Li Kuan Yu boshqaruv uslubi Markaziy Osiyo rahbarlariga qiyosmi?

Image copyright AP

Singapur sobiq prezidenti Li Kuan Yuning vafoti ortidan mamlakatda 7 kunlik motam marosimi e‘lon qilindi.

91 yoshida olamdan o‘tgan janob Li Singapurni kichikkina bandargoh shahridan jahonning eng farovon mamlakatlaridan biriga aylantirganligi aytiladi.

Lekin ayni vaqtda uning qattiq nazorat usuli, matbuotga cheklovlar, muxolifatga toqatsizligi hanuz mamlakatga meros bo‘lib qolgan.

80-nchi yillardagi nutqlaridan birida, janob Li: "Meni odamlarning shaxsiy hayotiga aralashishda ayblashadi. Albatta shunday bo‘lgan, shunday qilmaganimda, men bu yerda bo‘lmasdim, mamlakat ham bu yerda bo‘lmasdi" - deya tan olgandi.

Uning o‘limi haqidagi xabar ortidan Ijtimoiy tarmoqlarda Markaziy Osiyo joriy rahbarlari bilan Li Kuan Yuning rahbarlik usulini qiyoslash ma‘nosida ba‘zi fikrlar aytilmoqda. Bu qiyoslash ne qadar o‘rinli? Ushbu savol bilan BBC Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha tahlilchi, sotsiolog Alisher Ilhomovga murojaat qildi.

Alisher Ilhomov: Agarda Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, O‘zbekistondagi vaziyatni Singapur bilan solishtiradigan bo‘lsak, yagona o‘xashashlik topiladigan soha bu avtoritar rejimlar mavjudligidadir. Lekin boshqa asosiy sohalarda men bu o‘xshashlikni ko‘rmayman. Markaziy Osiyo davlatlari mustaqilikka erishganidan beri o‘tkazgan vaqti ichida, ya‘ni 20-25 yil mobaynida Singapur mintaqadagi boshqa davlatlarga qaraganda, iqtisodiy jihatdan sapchib, yetakchi davlatga aylandi. Markaziy Osiyo davlatlari esa hanuz abgor ahvolda va aksar hollarda Rossiyaga ketgan muhojirlar ishlab topayotgan pulga qaram bo‘lib qolishgan. Bu esa mahalliy rahbarlarning asl iqtisodiy o‘sish va ish joylarini ta‘minlashga qodir emasliklarini ko‘rsatadi. Xullas, ko‘plab sohalarda men bu o‘xshatishni ishlatmagan bo‘lardim. Ikkinchidan men Li Kuan Yuga nisbatan "diktator" iborasini ishlatmagan bo‘lardim. U avtoritar rahbar edi, inson huquqlari, ayniqsa matbuot sohasida cheklovlar kiritgandi. Lekin muxolifat tazyiq ostiga olingan bo‘lsa ham, u o‘zidan keyin qonli iz qoldirmagan. Singapurda siyosiy sohada cheklovlar bo‘lgan va bor, lekin iqtisodiy sohada erkinliklar juda ko‘p. Hukumat korruptsiyaga qarshi jiddiy kurashgan. Iqtisodda "ochiq eshiklar" siyosati o‘tkazilgan. Qonun ustuvorligini ta‘minlash yo‘lida ko‘p ishlar qilingan, bularning hech biri Markaziy Osiyo mamlakatlarida yo‘q.

BBC: Lekin Singapur erishgan darajada muvaffaqiyatga erishish uchun Markaziy Osiyo davlatlarida sharoit bor edi, deb hisoblaysizmi?

Alisher Ilhomov: Sovet Ittifoqi qulagan va Singapur Malayziyadan ajralib o‘z mustaqil yo‘lini boshlagan vaqtdagi boshlang‘ich nuqtalarni solishtirsak, Markaziy Osiyo davlatlaridagi sharoitda osmon bilan yerdek farqi bor. Singapur o‘z rivojini qoloq bir bo‘lgadan, no‘ldan boshlagan. Markaziy Osiyo davlatlarida esa sho‘rolar davrida yaratilgan sanoat, anchayin rivojlangan infrstruktura bor edi.

BBC: Shunday ekan, Markaziy Osiyo rahbarlari bu imkoniyatlardan foydalanishni bilmadilarmi, yo xohlamadilarmi?

Alisher Ilhomov: Aytganimdek, hamma narsa rahbarlik uslubiga bog‘liq. Janob Li reformator edi, u islohotlardan boshladi. Korruptsiyaga qarshi jiddiy kurash boshladi.

BBC: Lekin, masalan, O‘zbekiston rahbariyati ham korruptsiyaga qarshi kurash olib borayotgani, mahsus kampaniyalar o‘tkazilayotgani haqida mutassil gapirib keladi?

Alisher Ilhomov: Bizda korruptsiyaga qarshi kurash nimadan iborat? Qandaydir mulozimni hibsga olib, yopiq mahkamada, protsessual qonunlarga rioya qilinmagan holda sudlashadi. Bu yerda yoqmay qolgan rasmiyga qarshi kurash ketyaptimi, klanlar o‘rtasida kurashmi - tushunib bo‘lmaydi. Korruptsiyaga qarshi haqiqiy kurash u yoki bu mulozimni mahkamaga tortish bilan belgilanmaydi. Buning uchun asl sharoit yaratilishi kerak. Markaziy Osiyoda biz buni ko‘rmaymiz.

BBC: Hozirda ijtimoiy tarmoqlarda bu borada turli fikrlar aytilayotgan ekan, ular orasida "Chilida ham Pinochet davrida iqtisodiy o‘sish kuzatilgan, lekin odamlar baribir Alende zamonida siyosiy erkinliklar bor edi va biz o‘sha zamonni afzal bilamiz", degan fikrlar aytilmoqda. Sotsiolog sifatida sizning kuzatuvlarmingiz qanday? Odamlar iqtisodiy farovonlikni afzal biladilarmi yoki siyosiy erkinliklarnimi?

Alisher Ilhomov: Men bu ikki omilni bir biriga zid qo‘ymagan bo‘lardim. Aholi huquqlarini ta‘minlamay turib, asl iqtisodiy rivojlanishni ham ta‘minlab bo‘lmaydi. Chilida ertami-kechmi Pinochet rahbarlikdan ketdi va uning davri mamlakat tarixida bir palla edi xolos. Agarda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari avval boshdan korruptsiyadan holi, mamlakat manfaatlari bilan o‘zlari va o‘z oilalari manfaatlarini ajrata bilganlarida edi, iqtisodiy erkinliklarni yaratganlarida edi, jilla qursa, qandaydir iqtisodiy asos, demokrtik o‘zgarishlarni yarata oladigan ijtimoiy qatlam paydo bo‘lardi. Ko‘plab Osiyo davlatlari aynan mana shu yo‘ldan borishdi. Lekin Markaziy Osiyo davlatlari bu sohada boshi berk ko‘chaga kirib qoldilar. Qozog‘istonda qandaydir islohotlarni o‘tkazish urinishlari bo‘lgandir, lekin u yerda ham bu qadamlar yarim-chala va shuning uchun Qozog‘istonni ham namuna sifatida keltira olmaymiz.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer