Germanwings uchuvchisi uyida muhim "dalil topilgan"

Image copyright

Olmoniya politsiyasi Germanwings aviashirkatining yo‘lovchini uchog‘ini qasddan yo‘q qilishda gumon etilayotgan Andreas Lyubits uyida tintuv o‘tkazgan va tintuv payti muhim dalil topilganini xabar qilgan.

Andreas Lyubits Dyusseldorfga yaqin Montabaur shaharchasida ota-onasi bilan birga yashagan deb ko‘riladi.

Olmon tergovchilari uchuvchi yashagan uyda topilgan dalil nima ekanini tushuntirmaganlar, biroq Lyubitsning bir necha shaxsiy buyumlari, jumladan, kompyuteri olib ketilgan.

Matbuotda uchuvchi vidolashuv maktubini yozib qoldirgani haqidagi xabarlar ham tarqalgan, politsiya xodimlari, Andreas Lyubitsning uyidan topilgan "muhim dalil" vidolashuv xati emas, deb aytganlar.

Bir necha soat davom etgan tintuv Frantsiya huquq-tartibot idoralari so‘roviga asosan o‘tkazilgan.

Frantsiya prokurori Boris Roben e‘lon qilishicha, ikkinchi pilot Andreas Lyubits uchoqni qasddan vayron qilgan.

Marsel prokurori so‘zlariga ko‘ra, uchoq boshqaruvchisi uchuvchilar kabinasidan chiqqan paytda ikkinchi pilot eshikni ichkaridan bekitib olgan va uchoqni atayin pasaytirib toqqa olib borib urgan.

Image copyright Getty

Tergovchilar Frantsiya Alplarida halokatga uchragan uchoq "qora quti"sidagi yozuvlarni o‘rganib chiqqanlar.

Bu uskunada uchuvchilar kabinasidagi ovozlar yozib borilgan.

Halokatdan oldingi 30 daqiqa yozuvlari o‘rganib chiqilganda, Andreas Lyubits kabinaga kirishga harakat qilgan uchoq rahbarining ichkariga kirishiga yo‘l qo‘ymagan, dispetcherlarning chaqiriqlariga javob bermagan, uchoqdagi avtomat tizimlarning yerga yaqinlashayotgani haqidagi ogohlantirishlarini ham, kabina eshigini urib sindirib ichkariga kirishga harakat qilgan kapitan shovqinlarini ham sovuqqonlik bilan kuzatib turgan, uning bir tekisda nafas olib turgani ovozlari yozilib qolgan.

Germanwings shirkati uchog‘ida 150 inson bo‘lgan.

Uchoq qoldiqlari dengiz sathidan 2000 metrdan balandlikda sochilib ketgan.

Qutqaruvchilar qor bilan qoplangan hududga faqat tikucharlarda bora oladilar.

Ispaniyada qurbonlar xotirasiga uch kunlik milliy motam e‘lon qilingan.

Halokatda 45 ispaniyalik, 67 olmoniyalik, shuningdek Avstraliya, Turkiya, Daniya, Gollandiya va Belgiya, Britaniya, Qozog‘iston va Isroil fuqarolari bo‘lishgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02