Isroildagi saylovda yana Benjamin Netanyaxu partiyasi g‘alaba qozondi

Image copyright Reuters

17 mart kuni Isroilda o‘tkazilgan parlament saylovi natijasi ko‘pchilik uchun kutilmagan bo‘ldi: saylovoldi omma so‘roviga zid ravishda Bosh vazir Benjamin Netanyaxuning o‘ng qanot "Likud" partiyasi g‘alaba qozongan.

Mahalliy vaqt bilan kechki soat 10 da e‘lon qilingan natijalarga ko‘ra, Isroilda ovoz berish huquqiga ega shaxslarning 72 foizi saylovda ishtirok etgan, bu 2013 yildagi saylovga qaraganda to‘rt foiz ko‘p saylovchi ishtirokini anglatadi.

So‘nggi saylov natijalari Isroil parlamenti Knessetdagi 120 o‘rindan 30 tasini "Likud" partiyasiga egallashini, janob Netanyaxuning asosiy raqibi "Sionistlar Ittifoqi" 24 o‘ringa ega bo‘lishini anglatadi.

Ushbu vaziyat Bosh vazir Benjamin Netanyaxuga parlamentda o‘ng qanot koalitsiya barpo etishga imkoniyat yaratadi.

17 martdagi saylov janob Netanyaxuni Isroilning to‘rtinchi marta bosh vazirlik lavozimini egallashiga yo‘l ochadi, bu bilan u mamlakat tarixida eng uzoq vaqt hokimiyatni boshqargan siyosatchiga aylanadi.

Tunda ilk natijalar qilinishi ortidan poytaxt Tel-Avivda o‘z tarafdorlari qarshisida gapirgan Benjamin Netanyaxu o‘zlarining "buyuk g‘alaba"ga erishganlarini aytgan.

"Likud" partiyasi e‘lon qilgan bayonotga ko‘ra, janob Netanyaxu "zudlik bilan hokimiyatni ikki uch hafta ichida shakllantirish ishlarini boshlashni rejalashtirmoqda".

"Likud" endi parlamentda 10 o‘rinni qo‘lga kiritgan markaz Kulanu partiyasi va millatchi yahudiy aqidaparast partiyalari bilan hukumat tuzishga harakat qiladi.

"Bu biz uchun hamda bizning yo‘limizga ishonganlar uchun oson tong emas", deyilgan "Sionistlar Ittifoqi" rahbarlari Itsxak Xertsog va Tsipi Livni nomlaridan e‘lon qilingan bayonotda.

"Sionistlar Ittifoqi" agar saylovda g‘alaba qozonsalar, Falastin ma‘muriyati va xalqaro hamjamiyat bilan munosabatlarni yaxshilashga, o‘rtadagi muammolarni ikki davlat maqomida hal qilishga va‘da bergan, janob Netanyaxu esa Falastin davlatining barpo etilishiga yo‘l qo‘ymasligini e‘lon qilgan.

BBCning Yaqin Sharq bo‘yicha muharrir Jeremi Bouen yozishicha, janob Netanyaxu yana qator va‘dalarni bergan va agar u bosh vazirlikni davom ettirsa, bu va‘dalar Isroilning AQSh va Ovro‘po bilan aloqalarini yomonlashtiradi.

Shuningdek, Benjamin Netanyaxu Isroilning bosib olgan hududlarida yahudiylar uchun minglab yangi uylar qurishga va‘da bergan.

So‘nggi saylovda isroillik arablar ko‘pchilikni tashkil etadigan partiyalarning "Qo‘shma Arab ro‘yxati" parlamentda 14 o‘rinni qo‘lga kiritishgan.

Biroq ular hukumatda birorta ham lavozim olmasliklarini aytganlar.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002