Prezidentlar raqsida kimning qo‘li baland?

Image caption Prezident Karimov raqsga tayyor

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov odatda bayramlarda raqsga tushadi. Bu Navruz bayramlarida ham uning yelka qoqib yo‘rg‘alashi kutilmoqda. Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbarlari orasida u yagona raqqos emas. Internet zamonida rahbarlarning mashqlari tezda ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalar ekan, musobaqa shoularga ko‘nikkan tomoshabinlar bexosdan Prezidentlarning talantlarini ham bir-biri bilan solishtirsa ajab emas. Xo‘sh, agar ular orasida ham musobaqa o‘tkazilsa, qay biri g‘alaba qozonardi, yo, ta‘bir joiz bo‘lsa, bularning qay biri muqomlarda talantliroq?

Britan televideniyesining eng mashhur eshittirishlaridan birida mashhur insonlar tomoshabinlar o‘ngida raqsda bellashishadi. Strictly come dancing nomli bu eshittirish 40 dan ortiq boshqa mamlakatga ham sotilgan.

Markaziy Osiye mamlakatlarini oladigan bo‘lsak, mashhurlik bobida bularda hech kim Prezidentlarga yetmaydi. Ana o‘sha Prezidentlar muqomlarga yo‘rg‘alar ekan, bularning musobaqasi nechuk kechardi?

Prezident Karimov sahnani odatda Navruz va Mustaqillik kunlarida egallaydi. Bu nuqtai nazardan uning raqsga shayligi albatta qo‘shimcha ochkolar keltirardi. Biroq raqsning o‘zida u biroz no‘noqroq, yuzining ifodasi ham qotib qolganroq...

Aksincha, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning badan harakatlari ehtirosliroq. Buni, jumladan uning o‘g‘li to‘yida tushgan raqsidan bilib olsa bo‘ladi. Balki tantananing o‘zi bunga undagandir, baharhol uning g‘amzayu muqomlari anchayin jonli.

Turkmanistonga o‘tadigan bo‘lsak, bunda Prezident Berdimuhammedovning repertuari kengroq. U o‘zining tug‘ilgan kunida bir gitara, bir akkordeon chalib qo‘yadi, raqs harakatlari esa bag‘oyat uquvli, rost, biroz zerikarliroq.

U ko‘proq Di djey sifatida tirikroq, videolarning birida plastinkalarni aylantirib, badanlarini sollantirishi zavqu nash‘aga to‘la. Lekin u plastinkalarga bog‘lanib qolgani, bu raqs uchun ochkolar sonini biroz kamaytirishi turgan gap.

Qozoq Prezidenti Nursulton Nazarboyevning gitara chalgan videolari mavjud esa-da, raqsga tushganlari deyarli yo‘q. Qirg‘iziston Prezidenti Atambayev ham namozda suratga olingan esa-da, raqsga tushgani topilmaydi.

Bundan peshqadamlik Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonga tegadi.

Unga raqib topmoqchi bo‘lsangiz, Rossiyaga nazar tashlash kerak bo‘ladi. O‘z paytida Prezident bo‘lgan Dmitriy Medvedevning disko uslubidagi raqsi, yo-da eskirog‘ini oladigan bo‘lsak, Rossiyaning sobiq Prezidenti Yeltsinning saylovlar oldidan sahnada "yondirishi"ni eslash kerakdir.

Prezident Yeltsinning 1994 Berlinda qo‘liga dirijer cho‘pini olib ko‘rsatgan qiliqlaridan ustun kelish amri maholdir. Bundagi shavqu zavq ham chindan ham benazir.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002