'Islomiy Davlat' Markaziy Osiyoda ham faollashish'ga ulgurdimi?

Image copyright AP

Shu kunlarda nufuzli internet nashrlaridan birida chop etilgan maqolaga tayanilsa, "O‘zbekiston xuddi shundan tashvishda".

Ayni shu manzarada qo‘shni afg‘onistonlik mas‘ullar o‘z hududlarida o‘zbekistonlik jangarilar soni ko‘payib borayotganidan xavotirda.

Bularning barchasi esa, O‘zbekiston Islomiy Harakati "Islomiy Davlat"ga sodiqligini rasman izhor etganidan bor-yo‘g‘i bir necha oy o‘tib kuzatilmoqda.

Agar, afg‘on rasmiylarining so‘zlariga tayanilsa, so‘nggi oylarda Afg‘onistonning Pokiston bilan chegaradosh janubiy mintaqalari qolib, Markaziy Osiyoga bevosita tutash qator shimoliy viloyatlaridan ham o‘z oilalari bilan birga boshpana topgan o‘zbekistonlik jangarilarning soni yuzdan ortgan.

Mavjud holat allaqachon Afg‘onistonning qator shimoliy va shimoliy-sharqiy viloyatlari rasmiylarining jiddiy xavotirlariga sabab bo‘lgan, ular zudlik bilan bunga qarshi chora ko‘rilmasa, vaziyat jiddiy izdan chiqishi bilan ogohlantirishgacha borishgan.

Bu kabi xabarlar, ustiga ustak, Afg‘onistonning aynan o‘zbekistonlik jangarilar faollashayotgani aytilayotgan Faryob, Saripul, Jauzjon va Badaxshon kabi viloyatlarida xavfsizlik bilan bog‘liq ahvol shundoq ham yomonlashib borayotgan bir paytda o‘rtaga chiqmoqda.

Shu kunlarda Afg‘onistonning Turkmaniston bilan bevosita chegaradosh shimoliy Faryob viloyatining eng beqaror ikki tumani – Qaysor va Almorning o‘ziga yuzdan ortiq o‘zbekistonlik jangarining oilasi bilan kelib o‘rnashgani aytiladi.

BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida ushbu xabarlarni rasman tasdiqlagan Faryob viloyati hokimi so‘zchisi Ahmad Jovid Bedorning so‘zlariga tayanilsa, bu jangarilar allaqachon janglarga ham kirishib ketishgan.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, o‘tgan yaqin oylar ichida bu ikki tumanda olib borilgan harbiy amaliyotlar chog‘ida Tolibon harakati qo‘mondoni maqomida bo‘lganlari doxil qator o‘zbekistonlik jangarilar o‘ldirilgan ham.

Viloyat mas‘ullarining so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, o‘zbekistonlik jangarilarning ayollari ham o‘z erlariga ko‘mak berishadi, josuslik vazifasini bajarishadi, mahalliy aholini urushga targ‘ib etib, mina yasash bilan shug‘ullanishadi.

Faryoblik qavm oqsoqollaridan Tariq Xonning BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, o‘zbekistonlik jangarilar o‘z viloyatlarida allaqachon katta tahdidga aylanib ulgurishgan.

Har bir sohada o‘zlarining borliklarini bildirishga urinishadi va viloyatning ayrim shoh yo‘llarida o‘z hukmronliklarini o‘rnatishga ham harakat qilishayotir.

Xuddi shu manzarada Faryobda qurolli toliblar bilan hamkorlik qilishda ayblanib, o‘zbekistonlik uch isyonchi ayolning qo‘lga olingani, yana o‘n nafari Faryobga qo‘shni Saripul viloyatida Tolibon bilan bir safda jang qilayotganiga oid xabarlar o‘rtaga chiqqan va afg‘onistonlik rasmiylar tomonidan rasman tasdiqlangandi.

Faryob viloyat kengashi rahbari Sayid Abdulboqiy Hoshimiyning BBC O‘zbek Xizmatiga bildirishicha, o‘zbekistonlik jangarilar bu bilan ham kifoyalanmay, allaqachon Afg‘onistonning o‘zlari faol bo‘lgan hududlarida "Islomiy Davlat" guruhi bilan aloqa o‘rnatish harakatiga ham tushishgan.

Shu o‘rinda alohida ta‘kidlash joizki, "Islomiy Davlat" mintaqaga sizib kirishga harakat qilayotgan qariyb yarim yil ichida Pokiston va Afg‘onistonda yollashga muvaffaq bo‘lgan yuzlab jangarilarining aksariyati sobiq toliblardir.

Zobul voqeasi nimaga dalolat qiladi?

Afg‘onistonning bevosita Pokistonga chegaradosh janubiy Zobul viloyatida shia musulmonlari bo‘lgan 30 nafar hazoraning olib qochilishi bilan bog‘liq shu yil fevral oyidagi hodisa "Islomiy Davlat" va o‘zbekistonlik jangarilar masalasini yana bir bor kun tartibiga olib chiqqan.

Afg‘oniston Tolibon harakatining qat‘iy raddiyasi manzarasida afg‘on mas‘ullari ushbu voqeani "Islomiy Davlat"ga nisbat berishlari barobarida, tutqunlarni ozod etishga qaratilgan yirik harbiy amaliyotlari chog‘ida o‘ldirilgan xorijiy jangarilarning aksariyati o‘zbek ekani ham ma‘lum bo‘lgan.

Bu haqda BBCning Afg‘oniston janubidagi muxbiri Ma‘mun Durroniyga yuqori martabali afg‘on harbiylari bildirishgan.

Muxbirimizning turli ijtimoiy muloqot tarmoqlarida e‘lon qilingan suratiga tayanib aytishicha, Zobulda olib borilgan amaliyot chog‘ida halok etilgan chet ellik jangarilar orasida bir qirg‘izistonlik ayol ham bo‘lgan.

Uning harbiy amaliyotlar chog‘ida olgan og‘ir jarohatlari tufayli hayotdan ko‘z yumgani aytilgan.

Ammo Zobuldagi yirik harbiy amaliyotlardan qariyb bir oy o‘tayotgan esa-da, afg‘on harbiylari o‘ldirilgan xorijiy jangarilarning shaxsi va fuqaroligi borasida, halicha, aniq ma‘lumotlarni oshkor etishmagan.

Mahalliy mas‘ullar esa, bu jangarilar O‘zbekiston Islomiy Harakatining a‘zolari, degan ishonchda.

Ularga ko‘ra, harakatning o‘nlab a‘zolari yaqinda Pokiston Qurolli kuchlarining Shimoliy Vaziristondagi keng ko‘lamli harbiy amaliyotlaridan qochib, o‘z oilalari bilan birga janubiy Zobul va janubiy-sharqiy G‘azniy viloyatlarining Tolibon nazorati ostidagi hududlariga kelib o‘rnashishgan va ularning orasida o‘zbeklaridan tashqari, qirg‘iz, chechen va arab jangarilari ham bor.

Xuddi shu o‘rinda muxbirimiz Ma‘mun Durroniyning mahalliy aholi so‘zlariga tayanib aytishicha, bu jangarilarning aksariyati juda kuchli qurollangan, saflarida bo‘lgan ayollarining aksariyati ham usta jangchilardir. Bu ayollardan ko‘pchiligi rusiyzabon yoki o‘zbekzabon ekan, deydi muxbirimiz.

Ammo, uning aytishicha, bu jangarilarning aniq qaysi davlat fuqarolari ekanliklariga oid rasmiy ma‘lumotlar yo‘q.

Muxbirimizning Afg‘oniston janubidagi 205-harbiy bo‘linma qo‘mondoni so‘zlariga tayanib aytishicha, bu jangarilarning barchasi allaqachon "Islomiy Davlat" safiga qo‘shilishgan.

Ammo, unga ko‘ra, Zobul viloyatidagi xorijiy jangarilarning o‘zi so‘zlashishga muvaffaq bo‘lgan ayrim qo‘mondonlari afg‘on harbiylarining bu gaplarini rad etib, hanuz Afg‘oniston Tolibon Harakati rahbari Mulla Muhammad Umarga sodiq ekanliklarini bildirishgan.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, o‘tgan uch-to‘rt oy ichida Pokistonning Shimoliy Vaziriston mintaqasidan Afg‘onistonning bu ikki viloyatiga 200 ga yaqin xorijiy jangari o‘z oilalari bilan birga qochib o‘tishgan.

Ularning orasida O‘zbekiston Islomiy Harakati a‘zolaridan tashqari, Tolibon harakati qanotida jang olib borayotgan turli guruhga mansub isyonchilar va arab jangarilarining borligi, ayrimlarining allaqachon "Islomiy Davlat" saflariga yollanib ulgurishgani aytiladi.

Boshqa tomondan, yaqinda Afg‘onistonning Tojikistonga bevosita chegaradosh Badaxshon viloyatida olib borilgan harbiy amaliyotlar chog‘ida ham o‘nlab markaziy osiyolik jangarilar o‘ldirilgani, ularning O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolari ekanliklari xabar berilgandi.

Mahalliy mas‘ullar esa, ularning "al-Qoida" tarmog‘i a‘zolari ekanini aytishgan va Afg‘onistonga qo‘shni Pokistondan o‘tganliklarini taxmin etishgandi.

Afg‘onistonlik kattayu kichik mas‘ullarning "Islomiy Davlat" xavfidan jiddiy ogohlantiruvchi so‘nggi chiqishlari esa, boshqa tomondan, dunyodagi eng jangari bu guruh Afg‘onistonga qo‘shni Pokistonda o‘zining mintaqadagi yangi tarmog‘iga asos solganini e‘lon qilishidan bor-yo‘g‘i ikki oycha o‘tib kuzatilmoqda.

Vujudga kelayotgan bu kabi vaziyat kuni-kecha Afg‘oniston shimolida katta qudratga ega o‘zbek generali, mamlakat vitse-prezidenti Abdulrashid Do‘stumning ham jiddiy ogohlantirish bilan chiqishiga ham sabab bo‘lgan.

General Abdulrashid Do‘stum Afg‘onistonning aksariyati Markaziy Osiyo davlatlariga bevosita chegaradosh qator shimoliy viloyatlari atrofiga aynan "Islomiy Davlat" jangarilari o‘z oilalar bilan kelib o‘rnashayotganliklarini aytgan, "qora bayroqlar" bugun mamlakati, xalqi va qo‘shnilariga tahdid ekanini ta‘kidlagandi.

O‘zbekiston Islomiy Harakati va "Islomiy Davlat"

Image copyright AFP

Afg‘on rasmiylari esa, ularning O‘zbekiston Islomiy Harakati a‘zolari ekani va Pokiston Qurolli kuchlarining qavmlar yashovchi yarim muxtor mintaqasidagi davomiy keng ko‘lamli harbiy amaliyotlari sabab, Afg‘onistonga qochib o‘tishganini taxmin etishmoqda.

Jumladan, Faryob viloyati Qaysor tumani hokimi Abduljamil Siddiqiyning BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida bu kabi xabarlarni rasman tasdiqlagan.

Hokim janoblarining ogohlantirishicha, agar, tumanda zudlik bilan tozalash amaliyoti yo‘lga qo‘yilmasa, butun Faryob viloyatida xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat yomonlashishi mumkin.

Eslatib o‘tish joiz, Afg‘onistonning shimoliy Faryob viloyati qo‘shni Turkmaniston bilan bevosita chegaradoshdir.

AQSh boshchiligidagi harbiy ittifoqning 2001 yilgi yirik harbiy amaliyotlari ortidan, O‘zbekiston Islomiy Harakati o‘zining mintaqadagi yaqin ittifoqchisi bo‘lgan "al-Qoida" tarmog‘i bilan birga aynan Pokistonning Afg‘onistonga bevosita chegaradosh Vaziriston hududidan boshpana topib kelgan.

Orada kechgan vaqt davomida ham Pokiston va ham Afg‘oniston Tolibon harakati bilan hamkorlikda faoliyat yuritgan.

Ammo, xuddi shu o‘rinda, O‘zbekiston Islomiy Harakatining qo‘shni Afg‘onistondagi bu kabi faollashuvi ularning Yaqin Sharqdagi "Islomiy Davlat" guruhiga rasman bay‘at keltirishlaridan qisqa vaqt o‘tmay kuzatilayotganini alohida ta‘kidlash joiz.

Eslatib o‘tish lozim, O‘zbekiston Islomiy Harakati o‘zining joriy paytda dunyodagi eng qudratli va eng jangarisi bo‘lgan bu guruhga sadoqatini izhor etib chiqqan rasmiy bayonotida Pokiston Qurolli kuchlarining o‘tgan yil iyun oyidan buyon Shimoliy Vaziriston mintaqasida olib borayotgan keng ko‘lamli harbiy amaliyotlari sabab "nochor ahvolda" qolganligini ilk bor oshkora e‘tirof etgandi.

Harakat rahbari Mujohiddin Usmon G‘oziy, "Vaziriston dunyodan uzib qo‘yilgani, ko‘plab mujohidlar jang qilishdan bosh tortib, mintaqani bo‘shatib qo‘yishgani va jangning boshida turgan jamoatlari ham hamma tomondan qamal qilingani"ni ma‘lum qilgandi.

O‘z navbatida, "Shu kabi og‘ir bir vaziyatda turgan paytlarida Iroq va Shom yerlarida islomiy xalifalik e‘lon qilinganiga oid xabar barchalarini xursand va xushnud qilgani"ni aytgan.

Ayni o‘rinda eslatib o‘tish joiz, Pokiston harbiylarining so‘nggi amaliyotlari asosan O‘zbekiston Islomiy Harakati jangarilariga qaratilgan.

O‘zbekiston Islomiy Harakati faollashmoqchi

Ham mintaqaviy va ham xalqaro tahlilchilarga ko‘ra, O‘zbekiston Islomiy Harakati o‘zining rasman bay‘at keltirish qarori bilan "Islomiy Davlat"ning obro‘si, mavqei, insoniy va moliyaviy resurslaridan foydalanmoqchi, qayta faollashmoqchi.

Bir necha oyning o‘zida Iroq va Suriyada kattagina hududlarni bosib olib, o‘z xalifaligini e‘lon qilgan "Islomiy Davlat" esa, joriy paytda barcha jangari guruhlar orasidan eng boyi va qudratlisi sifatida e‘tirof etiladi.

Mintaqaviy tahlilchilarning aytishlaricha, "Islomiy Davlat" Yaqin Sharqda erishayotgan bu kabi yutuqlar va guruhning global xalifat barpo etish maqsadi O‘zbekiston Islomiy Harakati yosh a‘zolarini ham bee‘tibor qoldirmagan.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, harakatning o‘zi ham 1998 yilda dastlab O‘zbekistondagi joriy tuzumni ag‘darib, o‘rniga islomiy xalifalik qurish g‘oyasi bilan dunyoga kelgan.

Ayrim xalqaro tahlilchilarga ko‘ra, endi ular millatchi qarashlaridan anchayin ortga chekinib, musulmon olamidagi uchta muqaddas makonni ko‘z ostiga olgan globalroq islomiy harakatga e‘tibor qaratgan ma‘qul, degan o‘yga kelishgan.

Image caption "O‘zbekiston Islomiy Harakatining o‘z saflariga qo‘shilishi "Islomiy Davlat"ning Afg‘onistondagi mavqeini ancha mustahkamlashi mumkin..."

Ularning aytishlaricha, mintaqadagi qolgan guruhlar bilan solishtirganda, O‘zbekiston Islomiy Harakati nisbatan kichik va quvg‘indagisi bo‘lsa ham, "Islomiy Davlat"ni dastaklashiga oid so‘nggi bayonoti siyosiy jihatdan oldinga qo‘yilgan jiddiy qadam bo‘lgan, harakatga bundan buyog‘iga o‘zini global jihodiy guruhning bir qismi sifatida ko‘rsatish imkonini bergan.

Ammo, o‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, "Islomiy Davlat" Yaqin Sharqda o‘tgan bir necha oydan buyon AQSh boshchiligidagi harbiy koalitsiyaning havo hujumlari ostida va yerda Iroq hukumat kuchlariga ham qarshi janglar olib borib kelmoqda.

Xalqaro tahlilchilarga ko‘ra, xuddi shu sababdan ham, "Islomiy Davlat" taqdirining qanday yakun topishi bu ikkovlonning O‘zbekistonga ta‘sir qilish darajasini belgilab beradi.

Ularning aytishlaricha, agar, "Islomiy Davlat" barqaror bir fenomenga aylansa, bu jarayon, bu muammoning kengayishi, Afg‘onistondagi jihodiy faoliyatning kuchayishi va bu xavf O‘zbekistonning chegaralariga ham yaqinlashishiga sabab bo‘ladi.

Yaqinda yuqori minbardan turib, xalqaro hamjamiyatni "Islomiy Davlat" mintaqaga solayotgan jiddiy xavf bilan ogohlantirgan Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘anining aytishicha esa, mamlakati "Islomiy Davlat" doxil global terrorchi tarmoqlarning uchrashuv nuqtasi bo‘lib qolmoqda va bu guruhga qarshi xalqaro miqyosda keskin choralar ko‘rilmog‘i lozim.

Bugungi O‘zbekiston Islomiy Harakati

Pokiston Qurolli kuchlarining Afg‘oniston bilan bevosita chegaradosh qavmlar yashovchi yarim muxtor Shimoliy Vaziriston mintaqasida o‘tgan yil iyun oyida yo‘lga qo‘ygan yirik harbiy amaliyotlariga qadar O‘zbekiston Islomiy Harakati a‘zolarining soni bir necha yuzdan bir necha mingtagacha, deb taxmin qilingan.

Harakat o‘zining so‘nggi rasmiy bayonotida "nochor" ahvolda ekanliklarini e‘tirof etgan esa-da, ular yuz tutgan talofatlarga oid aniq ma‘lumotlar yo‘q.

O‘zbekiston Islomiy Harakati rahbariyatining ham hozir aynan qayerda ekaniga oid ishonchli va rasmiy xabarlar imkonli emas.

Bungacha ularning Afg‘onistonning qator shimoliy viloyatlarida faollashish bilan Markaziy Osiyo chegaralariga yaqinlashish va shu maqsadda mintaqadan yangi jangarilar yollashga urinishayotgani ham aytilgandi.

Pokistondagi muxbirimiz Rahimulloh Yusufzayga ko‘ra, mamlakat harbiylari amaliyotlar boshlangan o‘tgan to‘qqiz oy ichida Shimoliy Vaziristonning 90 foizini, yillarki, u yerda boshpana topib kelgan turli isyonchi guruhlardan tozalashga muvaffaq bo‘lishganini da‘vo qilishmoqda.

Uning so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, O‘zbekiston Islomiy Harakati jangarilari bo‘ladimi, Pokiston va yoki Afg‘oniston toliblari, ulardan bir qismi hanuz Shimoliy Vaziristonning tog‘li va o‘rmonzor Shoval vodiysi hamda Dattaxel mintaqasidalar.

Ayrimlari Pokistonning qavmlar yashovchi boshqa hududlarida jon saqlashmoqda. Ko‘pchilik jangarilar esa, shundoqqina qo‘shni Afg‘onistonga qochib o‘tishgan", - deydi muxbirimiz.

Uning aytishicha, avvaliga Afg‘onistonning Pokistonga bevosita chegaradosh sharqiy Paktiko va Xost viloyatlariga kesib o‘tgan bu jangarilar hozir Afg‘oniston shimoliga qadar yoyilib borishmoqda.

Ammo, muxbirimizga ko‘ra, Pokiston tomonida ham o‘zbekistonliklari doxil Afg‘onistonning Markaziy Osiyo davlatlariga qo‘shni shimoliy viloyatlariga borib o‘rnashayotgan bu kabi jangarilarning aniq soniga oid ma‘lumotlar yo‘q.

Xuddi shu o‘rinda, Pokiston Qurolli kuchlarining keng ko‘lamli harbiy amaliyotlaridan O‘zbekiston Islomiy Harakati yoki ularning yaqin ittifoqchilari bo‘lgan Islomiy jihod va Sharqiy Turkiston Islomiy Harakati a‘zolaridan qanchasi omon qolgani ham ma‘lum emas. Bu kabi raqamlar, hatto, o‘tgan 14 yil davomida ularga qarshi kurashib kelgan Amerika va Afg‘oniston tarafida ham yo‘q, deydi muxbirimiz.

Agar, muxbirimizning taxminlariga tayanilsa, ularning ja‘mi sonini hozir yuzlab deyish mumkin.

"To‘g‘ri, so‘nggi yillarda bu uch guruhning saflariga yangi jangarilar kelib qo‘shilgan bo‘lishlari mumkin. Ammo, bu holatda ham, ularning aniq sonlariga oid ma‘lumotlar imkonli emas. Lekin ularni ko‘pchilik, deb aytmagan bo‘lardim. Chunki chetdan kelgan bu kabi guruhlarning o‘zlariga yangi jangarilar yollashlari oson kechmaydi", - deydi u.

Xuddi shu o‘rinda muxbirimiz Rahimulloh Yusufzay guruh liderlarining hanuz Pokistonning qavmlar yashovchi janubiy mintaqalarida ekanliklariga deyarli shubha qilmasligini aytadi.

"Chunki bu hudud ularning istehkomlari sanalib kelingan, yillarki u yerlarda yashashgan, oilalari, do‘stlari, hamkorlari bor. Demoqchimanki, bularning barchasi ularga o‘zlarini xavfsiz his qilish imkonini beradi", - deydi Rahimulloh Yusufzay.

Ammo, agar, tekshiruv natijalariga tayanilsa, O‘zbekiston Islomiy Harakati rahbari Mujohid Usmon G‘oziyning o‘tgan yil sentyabr oyida "Islomiy Davlat"ga sadoqatlari izhor etilgan bayonoti chop etilgan hilofatnews.com web sahifasi 2013 yilda Turkiyada ochilib, Nyu-Yorkda qayddan o‘tgan.

Yana bir ma‘lumot o‘rnida shuni ham aytish kerakki, qo‘shni Afg‘oniston Pokiston bilan 2.500 kilometrga uzangan va aksariyat qismi deyarli qo‘riqlanmaydigan uzundan-uzoq chegaraga ega.

Muxbirimizga ko‘ra, ustiga ustak o‘zaro chegara katta qismining tog‘li va sahroli hududlardan o‘tishi va chegaraning narigi tomonida o‘z "odamlari"ningbo‘lishi - Pokistondan Afg‘onistonga qochib o‘tmoqchi bo‘lgan isyonchilarning yumushlarini yanada osonlashtirgan.

Image copyright

Afg‘oniston rahbarining yaqinda qilgan chiqishida aytishicha esa, Pokiston Qurolli kuchlarining ayni shu amaliyotlari sabab, mintaqada o‘rinlar almashgan va turli jangari guruhlarni tortish markazi bugun o‘z mamlakatiga ko‘chgan.

Buyog‘i nima bo‘ladi?

Ayrim mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, "Islomiy Davlat" mintaqada yollagan yoki ularga bay‘at keltirgan jangari guruhlarning "eski chehralar" ekani nazarda tutilsa, Yaqin Sharqdagi qudratli bu guruh tug‘dirajak xavf "al-Qoida", Pokiston yoki Afg‘oniston harakatinikidan deyarli farq qilmaydi.

Ammo, ularning aytishlaricha, jihod sahnasiga birinchilardan bo‘lib global xalifat qurish maqsadi bilan chiqqan "al-Qoida" tarmog‘ining mintaqadagi eski "qadrdonlari" hozir dunyodagi eng jangari va shafqatsizi sifatida e‘tirof etilayotgan "Islomiy Davlat"ga bay‘at keltirish bilan, ularning siyosati va taktikasini ham o‘zlashtirishadi. Mintaqada vujudga kelajak vaziyatning eng xavotirli nuqtasi ham xuddi ana shu bo‘ladi.

Tahlilchilarga ko‘ra, Afg‘onistondagi vaziyat hozirning o‘zida shundoq ham ko‘ngildagidek emas va bundan buyog‘iga voqealarning qanday rivoj topishi afg‘on xavfsizlik kuchlariga, G‘arb tomonidan yangi milliy birdamlik hukumatiga berilajak moliyaviy ko‘maklarga qarab qoladi.

Agar, xuddi shu o‘rinda Birlashgan Millatlar Tashkilotining yangi hisobotiga tayanilsa, xorijiy ittifoq qo‘shinlarining ommaviy safarbarligi bilan kechgan 2014 yil Afg‘oniston uchun Tolibon tuzumi qulatilgan o‘tgan 13 yil badalida eng qonlisi bo‘lgan. Katta sondagi afg‘on xavfsizlik kuchlari qurbon bo‘lishgan.

Agar, vaziyat shunday davom etgudek bo‘lsa, bu – afg‘on xavfsizlik kuchlari saflarini tark etuvchilar sonining ko‘payishiga olib keladi, demakki, buyog‘i oson bo‘lmaydi, deyishadi ular.

Image copyright AFP

Ayrim xalqaro tahlilchilarga ko‘ra, Shimoliy Vaziriston mintaqasidagi o‘zbeklari doxil qolgan jangarilar Pokiston Qurolli kuchlarining bosimi ostida Afg‘onistonga qochib o‘tishayotgani bois, hozircha, faoliyatlari tarqoq va qayta uyushishlari uchun muayyan vaqt lozim bo‘ladi.

"Hattoki, Tolibonning an‘anaviy tayanch nuqtasi sifatida ko‘riluvchi Afg‘oniston janubida ham bu jarayon oson kechmaydi. Shimolga o‘tgan sayin bu ish yanada uzoqroqqa cho‘ziladi. Ammo bu yerda boshqa bir xavf bor. Ya‘ni, agar, Pokiston o‘z hududidagi islomiy jangarilik muammosiga butkul barham berolsa, uni osonlik bilan qo‘shnisi Afg‘onistonga eksport qilgan bo‘ladi", - deydi Londondan Mudofaa masalalari bo‘yicha xalqaro tahlilchi Pol Rojers.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, O‘zbekiston Islomiy Harakatining o‘z saflariga qo‘shilishi "Islomiy Davlat"ning Afg‘onistondagi mavqeini ancha mustahkamlashi mumkin.

"Ammo, ayni o‘rinda muammo shundaki, biz "Islomiy Davlat" guruhining Afg‘onistondagi bugungi kuch-qudrati haqida aniq bir narsa aytish qiyin. So‘zsiz, ularning saflariga yangi jangarilar qo‘shilmoqda. Bu jarayon esa, asta-sekinlik bilan guruhning kuchayishiga xizmat qilmay qolmaydi. Alal-oqibat, bu ikki guruh hamohanglikda Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari va afg‘on hukumatiga boshog‘riq bo‘lishlari mumkin", - deydi xalqaro tahlilchi.

Uning aytishicha, agar, mintaqadagi O‘zbekiston Islomiy Harakatiga o‘xshagan yanada ko‘proq guruhlar "Islomiy Davlat"ga bay‘at keltirgudek bo‘lishsa, bu – mintaqada yirik bir jangari harakatning paydo bo‘lishi ehtimolini ham paydo qiladi.

Image copyright EPA

"Lekin, shunda ham, bu xususda qat‘iy xulosa chiqarishga juda erta. Chunki Pokiston Qurolli kuchlarining keng qamrovli harbiy amaliyotlari sabab, joriy paytda u yerdagi jangari guruhlarning faoliyati anchayin parokandalikka yuz tutgan", - deydi xalqaro harbiy tahlilchi Pol Rojers BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida.

Pokistonning o‘zidan yetakchi mintaqaviy tahlilchi Xadim Husayn esa, mintaqada vujudga kelayotgan hozirgi vaziyatda ikki xil ehtimol va ikki xil tahdid haqida so‘z yuritish lozimligini urg‘ulaydi.

Bu suhbatdoshimizga ko‘ra, turli isyonchi guruhlarning bir tomondan ikkinchisiga o‘tishi, yana ortga qaytishi kabi jarayon mintaqada yangi jangari ittifoq paydo bo‘lishiga zamin yaratishi mumkin.

"Bu esa, ularning Afg‘onistonning har burchagida o‘z mavqe‘larini mustahkamlashlariga xizmat qilmay qolmaydi. Mavjud vaziyat ayrim Markaziy Osiyo davlatlari uchun ham xatarli tus olishi ehtimoli yo‘q emas", - deydi tahlilchi.

Suhbatdoshimizning aytishicha, mavjud vaziyat bilan bog‘liq ikkinchi ehtimol va tahdid shundaki, u mintaqada "Islomiy Davlat" guruhini o‘z ichiga oluvchi global xalqaro jangari tashkilotning hozirligi, o‘zaro faoliyatlarini muvofiqlashtirishlari, Markaziy va Janubiy Osiyo chegaralari bo‘ylab harakatlanishiga imkon hozirlashi mumkin.

Bu kabi stsenariy esa, mintaqa davlatlari uchun yangi xavfni paydo qiladi.

"Chunki mintaqadagi jangari guruhlarning faoliyatda bo‘lgan ittifoqlari parokandalikka yuz tutmoqda. Bu esa, o‘z-o‘zidan yangi ittifoqlarning vujudga kelishini anglatadi. Mazkur jarayonda O‘zbekiston Islomiy Harakati ham muhim rol o‘ynashga harakat qiladi. Bularning barchasidan bir chetda qolmaslikka urinadi. Bu – aniq", - deydi u.

Suhbatdoshimizning eng so‘nggida aytishicha, mintaqa davlatlari o‘zaro chegaralar nazoratini yaxshilash, xavfsizlik kuchlarining muvofiqlikdagi harakati v josuslik xizmatlarining hamkorlikdagi faoliyati orqaligina mazkur xavfga bas kelishlari va uning oldini olishlari mumkin bo‘ladi.

"Islomiy Davlat" Markaziy Osiyoda ham faollashish"ga ulgurdimi?

Image copyright Getty

O‘tgan juma kuni centralasiaonline.com internet nashrida chop etilgan va O‘zbekistondagi qator web sahifalarda qayta chop etilgan maqolada aynan shu haqda so‘z yuritiladi.

Ushbu maqolaning o‘zi esa, "Islomiy Davlat"ning Markaziy Osiyoda faollashganidan O‘zbekistonda tashvishdalar", deb nomlanadi.

Maqolada O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmati tahlilchisi Baxtiyor Sharofovning aytishicha, "Islomiy Davlat"ning shundoqqina Markaziy Osiyoning ostonasida paydo bo‘lishi mavjud tahdidning teraktlar va jangovar amaliyotlar darajasiga o‘sib yetganini anglatadi.

Xuddi shu o‘rinda MXX tahlilchisining aytishicha, Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari "Islomiy Davlat" jangarilarining Turkmaniston chegarasi bo‘ylab yashirinib yurishgani va O‘zbekiston chegarasida ham faollashganini tasdiqlashgan.

Bundan tashqari, maqolada Baxtiyor Sharofovning Afg‘onistonda o‘rnashib olgan ekstremistlarning urush olib borishdan tashqari, tashviqot yuritish vazifasi bilan O‘zbekiston va boshqa Markaziy Osiyo davlatlariga o‘z emissarlarini yuborganliklari, bundan O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmati xabar topganiga oid so‘zlari ham keltiriladi.

O‘zbekistonlik tahlilchiga ko‘ra, "Bugungi O‘zbekiston Islomiy Harakati va o‘z vaqtida Tohir Yo‘ldosh hamda Juma Namangoniylar tomonidan moliyalangan O‘IH bitta tashkilot emas.

"Qachonlardir bu harakat mustaqil tashkilot edi. Bugun esa, u anchayin qudratli guruhlarga pul evaziga o‘zining xizmatini taklif qiluvchi har xil jangarilardan iborat bo‘lib qolgan", - deydi Baxtiyor Sharofov centralasiaonline.com dagi maqolada keltirilgan iqtibosida.

Image copyright

Ushbu maqolada qo‘liga tekkan ma‘lumotlarning konfidentsial ekani bois, ism-sharifi oshkor etilmasligini ma‘qul, deb topgani aytilgan MXX vakiliniki, deb keltirilgan raqamlarga ko‘ra, O‘zbekiston Islomiy Harakatining 5000 a‘zosi bor. Ularning yarmidan ko‘prog‘i esa, O‘zbekiston fuqarolaridir.

Sentralasiaonline.com dagi maqola tafsilotlaridan ayon bo‘lishicha, o‘zbekistonlik tahlilchilar va Milliy Xavfsizlik Xizmati xodimlari Qirg‘iziston janubi va Tojikistondagi voqealar rivojini tashvish bilan kuzatib turishibdi. Bu uch davlat hududida joylashgan Farg‘ona vodiysida esa, allaqachon fundamentalistlarning hozirliklari kuzatilgan, deyiladi ushbu maqolada.

Ammo, unda xulosa qilinishicha, mavjud tahdid xavotir uyg‘otsa-da, nekbin bo‘lish uchun ham asos bor.

Ya‘ni, O‘zbekiston Islomiy Harakatiga o‘xshagan guruhlar hech qachon O‘zbekiston Armiyasiga o‘xshash muntazam qo‘shinlar bilan tengma-teng jang olib bora olgan emas.

O‘tgan oy esa, qator mahalliy nashrlar O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmati "Islomiy Davlat" guruhining mamlakat hududida terrorchilik xurujlari uyushtirish rejasidan xabar topgani haqida yozishgandi.

Jumladan, 12news.uz sahifasi "Islomiy Davlat" bahorda O‘zbekistonda zo‘ravonliklarni rejalagani, shu bois ham O‘zbekiston o‘z chegaralarini mustahkamlash va xavfsizlikni kuchaytirishga qaror qilgani haqida xabar bergandi.

Eng so‘nggida eslatib o‘tish joiz, O‘zbekiston Islomiy Harakatining asoschisi Tohir Yo‘ldosh 2009 yilda amerikaliklarning dron hujumida o‘ldirilgan.

2012 yilda esa, Tohir Yo‘ldoshning o‘rniga tayin etilgan kuyovi Usmon Odil ham shu tariqa halok etilgandi.

O‘shandan buyon O‘zbekiston Islomiy Harakatiga Usmon G‘oziy ismli shaxsning rahbarlik qilayotgani aytiladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02