Putin valyuta ittifoqini tuzishni taklif qildi

Image copyright AP
Image caption Jahonda neft narxlarining pasayishi sabab Rossiya va Qozog‘istonning iqtisodiy o‘sishi sekinlashgan

Prezident Putin Rossiya, Belarus va Qozog‘iston o‘rtasida valyuta ittifoqini tuzish bo‘yicha muzokaralarni boshlashni taklif qilgan.

Bu haqda u Ovrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi rahbarlarining Ostonadagi sammiti chog‘ida gapirgan.

"Biz hamkorlarimiz bilan monetar siyosatni muvofiqlashtirishga kelishganmiz. O‘ylaymanki, kelajakda valyuta ittifoqini tuzish haqida gaplashish vaqti keldi", deya Putindan iqtibos keltiradi Interfaks agentligi.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, "elkama-elka ishlash bilan tashqi moliyaviy, iqtisodiy tahdidlarga qarshi turish va yagona bozorni himoya qilish" osonroq bo‘ladi.

Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko uch davlat rahbarlari 8 may kuni Moskvada uchrashish va Ostonada ko‘tarilgan masalalarni batafsil muhokama qilishga kelishganliklarini aytgan.

OII o‘tgan yilning 29 may kuni Ostonada ta‘sis etilgandi.

Moskva Ovrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi yagona bozor yaratish va ishtirokchi davlatlarning iqtisodiy-moliyaviy siyosatlarini birlashtirishga yordam berishini aytadi.

Ammo tashkilot Kremlning SSSRni qayta tiklashga qaratilgan loyihasi, degan fikrlar ham mavjud.

O‘zbekiston qarshi

Ostonadagi sammit arafasida Prezident Islom Karimov O‘zbekistonning Rossiya yetakchiligidagi iqtisodiy ittifoqqacho‘shilish rejasi yo‘qligini aytgan.

"O‘zbekiston katta og‘a boshchiligidagi eski davrlarni qaytarishga qaratilgan bunday bloklarga hech qachon qo‘shilmaydi. Bugun O‘zbekiston o‘zining qatiy geosiyosiy mavqe‘yiga ega va biz boshqalarga quloq solmaymiz" deb aytgan janob Karimov.

O‘tgan yil dekabrida Prezident Putinning O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida Rossiya rasmiylari Toshkent Ovrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yishga tayyorligini aytishgandi.

Ukrainadagi voqealar sabab g‘arbning Moskvaga qarshi jazo choralari, kuzatuvchilarga ko‘ra, OII doirasidagi aloqalarni qiyinlashtirgan.

Prezidenti Nursulton Nazarboyev Qozog‘istonning suverenitetiga daxl qilgani taqdirda Ittifoqdan chiqib ketishlarini aytgan.

Jahonda neft narxlarining pasayishi sabab Rossiya va Qozog‘istonning iqtisodiy o‘sishi sekinlashgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002