O‘zbekiston prezidenti qayta saylanmaslikka imkoniyat qoldirmagan

Image copyright Getty AFP

O‘zbekistonni uzoq yillardan buyon boshqarib kelayotgan Islom Karimov 29 martdagi prezidentlik saylovida qayta saylanmaslikdan o‘zga "chorasi" qolmagan.

Islom Karimov ushbu saylovda haqiqiy raqobatga duch kelayotgani yo‘q va bu saylov keng miqyosda soxta saylov sifatida qaralmoqda.

Ammo, bunga qaramasdan, u o‘ziga butkul g‘alabani ta‘minlaydigan turli usullarni ishga solmoqda.

Bu usullar O‘zbekiston qamoqxonalarida yillab saqlangan ayrim vijdon tutqunlarini ozodlikka chiqarish, muxolifat web-saytlariga kiber xurujlar va davlat tomonidan keksalarga g‘amxo‘rlikni namoyish etish kabilarni nazarda tutgan.

Tutqunlarni ozod qilish

Joriy yil boshida prezident Islom Karimov o‘nlab vijdon mahkumlarini qamoqdan ozod etgan va bu amal 2003 yildan buyon ilk marotaba sodir etilgan. Ushbu qadam janob Karimovning aholisining aksar qismini musulmonlar tashkil qiladigan mamlakat saylovchilari ovozini qo‘lga kiritish yo‘li deb ko‘rilmoqda.

Diniy ayblovlar bilan qamalgan mahkumlarning ozodlikka chiqarilishi O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganining 22 yilligi munosabati bilan e‘lon qilingan amnistiyaga muvofiq amalga oshirilgani e‘lon qilingan.

Ayrim kuzatuvchilar mahkumlar ozod etilishini saylovlar oldidan janob Karimovning imidjini yaxshilash harakati deb talqin qilganlar. Saylovlar oldidan Karimov rejimi mehribonlik, oddiy odamlarga g‘amxo‘rlik, insonparvarlik va islohotchi ekanini ko‘rsatishga intilayapti, deb aytgan sharhlovchilardan biri.

Qamoqdan chiqarilganlar orasida ekstremizm ayblovlari qo‘yilgan taniqli jurnalist Xayrullo Hamidov ham bor. Xayrullo Hamidov ozod etilganidan so‘ng xorijiy ommaviy axborot vositalariga intervyular berarkan, takror-takror Prezident Karimovga tashakkurlar bildirgan.

Xayrullo Hamidovning qamoqdan qo‘yib yuborilishi inson huquqlarini himoya qilish xalqaro Human Rights Watch tashkiloti tomonidan olqishlangan. Xalqaro tashkilot buni "ijobiy qadam" deb ta‘riflab, boshqa faollar va dindorlarning ham ozodlikka chiqarilishiga umid bildirgan.

Muxolifat web-saytlari hujumlarga tutilgan

Oxirgi paytlarda qator muxolifat web-saytlari yuzma-yuz kelgan muammolar Karimov rejimining saylov oldidan istalmagan axborot tarqatilishi oldini olish harakatlari deb ko‘rilgan.

2014 yilning oxirida mashhur Uznews.net web-saytining faoliyati to‘xtatildi. Bu Internet sahifaga uyushtirilgan xakerlik hujumi, web-sayt xodimlari va homiylari o‘rtasidagi mubohasali elektron yozishmalarning oshkor etilgani ortidan yuz berdi.

Janob Karimovning salomatligi haqidagi ovozalarni tarqatganidan keyin muxolifatning Uzxalqharakati.com web-sayti xakerlar nishoniga olindi. Shundan so‘ng web-sayt o‘z faoliyatini to‘laqonli tiklay olgan emas.

Eng so‘nggi xuruj Saylov2015.org Internet sahifasiga bo‘lgan. Muxolifat faollari bu web-sayt vositasida muqobil onlayn saylovlarni tashkil etishga urindilar. Virtual saylov komissiyasi saytining ishdan chiqarilishi ham O‘zbekistondagi prezidentlik saylovi oldidan keng miqyosdagi "ovozlar o‘chirilishi" harakatining bir qismi sifatida ko‘rilmoqda.

Keksalarga g‘amxo‘rlik

77 yoshli prezident Karimov o‘zining saylov kampaniyasida mamlakatdagi yoshi keksalarga qattiq tayanayotganga o‘xshaydi. Karimov 18 fevral kuni "Keksalarni e‘zozlash yili" davlat dasturini ma‘qullash haqidagi farmonga imzo chekdi. Bu dastur keksalarga qator imtiyozlarni berishni ko‘zda tutgan. Dasturda yoshi 100 dan oshgan 8700 tacha insonga qo‘shimcha pensiyalar berish mo‘ljallangan. Shuningdek, sanatoriylarda bepul davolanish va yil davomida bir marta tekin temir yo‘l chiptasidan foydalanishga ruxsat berilgan. Hujjatda yolg‘iz qariyalarga alohida e‘tibor qaratish lozimligi ta‘kidlangan.

Keksa insonlarning yosh avlodga ta‘siri kuchli bo‘lgan an‘anaviy O‘zbek jamiyatida qariyalar dastagiga umid qilinishi tushunarlidir. Rasmiylar har doim keksalarning jamoatchilik oldida chiqishlariga ko‘p o‘rin berishga intiladilar, keksalar esa odamlarni davlat erishgan yutuqlarni qadrlashga chaqiradilar. Shu bois ham Karimov rejimining imidjini ko‘tarish maqsadiga qaratilgan matbuot kampaniyasida keksalarga asosiy o‘rin berilmoqda. Oxirgi oylarda davlat televideniyesi ko‘plab keksalar ishtirokidagi tok-shoularni namoyish etdi. Bu ko‘rstauvlarda yoshi katta insonlar Karimov boshqaruvi ostida postsovet O‘zbekistonda katta yutuqlarga erishilganini maqtadilar.

Suhbatlarda keksalar O‘zbekistondagi tinchlik, barqarorlik va "farovonlik"ni maqtaydilar, buning aksi sifatida Sovetlarning "og‘ir zamoni"ni tilga oladilar. "Davlatga odamlar haqida qayg‘uradigan rahbar kerak. Bizning xalqimizning baxti shundaki, bizning davlatimizning ana shunday rahbari bor", deya keksa onaxonlardan biridan iqtibos keltirgan davlat nazoratidagi axborot agentliklaridan biri. Bu kampaniyada matbuot va ayrim Internet ijtimoiy platformalar faol qatnashayotganini kuzatish mumkin.

Ayni paytda Karimov televideniye orqali odatdagidan ham ko‘p namoyish qilinmoqda. Birgina yanvar oyining o‘zida davlat televideniyesi janob Karimov chiqishlarini yetti marta ko‘rsatgan.

Ijtimoiy tarmoqlar

Ijtimoiy media tarmoqlarida ham qudratdagi prezident dastaklanayotgani kuzatilmoqda. Mamlakat ichkarisida mashhur bo‘lgan ayrim Facebook guruhlarida janob Karimov fotosuratlari e‘lon qilingan va "Mamlakatni ishonib topshirishing mumkin bo‘lgan yagona inson" va "Bu kishini men hech kimga alishmayman" mazmunidagi yozuvlar yozilgan. Bu postlar juda ko‘p sondagi Internet foydalanuvchilarning e‘tiborini o‘zga jalb qilgan va sharhlarda prezident mamlakatda tinchlik va barqarorlikni ta‘minlab kelayotgani aytilgan.

Guruhlardan biri "Faqat O‘zbekistonda" deb nomlanadi va bu guruhda Karimov fotosi ostiga "Buni tinchlik va xotirjamlikning kafolati deydilar", degan yozuv yozilgan. "O‘zbekistondagi hozirgi vaziyatda boshqa nomzod hatto qarindoshi bo‘lsa ham Karimovga ovoz beradi", deyiladi boshqa bir surat ostidagi matnda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02