Kremlga xizmat qilayotgan trollar armiyasi

Image caption Trol!

So‘nggi yillarda Rossiyada kremlparast trollar (internet fitnakorlari) soni sezilarli oshgan.

Bu kabi "bloger"larga Rossiya hukumati mo‘maygina to‘lashi haqida aytiladi.

Ularning asosiy vazifasi ijtimoiy tarmoqlarda Ukraina va G‘arb davlatlarini so‘kish, Kremldagi hukumatni maqtashdan iborat.

Sankt-Peterburgdagi "Internet tadqiqotlari agentligi"da kamida 400 kishi ishlaydi.

Shahar chekkasidagi bu agentlik idorasi alohida ajralib turmaydi, ammo mahalliy "Moy rayon" gazetasiga ko‘ra, aynan shu yerga "kremlparast trollar" in qurib olishgan.

Bu agentlikni ayrimlar Putinning "oshpazi" deb ataydigan Yevgeniy Prigojin bilan bog‘lashadi.

U go‘yo blogerlarga haq to‘lab turadi.

Blogerlar esa o‘z navbatida dunyoning ilg‘or axborot agentliklari sahifalarida "o‘z fikrlarini" qoldirishadi.

Ularning Twitter, Livejournal va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab hisoblari bor.

"Men shu nashrda ishlaydiganlar yozgan maqolalarga 126 ta izoh yozishim kerak, yana 25 izoh haqiqiy foydalanuvchilarning yozganlariga bag‘ishlanadi…Yana men 10 ta xabar ham yozishim kerak edi", deydi mana shu agentlikning sobiq xodimi Anton.

Trollar esa…o‘zlarini ayrim holatlarda uy bekalari, ba‘zida esa "hafsalasi pir bo‘lgan amerika fuqarosi" deb tanishtirganlar.

Trol ekanlarini yashirish uchun esa ular nafaqat siyosiy, balki ayrim payt sayohatlar va ovqat pishirish kabi boshqa mavzularda ham yozib turishgan…

"Mening ismim Tatyana, men juda xushmuomala va do‘stsevar ayolman, dunyoda nimalar bo‘layotgani bilan qiziqaman, san‘atni, kinoni va sayohatni sevaman…" deb yozgan "tuyqer898" niki bilan tanilgan shaxs o‘z blogida…

Ammo Novaya gazetaning Kremlparast trollari ro‘yxatida…mana shu sayohatsevar Tatyananing ham nomi chiqib qoldi.

Fitnakorlarga fitna buyruqlari

Image copyright Getty
Image caption Trollarga Boris Nemtsovning nomini bulg‘ash buyrug‘i ham berilgan

Trollarga "texnik vazifalar" beriladi, masalan, o‘ldirib ketilgan Boris Nemtsovni tahqirlash haqida…

Yoki ularga Rossiya rahbarlarini maqtash haqida buyruq keladi.

Ana endi ma‘lumotlarga ishonilsa, bu agentlikda ishlaydigan xodimlarga aniq-tiniq qilib vazifa berilgan, ya‘ni ular qoldiradigan xabarlar 700 belgidan oz bo‘lmasligi, tunda ishlaydiganlar esa kamida 1000 belgilik xabar yozishlari shart bo‘lgan.

Maxsus kalit so‘zlar albatta bu xabarlardan joy olishi kerak bo‘lgan.

Ular qatorida, masalan, Rossiya muxolifati, Ukraina, G‘arb bilan munosabatlar alohida o‘rin egallagan.

"Radio Svoboda" bilan suhbatda shu agentlikning sobiq xodimasi Lena "texnik vazifalar"ga doir masalani bir qadar ochiqlaydi.

Unga ko‘ra, muxolifat marshi arafasida Nemtsovning o‘limi uning hammaslaklari kerak bo‘lgan degan qarash ilgari surilgan.

Aynan mana shu qarash bilan topshiriq olgan trollar bir xabar ostida yuzlab izohlar qoldirishadi.

Shaklan har xil, ammo mazmunan bir xil bu qarashlarda o‘sha berilgan "topshiriq" bajariladi.

Pyotr Pomerantsev fikricha, Kreml axborot fazosini nazorat qilishga ojiz, ammo uni yaxshigina ifloslantirishi mumkin.

Ammo ayrim ekspertlarga ko‘ra, Kremlga trollar armiyasi kerak emas.

Chunki Rossiyada jamoatchilikning fikrini intertet emas, televizion o‘zgartiradi.

Ammo taniqli jurnalist Pyotr Pomerantsevning aytishicha, trollarning maqsadi odamlarni nimagadir ishontirish emas, balki ularni butunlay chalkashtirib qo‘yishdir.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02