"Hakamning parlament a‘zosi bo‘lishi konstitutsiyaga zid"

Image copyright BBC World Service

Qarorgohi Parijda joylashgan "Markaziy Osiyoda inson huquqlari" birlashmasi bayonot tarqatishicha, O‘zbekiston konstitutsiyasiga zid ravishda amaldagi hakamlar parlament a‘zolari bo‘lganlar.

O‘zbekiston konstitutsiyasida mahkama tizimining qonunchilik va ijroiya hokimiyatdan, siyosiy tashkilotlar va boshqa ijtimoiy birlashmalardan mustaqil ekani ta‘kidlangan va "Markaziy Osiyoda inson huquqlari" assotsiatsiyasiga ko‘ra, O‘zbekiston rasmiylari ongli ravishda mamlakat bosh qonunini oyoqosti qilmoqdalar, bu BMT tomonidan O‘zbekistonga taqdim qilingan mamlakat sud tizimining mustaqilligini ta‘minlashga yo‘naltirilgan mablag‘larning "ko‘kka sovurilishidir".

Inson huquqlarini himoya qilish assotsiatsiyasi O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasining sakkiz a‘zosi hakam ekaniga e‘tibor qaratgan.

O‘zbekiston parlamenti a‘zolarining professional sudyalar ekani O‘zbekiston Markaziy Saylov komissiyasi tomonidan ham e‘tirof etilgan va saylov komissiyasi hakamlarning nomzodlari deputatlikka ilgari surilishiga ham, ularning saylovda g‘alaba qozonib parlament a‘zosiga bo‘lganlariga ham e‘tiroz bildirmagan.

"Markaziy Osiyoda inson huquqlari" assotsiatsiyasi rahbari Nadejda Otayevaning aytishicha, O‘zbekistonning ichida ushbu muhim konstitutsiyaviy tamoyil poymol etilayotgani haqida gapirish xavflidir.

Nadejda Otayeva: Avvalambor shuni aytish kerakki, o‘zbekistonliklar uchun barcha saylovoldi kampaniyalari va hamma saylovlarning rasmiyatchilik uchungina o‘tkazilishiga ko‘nikib qoldilar. Va parlamentga so‘nggi saylovlar ham ana shunday kayfiyatda bo‘lib o‘tdi. Hakamlar – professional yuristlarning o‘zlari ham shu qadar qonunga "dushman" bo‘lib qolishganki, mamlakat bosh qonuni – Konstitutsiyaga qarshi qadam qo‘yganlar. O‘zbekiston Konstitutsiyasining 106-bandida esa, sud hokimiyati mustaqil hisoblanadi, deb aniq-taniq qilib yozib qo‘yilipti. Biz esa bugun amaldagi sakkiz hakamning qonun ishlab chiqarish hokimiyatining a‘zosiga aylanganining guvohi bo‘lib turibmiz. Bu ham yetmaganday, sudyalardan biri siyosiy partiyaning ham a‘zosi. Bu Islom Karimovni to‘rtinchi marotaba prezidentlikka ilgari surgan Liberal-Demokratik partiyadir. Mana sizga O‘zbekiston fuqarolarining siyosiy huquqlariga ko‘rsatilayotgan hurmat! Shuning uchun ham "Markaziy Osiyoda inson huquqlari" assotsiatsiyasi e‘lon qiladiki, konstitutsiya va erkinliklarning kafolati bo‘lgan Prezident Islom Karimovdan boshlab, hakamlik lavozimini egallab turgan professional yuristlargacha, mamlakat parlamenti qabul qilgan qonunlarga hurmatsizlik ko‘rsatmoqdalar. Ana shu parlamentning o‘zi o‘z saflariga amaldagi sudyalarni qabul qilmoqda. Bu konstitutsiya va qonunlarni ochiqdan-ochiq oyoqosti qilish, ularga qarshi borishdir. Bunday vaziyatda O‘zbekistonning ichkarisida yashaydigan biror bir fuqaro bu haqda e‘lon qila olmaydi. Chunki bu haqda e‘lon qilish o‘sha fuqaroning nafaqat erkinliklari uchun, balki hayoti uchun ham xavflidir. To‘la diktatura, huquqlarni butkul poymol etish, korruptsiya avj olishi va qonun yuziga oyoq qo‘yish bu. Bularning hammasini hozir O‘zbekistonga borgan xalqaro kuzatuvchilarning ko‘rishlari, tushunib yetishlari va biz bilan birga bu haqda gapirishlari o‘ta muhimdir.

BBC: Bunda balki mamlakatda huquqiy savodxonligi baland odamlar kam, shuning uchun Qonunchilik palatasining a‘zolari professional yuristlar bo‘lgani afzal, degan fikrdan kelib chiqib shunday ish tutilgandir. Balki parlament a‘zosi bo‘lganlaridan so‘ng hakamlar o‘z vakolatlarini to‘xtatgandirlar?

Nadejda Otayeva: Bu axborot parlamentning saytida bugun ham turipti. Qonunchilik palatasining a‘zolari ro‘yxatida bu deputatlarning hakam ekanligini yozib qo‘yishiptimi, demak biz bugun ham bu sudyalar o‘z vakolatlaridan voz kechmaganlariga shubha qilmaymiz. Siz yana mana bu jihatiga ham e‘tibor bering: Toshkentda doimiiy istiqomat qiladigan ikki deputat viloyatlardan "saylangan". Bu parlament a‘zolari qanday qilib ikki vazifalarini uddalashay olishadi, men tushunmayman. Qanday qilib Toshkentda Xo‘jalik sudining sudyasi bo‘lish bilan birga Qoaqalpog‘istondan parlament a‘zosi bo‘lish mumkin? Dunyoning hech qaysi mamlakatida bir inson ham hakamlik va ham deputatlikni birga olib bormaydi. O‘zini demokratik hisoblagan jamiyat mustaqil sud tizimini inson huquqlarining fundamental tamoyili deb tan oladi va uni hurmat qiladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02