Britaniya: "Qrim Ukrainaga qaytarilishi kerak"

Image copyright Getty
Image caption Xemmondga ko‘ra, Britaniya Qrimning anneksiyasini hech qachon tan olmaydi

Britaniya Tashqi ishlar vaziri Filip Xemmond Rossiya Qrimni Ukrainaga qaytarishi kerakligini aytgan.

Forin-ofis tarqatgan bayonotda Britaniya tashqi siyosat mahkamasi rahbari bir yil muqaddam Qrimning Rossiya tomonidan anneksiya qilinishini yana bir marta qoralagan.

"Bir yil avval Qrimning Rossiya tomonidan anneksiya qilinishi xalqaro qonunchilikning ochiqdan-ochiq buzilishi edi. Bu Ukrainaning suvereniteti va hududiy yaxlitligini mensimaslikni ko‘rsatdi va men buni eng qat‘iy shaklda qoralayman", - deya Xemmonddan iqtibos keltiradi Britaniya Tashqi ishlar vazirligining sayti.

"Soxta referendum"

Janob Xemmondning so‘zlariga ko‘ra, Buyuk Britaniya o‘tgan yili Qrimda o‘tkazilgan "referendum"ni tan olmaydi va uni o‘g‘irlikni yashirish maqsadida o‘ylab topilgan, Putinning o‘zi ham tan olgan niqob deb biladi.

Filip Xemmondga ko‘ra, Putinning ushbu qadami xalqaro xavfsizlikka tahdid soladi.

"Rossiyaning chegaralarni o‘zgartirish maqsadida kuch ishlatishi qabul qilib bo‘lmasdir", - deb aytgan Britaniya Tashqi ishlar vaziri.

"Biz Rossiyaga davomli va ochiq bir shaklda aytamiz: 2014 yil martida Qrimning anneksiya qilinishi noqonuniy va nolegitim bo‘lgan edi va 2015 yil martida ham noqonuniy va nolegitimligicha qolmoqda. Rossiya Qrimni Ukrainaga qaytarishi kerak", deyiladi bayonotda.

Britaniya Tashqi ishlar vazirligi Rossiya Qrimni anneksiya qilganidan buyon milliy ozchiliklarning huquqlari cheklanayotgani, qrim tatarlarining uylarida 100dan ortiq reydlar o‘tkazilganini qayd etgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002