Ijtimoiy minbar: Navro‘zni nishonlash kerakmi?

Navro‘z O‘zbekistonning yangi tarixida eng ko‘p bahsu munozaralarga sabab bo‘lgan bayramlardan biri. Ushbu bahsu munozaralar Navro‘z davlat miqyosidagi bayram deb e‘lon qilinganidan so‘ng ham to‘xtagani yo‘q. Ayniqsa, so‘nggi paytlarda, xususan, ijtimoiy tarmoqlarda bu otashparastlarning bayrami va uni nishonlash dinimizga to‘g‘ri kelmaydi, degan fikrlar bildirilmoqda. Sovet davrida Navro‘zni diniy bayram sifatida taqiqlashga urinishlar bo‘lgan yo-da kommunistik partiya rahbariyati darajasida shunga o‘xshash bahslar kechgan. Va bu bahslar ko‘pincha sobiq O‘zbekiston kompartiyasining mafkura bo‘yicha kotibasi Ra‘no Abdullayeva nomi bilan bog‘lanadi. O‘zbekiston matbuoti Navro‘z haqida yozganda uning sho‘rolar davrida taqiqlanganini eslatmasdan o‘tmaydi va bu taqiqni rasman Abdullayeva nomi bilan bog‘laydi.

BBC ushbu munozaralarning tarixchasiga nazar tashlash maqsadida O‘zbekiston kommunistik partiyasining o‘sha paytdagi rahbarlari bilan bog‘landi. O‘zkompartiyaning sobiq birinchi kotibi Rafiq Nishonov BBC bilan suhbatda Navro‘zni taqiqlash tashabbusi Ra‘no Abdullayevadan chiqqani, uning o‘zi esa bunga qarshi bo‘lganini urg‘uladi.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Ammo Ra‘no Abdullayevaning o‘zi BBCga garchi salomatligi yaxshi emasligi bois intervyu berolmasligini aytgan esa-da, Navro‘zni taqiqlagani haqidagi da‘volarni rad etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi ko‘pchilik SSSR davridagi siyosiy qarorlar muhokama qilingan arxiv hujjatlaridan bexabar va bu arxivlar ochiladigan bo‘lsa, Navro‘zni kim taqiqlagani ayon bo‘ladi. Abdullayeva xonim qaytaga Navro‘zni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlashni targ‘ib qilgani, buni rasmiy bir marosimga aylantirishga uringanini aytdi. "Navro‘zning davlat miqyosida nishonlanishi to‘g‘ri qaror bo‘ldi. Men fursatdan foydalanib barchani Navro‘z bilan tabriklayman" deb aytdi BBC bilan suhbatda O‘zbekiston Kompartiyasining sobiq mafkura kotibasi Ra‘no Abdullayeva.

Mavzu Facebook dagi BBCO'zbek o‘quvchilari orasida ham qizg‘in bahsu munozaralarga sabab bo‘lgan.

Rustamjon Abdullayev: Entsiklopediyalarga murojaat qilsak,NAVRO‘Z, asli forsiy xalqlarning qadimgi bayrami ekanligini va uning forschadan o‘zbek tiliga tarjimasi “Yangi kun” degan ma‘noni anglatishini va shuning uchun ham Umar Hayyom ishtrokida tuzilgan Afg‘onistonda ham amalda bo‘lgan Eron quyosh kalendarida u hijriy Yangi yilning kirish kuni sifatida belgilanganligini bilishimiz mumkin. Qadimdagi davrlarda Fors imperiyasi O‘rta Osiyoni bosib olgach, bu tun va kunning vaqt jihatidan astronomik tengligi va bahorgi dehqonchilik ishlarini boshlash mumkinligini ham anglatuvchi kun, uning hududidagi xalqlar tomonidan, shu jumladan turkiy xalqlar, XIV-XV asr O‘zbekistonlarida o‘zbeklar bu davlatlarning fuqarolari va demakki, millat sifatida tarixning etnik maydonida paydo bo‘lgach esa, u bizning xalqimiz tomonidan ham, bayram sifatida nishonlana boshlangan. O‘zbekiston 1991 yili o‘zining davlat mustaqilligiga erishgach, Navro‘z ham, 8 mart va boshqa bayramlar kabi Prezident Farmonlari va hukumat qarorlarida belgilangan rasmiy yoki davlat tomonidan belgilangan bayramga aylanib, dam olish kuni sifatidi kalendarimizda qizil rang bilan ajratib qo‘yiladi. Bundan tashqari NAVRO‘Z 2009 yil 30 sentyabirda YuNESKOning Insoniyatning nomoddiy meroslari reprezentativ ro‘yhatiga kiritilgan Xalqaro bayram ham hisoblanadi. Shuning uchun ham shaxsan men “ijtimoiy tarmoqlarda Navro‘z, bu otashparastlarning bayrami va uni nishonlash dinimizga to‘g‘ri kelmaydi” degan fikrlarni: savodsiz odamlarning mutlaqo hato fikrlaridan boshqa hech narsa emas, deb hisoblayman. Shuning uchun ham hammani kelayotgan Navro‘z bayrami bilan tabriklayman!.

Umida Ahmedova: "To‘ppisini olib kel desa, kallasini olib keladi" -) Eronda har doim Navro‘z bayram qilingan nafaqat Eronda. Esimni tanibmanki, onam va buvimni Navro‘z haqidagi rivoyatlarni eshitib kelganman.

Sayora Yadgarhodjayeva "sotsializm davrida Navro‘z diniy bayram deb taqiqlandi, qozondagi sumalaklar o‘choqqa ag‘darildi, yana o‘sha davr qaytayaptimi?" deya xavotir bildiradi u va "Islom kirib kelganda ham Navro‘z bo‘lgan, Muhammad SAV hattoki shunday degan joylari bor- Ollohga qarshi ish qilinmasa, bayram qilish, udumlarni bajarish mumkin", - deb yozgan, ammo manba‘ keltirmagan.

Ibrohim Ismoilov ismli Facebook foydalanuvchisi unga e‘tiroz bildiradi: "Navro‘z mushriklarning diniy marosimi!. Islomda har bir amalning paydo bo‘lish tarixi muhim axamiyatga ega!".

Utkir Gulyamov: Navro‘z bu- xalqimiz mentalitetiga juda mos keluvchi qadimiy an‘analarimiz, ukrf-odatlarimizni aks ettiruvchi, faqatgina pozitiv hissiyotlarni olib keluvchi bayram. Birovlarning tazyiqi bilan urf-odatlarimizdan voz kechsak, bu holatda manqurt bo‘lib qolamiz-ku!. Navro‘zni Islom diniga aloqasi bo‘lmasa, uni inkor qilish zarurmikan?. Unda har kuni o‘zining Islomdan oldingi tarixini vayron qilayotgan IGIL dan nima farqimiz qoladi?. Buyuk xalqimizda Islom dini bilan bog‘liq bo‘lmagan yuzlab yaxshi odatlarimiz bor. Masalan, nonni, dasturxonni e‘zozlash va hokazolar... Bular imonni mustahkamlaydiki, ammo aslo zaiflashtirmaydi!!!.

Xusen Umarov: Navro‘zni nishonlash kerak deb uylayman, bu bayram odamlarga kuch va orzu bag‘ishlaydi!

Dilara Rajabova: Shaxsan men uchun NAVRUZdan go‘zal bayram yo‘q.

Rustam Karim: O‘zbekistonda, Navruz bizga kerakmas, duyishsa,avtomatik holatda 159 va 244 buyniga ilinadi yoki osiladi!. Konstitutsiyaga qarshi chiqding deb. Chunki Navro‘z bayrami .u - davlat bayrami!)))). Shuning uchun hech kim haqiqatni yozmaydi!!!. Navro‘z,koni zarar xalk uchun,chegaralar yopiladi,biznes to‘xtaydi va viloyatdan kelganlar hayvon kabi haydaladi qishlog‘iga. Umuman, bayram O‘zbekiston xalki uchun zarar,bayram degani faqat tushum, kirim yo‘q xalq uchun!!!.

Firuz Allayev: Navro‘z bu ming yillikdan beri nishonlanib kelinayotgan bayram. Ushbu bayram hozirgi chala mullalardan oldin, Al-Buxoriylarning davrida ham nishonlangan. Bugun dunyoviy davlatda yashab turibmiz va kim uni nishonolashi yo-da nishonlamasligi shaxsiy huquqi. Bahorning boshlanishini bayram qilish, qavm-qarindoshlardan xabar olish, mahallada shanbalik qilib, shu bahona bayram tashkillashtirish, sumalaklar qilish hammasi yaxshilikka xizmat qiladi. Kimning nishonlagisi kelmasa, marhamat, lekin bosim o‘tkazish kerak emas!.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002