BBCga aytaman: San‘at mardikor bozor emas

"BBC O‘zbek" saytida berilgan "Qo‘shiqchiga berilgan lizenziya- uning nonimi?" sarlavhali maqolaga bir qancha izohlar kelgan.

Jumladan, o‘zbekistonlik, ismini ma‘lum sabablar bilan aytishimizni xohlamagan xonanda hozirgi qo‘shiqchilik bilan holat, to‘ylar haqida o‘z fikrlarini bildirishni lozim topgan.

U shunday deb yozadi:

"To‘yga borib xalqning 4-5 soat xizmatini qilish oson emas. Lekin shinavandalaringiz atrofida kuylash bu baxt.

Ammo san‘atni ham mardikor bozorga aylantirib qo‘yishdi go‘yo. To‘ylarniyam hozirgi guruhlar, yana o‘zlari pul tikib prodyusserlik qilayotganlar madikor bozoriga o‘xshab talashib to‘y egalarini boshini aylantirib, o‘zlarini tiqishadi.

Kim televideniyeda ko‘p chiqsa to‘yi ko‘p bo‘ladi, deyishyapti hozir. Men bunga uncha qo‘shilmayman.

Xaqiqiy shinavandalar bu kabi odamlarning yo‘llariga yurmaydi.

Afsus haqiqiy san‘atkorlar kamayib ketishyapti. Ba‘zilar san‘atni biznesga aylantirib olishdi.

Hozir eshitishimcha, ba‘zi qo‘shiqchilar ikki-uch kunda 10 ming dollar ishlab olayapti, yomonmas to‘g‘rimi?

To‘yni tashkilotchilari bor, ular tuzukroq restoranlar bilan kelishib olib o‘zlari manfaat ko‘rishi mumkin bo‘lgan sanatkorlarni tavsiya qilishadi.

Bilasiz, to‘y qilayotgan odam har xil xayolda yuradi, nima bo‘lsayam to‘yim o‘tsa bo‘ldi, deydi.

To‘ydan keyin o‘tirib "voy to‘y qilsam, falonchini olib kelaman degandim-a" deb qolaveradi.

Ilgari odamlar bolasini qo‘shiqchi bo‘lishini uncha xohlamas edi. Hozir o‘zlari yetaklab yurib "meni qizim yoki o‘g‘limni eshitib ko‘ringlar", deb yurishipti.

Haqiqiy san‘atkor bo‘laman, deganlarga bunaqa holatlar begona. To‘y boshqa, san‘at boshqa. Oldinlari san‘atkorni vaqtiga qarab to‘y qilishar edi, hozir u bo‘lmasa boshqasida, deydiganlar ko‘p.

Men bir narsaning guvohi bo‘lganman. Bir ashaddiy shinavanda olamdan o‘tayotganda bolalariga vasiyat qilib, qachon yaxshi kunlaringni o‘tkazayotganingda men yoqtirgan ko‘shiqchilarni olib kelinglar, shunda ruhim shod bo‘ladi, deganlar. O‘zimning ham hayotimda ko‘p uchraydi, haqiqiy muxlis faqat o‘zi xohlagan san‘atkorni yaxshi kuniga olib borishni xohlaydi.

Xalqimiz sanatsevar. Vodiyda masalan, hozirgi qo‘shiqchilarning hammasiniyam to‘ylariga olib borishavermaydi. Agar fonogramma ishlatiladigan to‘ylarga borishmasa, boshqa to‘ylari faqat jonli bo‘ladi vodiyda.

Keyin tarbiyasi boshqacharoq, axloqi bilan "nom chiqargan" qo‘shiqchilarni ham to‘ylariga aytishmaydi, or qilishadi odamlar.

Masalan hozirgi "mashhur"lar…ko‘pku bularning urug‘i, hatto xalq artisti bulganlar ham to‘yda jonli aytishmaydi.

Bir xil san‘atkorlar o‘ziga keraksiz narsaga aralashadi, bir-biri bilan mushtlashib obro‘sini to‘kadi yoki puli ko‘payib boshqalarni mensimay qo‘yadi, keyin ularning litsenziyasi olinib sal pastga tushirib qo‘yiladi. Ko‘p holatda qo‘shiqchilar faqat to‘y uchun litsenziya olib to‘yma-to‘y yurishadi keyin.

Keyin yana achinarli yoki qo‘rqinchli bir narsa bor san‘atkorlar orasida: raqib qo‘shiqchilarning rasmini ko‘tarib yurib folbinlarga o‘qitishadi, "issiq-sovuq" qilishadi. San‘atkorlar bir-birini yeb qo‘ygudek, qanday qilib mehr-oqibat bo‘ladi unda.

Men bu narsalarni kuyinib aytaman xolos. Xudoga shukur hali ham haqiqiy san‘atni qadrlaydiganlar bor. Ustozlarimizning mehrini qozonganmiz.

Qachonki, O‘zbek san‘atining taqdirini o‘ylaydiganlar birlashsa, soxtaliklarga ko‘z yumilmasa hammasi o‘z o‘rniga tushib ketadi. Shu tanish- bilishchilik yo‘qolib, haqiqiy san‘atkorlar sahnani egallasa, xalq ham xursand bo‘ladi, kayfiyati oshadi".

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02