Turkmanistonga xush kelibsiz!

Image copyright AFP
Image caption Turkmanistonga yo‘l olsangiz, qo‘lingizda lug‘at bo‘lsin

Yo‘l azobi go‘r azobi. Lekin taqdir taqozosi bilan qarindosh-urug‘lar turli mamlakatlarga ko‘chib ketishadi. Diydor g‘animat deganlaridek, inson inson bilan tirik, ayniqsa tug‘ishganlaring bilan.

Shuning uchun hech qanday to‘siqlar o‘z yaqinlaringni ko‘rishga halaqit qilmaydi. Lekin ba‘zi to‘siqlar haddan tashqari. Ularga na kulishingni va na yig‘lashingni bilasan kishi.

Bunday sayohatlar ba‘zida bir necha yillik taasurot qoldiradi odamda. Bir xillar boshidan o‘tganini birovga gapirishga or qiladi. Shunday bo‘lsa-da o‘z boshimdan kechirganimni sizlar bilan bo‘lishmoqchiman.

Sababi - maslahatlarim sizga ham bir kun asqotadi degan umiddaman. Bu Turkmanistonga yo‘l olgan sayohatchilarga beriladigan maslahatimni hech bir turistik qo‘llanmada topa olmaysiz.

Chunki bu gaplar "boshdan kechirgan ta‘bib" deganlaridek, kamina ham ushbu "mo‘‘jizakor" mamlakatga sayohat qilish baxtiga muyassar bo‘ldi. "Teatr kiyim ilgichlardan boshlanadi" deganlaridek, "zamonaviy Turkmaniston" bojxonadan boshlanadi.

Mehmon yoki turist sifati Turkmanistonga uchib kelishingiz bilan, shu bojxona yoki chegara xodimlari qo‘liga tushasiz. Birinchidan, ularning hech biri Turkman tilidan boshqa tilda so‘zlashmasligiga tayyor bo‘ling.

Shu tufayli, o‘zingiz bilan hech bo‘lmaganda bitta lug‘at olib oling. Ikkinchidan, sizning yukingiz sinchiklab tekshirilishiga tayyor turing. Sizning shaxsiy narsalaringiz, ya‘ni ichki kiyimlaringiz ham birma-bir to‘liq nazoratdan o‘tadi.

Shunday holatga guvoh bo‘ldim: forma kiygan yosh yigitcha bir ayolning ichki kiyimlarini tita ketdi. Bu hali holvasi, hali emas hammasi…

Tekshirish gali endi gigiyena paketlariga keldi. Yigitchani bu narsalar o‘ta qiziqtirib qoldi, sababi ularning shakli kichik "bombachalarni" eslatadi-ku! Uning bunday mahsulotdan xabari yo‘q ekan, qo‘pol tarzda haligi xonimni noo‘rin bema‘ni savolga tutdi.

Ayol na javob berishni va na bermaslikni biladi. Yer yorilmadi, yerning tagiga kirib ketmadi. Uyalganidan qizarib, yerga qarab turaverdi. Bunday "turkmancha tekshirish uslubi" nazoratning ilk bosqichi ekan.

Keyingisida alohida xonaga kirishimni so‘rashdi, u yerda forma kiygan ikki ayol o‘tirardi. Ular menga belimgacha yechinib, ichki ishtonimning belbog‘ini ochib ko‘rsatishimni buyurishdi. Men noto‘g‘ri eshitdim deb o‘ylab, titragan ovozda qayta so‘radim.

U mendan nima talab qilinishini aytdi. Men ularga bunday munosabat izzat-nafsimga tegayotganini aytdim. Lekin nazoratchi ayol bu holat u uchun oddiy bir kundalik ishi, hamda barcha Turkmanistonga kiruvchilar uchun birday rasmiy talab ekani takrorladi.

Shunday tekshirish jarayonidan so‘ng nihoyat meni shaharga qo‘yishdi. Men o‘z yoru-birodarlarimni ko‘rib quvongan bo‘lsam ham, haligi shok holati meni uzoq vaqt tark etmay turdi.

Xullas, hissadan qissa - Turkmanistonga bormoqni niyat qilsang, yechinishga ham tayyor turing, aziz sayohatchi!

Kozog‘istonlik sayyoh.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002