Tunisdagi muzeyga qurolli hujum, qurbonlar bor

Tunis poytaxtida sodir etilgan qurolli hujum natijasida kamida yetti sayyoh va bir mahalliy kishi o‘ldirilgan.

Noma‘lum qurolli shaxslar avtomatlar bilan Tunis parlamenti oldidagi muzeyga bostirib kirib, ichkaridagi odamlarga qarata o‘t ochganlar.

Tasdiqlanmagan ma‘lumotlarga qaraganda, hujumchilar bir necha kishini garovga olgan, ular orasida xorijiy sayyohlar ham bor.

Image copyright EPA

Guvohlar parlament binosida otishmalar ovozini eshitganlarini aytishgan.

Dastlab jangarilarning maqsadi parlament binosi bo‘lgani xabar qilingandi. Keyinroq yaqin oradagi "Bardo" muzeyi nishonga tutilgani ma‘lum bo‘lgan.

Voqea yuz bergan hudud politsiya bilan o‘rab olingan, tafsilotlar o‘rganilmoqda.

Image copyright AFP

Qadimiy eksponatlarga boy "Bardo" muzeyi doimo sayyohlar e‘tiborida bo‘lib kelgan.

Qo‘shni Liviyadagi vaziyat tobora beqarorlashib borayotgani ortidan Tunisdagi xavfsizlik to‘g‘risida xavotirlar oshgan.

Ko‘p sonli tunisliklar Suriya va Iroqda jangarilar safida yurgani aytiladi.

Ortiga qaytgan jangarilar o‘z vatanida terroristik harakatlarni boshlashi to‘g‘risida xavotirlar mavjud.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002