Xitoyda uch uyg‘ur terrorizmda ayblanib qatl etilgan

Kunmin shahri temir yo‘l vokzalida yo‘lovchilarga pichoqlar bilan hujumda aybdor deb topilgan uch uyg‘urga nisbatan o‘lim jazosi ijro etilgan.

Xitoy matbuotiga ko‘ra, ular otib o‘ldirilgan.

Shinjondagi mahkama sentyabr oyida Iskandar Ahad, Turg‘un To‘xtaniyoz va Hasan Muhammadni terrorizm ayblovlari bilan o‘lim jazosiga hukm etgan, bir ayolga umrbod qamoq jazosi tayinlagan edi.

Mahkama Iskandar Ahad, Turg‘un To‘xtaniyoz, Husayn Muhammad "qotillikni maqsad qilgan terrorchilik guruhini tashkil qilish va bu guruhga yetakchilik qilish" bandida aybdor deb topgan.

Aybdor deb topilgan to‘rtinchi shaxs ayol bo‘lib, u Patigul To‘xta deb aytilgan.

Uni "qotillikni maqsad qilgan terrorchilik guruhida ishtirok etish"da ayblashgan.

2014 yil mart oyida Kunmin vokzalidagi hujumda qora kiyimdagi kishilar vokzalga bostirib kirgani va 31 insonni pichoqlab, 140 tasiga jarohat yetkazgani aytilgan.

To‘rt hujumchi hodisa joyida otib o‘ldirilgan.

Bu hujum Xitoyda ko‘pchilikni larza va qayg‘uga solgan edi.

Rasmiy Pekin bu hujumda Markaziy Osiyoga chegaradosh Shinjonning musulmon uyg‘urlarini mas‘ul deb biladi.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, qatl etilganlar Kunmindagi hujumda shaxsan ishtirok etishmagan. Politsiya ularni hodisa sodir etilishidan ikki kun hibsga olgan bo‘lgan. Biroq mahkama uyg‘urlarni terrorizm va qotilliklarni uyushtirishda aybdor deb topgan.

Biroq uyg‘ur faollari Xitoy hukumati bu kabi ayblovlar bilan ularning dini va madaniyatini yo‘qotish siyosatini olib borayotganini aytishadi.

Shinjon musulmon uyg‘urlarning vatani sanaladi. Shinjon bundan oldin ham qator hujumlarga sahna bo‘lgan.

Xitoy hukumati Kunmin vokzalidagi hujum, 2014 yil may oyi boshida Urumchi temir yo‘l stantsiyadagi portlash va ko‘cha bozoridagi portlashdan keyin butun Shinjonda xavfsizlik choralarini kuchaytirgan.

Bundan oldingi Pekindagi Tyananmen maydonidagi avtomobil portlashida ham Xitoy hukumati uyg‘urlarni ayblagan.

Uyg‘urlar etnik kelib chiqishi bo‘yicha turkiy musulmonlardir.

Shinjon aholisining 45 foizini uyg‘urlar, 40 foizini xitoylar tashkil qiladi.

Xitoy 1949 yilda Sharqiy Turkistonda nazoratni qo‘lga olgan.

O‘shandan buyon Shinjonga xitoy xanlari ommaviy ravishda ko‘chib kelib o‘rnashganlar.

Uyg‘urlar o‘zlarining diniy va madaniy qadriyatlari yo‘qotilishidan xavotirdalar.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02