UzWebiston: "Islomiy davlat"...yo "tishsiz" internet nashrlari haqida

Image caption Soni ko‘pu, sifati...

"Islomiy davlat" safiga 500 nafardan kam bo‘lmagan o‘zbekistonlik borib qo‘shilgan. Bu haqda Londondagi "Aholining siyosiy majburlanishini o‘rganish markazi" (ICSR) hisobotida ma‘lum qilingan.

Tadqiqot markazi hisobotida Iroq va Suriya hududida jangarilarga yollangan boshqa xorijiy jangchilar haqida ham aytilgan. Unga ko‘ra, ayni vaqtda IShID saflarida 500 nafar pokistonlik, Turkmanistonning 360 nafar fuqarosi, Qozog‘istonning 250 nafar fuqarosi, Tojikistonning 190 nafar fuqarosi jang qilmoqda. Shuningdek, IShID tomonidan kamida 100 nafar qirg‘iz va 50 nafar afg‘on yollangan".

Bu ma‘lumotlarni o‘zbekistonning Kun.uz nashri ham bosishga jur‘at etgan.

"Bu ko‘pchilik o‘qiydigan, qiziqarli xabar, - deydi Toshkent viloyatida yashaydigan Doniyor Nuraliyev. - Lekin agar o‘zbekistonliklarning nega Suriyaga borib jang qilayotganliklari sababi, u yerga qanday borib qolganliklari haqida ma‘lumotlar keltirilganda, xabar yanada o‘qimishli bo‘lardi".

Kun.uz boshqa nashrlardan olib bosgan yana bir xabarda, o‘tgan yili Rossiyadan o‘zbekistonga yuborilayotgan pul kamayganligi yozilgan. 2014 yilda Rossiyadan O‘zbekistonga jo‘natilgan pul o‘tkazmalari miqdori 5,58 milliard dollarni tashkil qilgan. Bu esa 2013 yilgi ko‘rsatkichdan 15,8 foizga kamroq bo‘lgan. Bu haqda Rossiya banki ma‘lumot bergan.

Ammo O‘zbekistonning boshqa nashrlarida bo‘lgani kabi, Rossiyaga o‘zbekistonliklarning millionlab sonda ketishi, u yerdagi sarsongarchiliklar va bu manzaraning iqtisodiy omillari haqida hech narsa deyilmaydi.

o‘zbekistondagidaryo.uz,12news.uzwebsaytlar kabi Kun.uz websayti ham rang-barang, siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy mavzularda xabar va maqolalar berib borishi bilan o‘quvchilar diqqatini jalb etmoqda.

Ammo aksariyat maqolalar boshqa nashrlardan tarjima va o‘ta yuzaki xarakterda...

Boshqalar esa bu saytda mahalliy xabarlarga qaraganda ko‘proq xorij xabarlari berilishini ta‘kidlashadi.

Masalan, Kun.uzda 24 va 25 mart kunlari berilgan xabarlarga nazar tashlanganda, ularning aksariyati chet ellarda yuz bergan voqea va hodisalarga oidligi ko‘rinadi.

Shivirlayotgan internet nashrlari

Image caption O‘zbekistonning millionlab mehnat muhojirlari mavzusiga esa ...ichki taqiq bor

Tahlilchilarga qaraganda yana bir ommabop websayt -12news.uz da o‘zbekistonga oid xabarlar nisbatan ko‘proq joylashtiriladi.

Keyingi kunlarda12news.uzda o‘quvchilar diqqatini tortgan xabarlardan biri o‘zbekistonda Rossiya sektasini fosh qilish haqidagi xabar bo‘ldi.

Xabarda yozilishicha o‘zbekiston huquq-tartibot maqomoti rossiyaliklar ochgan bir diniy sekta faoliyatini to‘xtatishgan.

12news.uzga huquq-tartibot maqomotidan xabar berishlaricha mazkur ish yuzasidan 48 kishi qo‘lga olingan. Ular orasida uch nafar Rossiya fuqarosi, bir nafar qozog‘istonlik bor.

12news.uzda ko‘p xabarlar muhokama etiladi va o‘quvchilar fikri berib boriladi. Masalan, aynan yuqorida keltirilgan xabar ham qizg‘in muhokamaga bois bo‘lgan. o‘quvchilardan biri rossiyalik ayolning mo‘may pul topganligi ko‘rinib turibdi, lekin u aldagan odamlarni jarimaga tortishlari, ishdan haydashlari bilan hech kimning ishi yo‘q, har qanday sektalarni ta‘qiqlash zarur, deya yozgan.

12news.uzva yana bir necha websaytda Namangan bojxonasida ishlagan nazoratchi Farrux Boymirzayevning 8 yarim yillik muddatga ozodlikdan mahrum etilgani haqida xabar berilgan.

Doniyor Nuraliyevning aytishicha12news.uzeng ko‘p va eng tez xabar joylashtiradigan websaytlardan biri, lekin ko‘pchilik xabarlarning faqat sarlavhasiga ko‘z yugurtiriladi, xolos.

"Mana, masalan, Toshkentda issiq suv berishni to‘xtatish, qattiq shamolda daraxtning mashina ustiga ag‘darilishi, prezidentlikka nomzod Islom Karimov ishonchli shaxsining Kattaqo‘rg‘on va Paxtachida saylovchilar bilan uchrashuvi haqidagi xabarlar o‘qish uchun vaqt sarflashga ko‘p ham arzimaydi-da. Ustiga yana bir kun keyin Islom Karimov ishonchli shaxsining Qo‘qon shahrida saylovchilar bilan uchrashuvi orasida xabar chiqib tursa", deydi Doniyor Nuraliyev.

Tahlilchilar fikricha bu websaytda berilgan 101 yoshli onaxonning har tongni jimsoniy tarbiya mashqi bilan o‘tkazishi, mamlakatda ish joylarida alkogolli ichimlik ichganlarni javobgarlikka tortish kabi xabarlarni kimdir o‘qishi mumkin, lekin sanoat mahsulotlari hajmining falon trillon so‘mga teng bo‘lishi, qishloq xo‘jalik mahsulotlari hajmining falon trillon so‘mga teng bo‘lishi, o‘zbekistonning beshta tumanida meva-sabzavot konservalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish kabi xabarlar ko‘pchilikni qiziqtirmaydi.

Daryo. uz websaytida ham o‘quvchilarni qiziqtiradigan xabarlarni joylashtirishga harakat qilinayotganini ko‘rish mumkin.

Garchi boshqa websaytlarda ham berilgan bo‘lsa-da, lekin hukumat teleradiosida berilmagan xabar - Toshkentda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning dafn marosimi o‘tkazilishi borasidagi xabar websayt o‘quvchilari soni ortishiga sabab bo‘lgan.

Mazkur saytda berilgan o‘zbekistonlik mashhur telesuxandon Rahmatilla Mirzayevni o‘ldirganlikda gumon qilinayotgan shaxsning qo‘lga olinishi, Andijonda avtomobillarga gaz quyish shoxobchasida portlash sodir bo‘lishi, "Odnoklassniki.ru" sayti orqali tanishuv Zarafshon shahrida bir insonning o‘limi bilan yakunlanishi borasidagi xabarlar ham o‘quvchilarda ma‘lum darajada qiziqish orttirgan.

"Antiterror tozalashi" xabari Anhor. uzda o‘zbekistonda Navro‘z bayrami nishonlanishi arafasida berilgandi. Bu xabarda keltirilishicha, o‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Navro‘z bayrami munosabati bilan Toshkentda keng ko‘lamli amaliyot o‘tkazgan. U shaharda xavfsizlikni saqlashga qaratilgan. Uylarda, tashkilotlar va ish joylarida tekshirishlar o‘tkazilgan.

Bu xabar Rossiyaning RIA Novosti axborot agentligiga tayanilgan holda berilgan.

Bir muddat faoliyatini to‘xtatgan Anhor. uz yana qayta ish boshlagan. Lekin, tahlilchilarga ko‘ra, oldinlari ko‘p mavzularga jasurlik bilan qo‘l urgan bu websaytda endi avvalgi shiddat sezilmaydi. Kam sonli tishli-tirnoqli xabarlar ham boshqa axborot agentliklariga tayanilgan holda beriladi.

Uzmetronom. com websaytining ommaviy axborot vositalari chiqishlari tahliliga bag‘ishlangan sharhida o‘zbekiston quyi parlamentida o‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi va o‘zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasining o‘zaro blok tuzishgani ta‘kidlanadi. Ayni bir paytda o‘zbekiston Xalq-demokratik partiyasi va "Adolat" partiyasi o‘zlarini Parlamentda muxolif fraksiya deb e‘lon qilishgan.

2015 yil o‘zbekistonda "Keksalarni e‘ozlash yili" deb e‘lon etilishi Uzmetronom. com e‘tiboridan chetda qolmagan. Matbuot sharhida "Jamiyat" gazetasida chop etilgan "Choyxonadan reportaj yoki qariyalar suhbati" maqolasiga keng o‘rin berilgan. Jurnalist G‘ijduvon tumani qishloqlaridan biridagi choyxonadagi qariyalar suhbatini keltirgan. Qariyalar namunali qishloq uylari qurilayotgani, ilgari qishloqdagi do‘konlarda hatto sut topib bo‘lmasligi, endilikda hamma narsa to‘lib-toshib yotganligi, oldinlari tuman bemorxonasiga borish uchun ulov topilmagani, endi esa, mashinasiz oilaning yo‘qligi haqida gapirishgan.

"Garchi o‘zbekiston televideniyesi va davlat nashrlariga qaraganda websaytlarda faqatgina "o‘zbekistonning hech kimdan kam emasligi"ni ko‘rsatish uchun intilishdan tashqari boshqa xabar va maqolalar berilayotgan bo‘lsa-da, lekin unchalik chuqur tahlil qilinmagan taqdirda ham, bu websaytlarda mavzu tanlashdagi cheklashni ko‘rish mumkin", deydi o‘z imini oshkor etishni istamagan o‘zbekistonlik tahlilchi.

U o‘z fikrining isboti sifatida Podrobno.uz websaytini keltiradi: "Mana qarang, Samarqandda katta yoshli uch kishi ikkinchi sinfda o‘qiydigan qizchani tunashga urinishibdi, o‘zbekistonda afsonaviy hayvonning haykalini topishibdi. Darakshi.uzda esa, Namanganda avtomobil olib qochganlikda gumon qilingan shaxs qo‘lga olinishi, O‘zbekistonda tish protezlarining mahalliy andozasi tayyorlanishi haqida yozilgan".

"Televideniye "O‘zbeknavo"ni mensimadi! "O‘zbeknavo" estrada birlashmasining shu yil 28-fevral kunidagi "Plagiat qo‘shiqlar" borasidagi majlisida plagiat qo‘shiqlar va ularga ishlangan kliplar qo‘yilmasligi borasida efirlarga rasmiy xat yuborilishi e‘lon qilingandi. "Dushanbadan boshlab..." deb aytilgan va‘dani uch dushanbasi o‘tib ham, natijasini ko‘rmadik. Kamiga "Navo" telekanalidagi "Xit-parad"da 1-o‘rinni Silva Xakobyanning "Noraharsik" qo‘shig‘ini birma-bir o‘g‘irlab, hattoki klipidagi xatti-harakatlarigacha olingan Bahrom Nazarovning "Pari" plagiat qo‘shig‘iga ishlangan klipga berildi. "O‘zbeknavo" estrada birlashmasi mas‘ul xodimiga bu masalada aniqlik kiritish uchun murojaat qilganimizda, quyidagi javobni oldik: -"O‘zbeknavo" estrada birlashmasi tomonidan, televideniyega plagiat qo‘shiqlarning oldini olish bo‘yicha rasmiy xat yuborildi, biroq natija yo‘q..."

Bu jumlalar sayyod.comdan olingan.

Maqola muallifi "Asli televideniyemizdagi tarallabedodlikni har bir kanalning o‘z badiiy kengashi shartlariyu g‘alati ta‘qiqlaridan bilib bo‘lgandik, biroq "O‘zbeknavo" estrada birlashmasini inkor qilish, fikrimcha kamida mensimaslik bo‘lsa kerak. Televideniye rahbariyati qayer va asli kimga bo‘ysunadi degan javoblarni izlashning ham keragi yo‘qdek", deya yozadi.

Artistlaru otarchilarni "uraveringlar"!

Image caption Artistlaru otarchilarni "uraveringlar"!

Xuddi shusayyod.comda yaqinda qamoqdan ozod etilgan Xayrulla hamidovning Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufga atab yozilgan she‘ri berilgan.

"Buni sarlavhalarda ham ko‘rish mumkin", deydi tahlilchilardan biri. U shunday deya misollar keltiradi: "Yulduz sozandalarini jismonan tarbiyalamoqda", "Shoh Jahon: Tuhmat uchun sudga beraman", "Lola endi ship-shiydam", "Ajrashgan ayollarni yaxshi ko‘radigan er".

Saytning tanqidchilari, ayniqsa o‘zbekiston adabiyot ahli,sayyod.como‘ta savodsiz nashrlardan biri deb biladi.

"O‘zbek tili qoidalarini buzish bo‘yicha rekord o‘rnatadigan ikki internet nashri bo‘lsa, biri shular, bitta bo‘lsa u ham shusayyod.com", deb yozadi mahalliy jurnalistlardan biri.

Tahlilchilarga ko‘ra, har holda o‘zbekistondagi ko‘p sonli websaytlar orasida o‘z o‘quvchilari talabini uncha-muncha hisobga oladigan, mamlakatdagi hayotning turli tomonlarini aks ettirishga urinadigan sayt va portallar barmoq bilan sanarli bo‘lsa-da, bor.

Lekin ularning mavzu doirasi ham cheklangan. Masalan, o‘zbekistonda ishsizlik, gaz va elektr ta‘minotidan norozilik, mamlakatda yetarli maosh beriladigan ish yo‘qligi bois mehnat muhojirligiga yuz tutish, ayni shu muammo tufayli oilaviy ajralishlar, fohishalik ko‘payishi haqida kamdan-kam xabarlar beriladi.

Garchi ta‘magirlikka oid xabarlar uchrayotgan bo‘lsa-da, lekin yuqori mansabli rahbarlarning pora olishlari, mavjud tizimning korrupsiyalashgani borasida yozilmaydi. Inson huquqlarining poymol etilishi, gunohsiz kishilarning qamoqqa tashlanishlari, ozodlikdan mahrum etilgan inson huquqlari himoyachilari, jurnalistlar, bolalar mehnatidan foydalanish, hukumatning fermer-dehqonlarga qaysi ekinni ekish borasida buyruq berishi, kitoblari man qilingan shoir va yozuvchilar... bu kabi mavzular umuman yoritilmaydi.

Tahlilchilarga ko‘ra, buning asosiy sababi o‘zbekistonda haqiqatni yozgan, aytgan jurnalistlarning qamoqqa tashlanishi natijasida paydo bo‘lgan ehtiyotkorlik va ichki ta‘qiq bo‘lishi mumkin.

BBC uchun mintaqadan mustaqil jurnalist

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02