘iston hukumati Avstriyadan Rohat Aliyevni ekstraditsiya qilishni talab qilib kelayotgan edi.

Biroq 2011 yili Vena mahkamasi Rohat Aliyevni Qozog‘istonga ekstraditsiya qilishdan bosh tortgan.

Qozog‘istonning Avstriyadagi elchisi lavozimini egallagan Aliyev o‘ziga qarshi ayblovlarni siyosiy sabablarga asoslanganini aytgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02