General Do‘stum "New York Times"ga raddiya yozgan

Image caption Genaral Do‘stum idorasi ro‘znomaga raddiya yuborgan

Bundan bir necha kun avval "New York Times" ro‘znomasi "Afg‘oniston vitse-Prezidenti, sobiq urush qo‘mondoni chekalantirilgach, tutaqmoqda" degan maqolani chop etdi. Maqola muallifi A‘zam Ahmadning aytishicha, Do‘stum bundan biroz avval xavfsizlik kengashida deyarli yig‘lagan.

Bu maqolaga javoban general Do‘stum idorasi ro‘znomaga o‘z javobini yuborgan. Bu raddiyada jumladan bunday deyiladi: "New York Times" 100% yolg‘on bo‘lgan, balki to‘liq soxtalashtirilgan hamda yolg‘on ma‘lumotlarga asoslangan xabarni chop etdi".

Raddiyada "New York Times" ro‘znomasining Kobuldagi idorasi Do‘stum janoblari bilan aloqada bo‘lmaganligi aytilib, bu hol xabarning tarafkashligidan dalolatdir deyiladi.

Raddiya ro‘znomaga qarata: "Siz o‘z maqolangizda general Do‘stumning xavfsizlik yig‘ilishlaridan birida deyarli yig‘laganini aytgansizlar, biroq bu assossiz va zaminasiz soxtakorlikdir" - deb ta‘kidlaydi va "Biz buni keskin ravishda rad etamiz!" - deb davom etadi.

Raddiya so‘ng generalning Prezident Ashraf G‘ani bilan birgalikda o‘zining Vitse-Prezident maqomida ish olib borayotganligini va faoliyatining qirralari haqida gapirib, "Bu kabi xabarlar general Do‘stumning ma‘lumu mashhur hamiyatiga ziyon keltirish uchun maydadir, biroq insonlarning general Do‘stum haqidagi tasavvurini buzishga yordam beradi" - deydi va "New York Times" ro‘znomasining muxbiridan ushbu iddaolarning to‘liq ta‘birini berishni talab qiladi.

Ro‘znoma hozircha bu xususda hech qanday qo‘shimcha izoh bermagan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002