Putin qanday toblandi?

Image copyright Getty
Image caption Putin nimadan qo‘rqadi?

Putin shaxsini tushunishni istagan har bir odam bundan chorak asr avval Sharqiy Olmoniyada kechgan bir kunu tun tarixini bilishi kerak.

Bu 1989 yilning beshinchi dekabri, Berlin devori qulaganidan bir necha hafta o‘tib ro‘y bergandi.

Sharqiy Olmoniyada kommunizm jon berayotgandi.

Xalq irodasini bukishga qodir hech bir narsa qolmagan edi.

Olomon Drezdendagi Stazi (Olmoniya maxfiy xizmati) idorasiga bostirib kirdi.

Kechagina eng qudratli maxfiy politsiya xizmati birdaniga ojizlanib qoldi.

Keyin bu olomonning kichikroq guruhi yo‘l chetidagi yirik uyga qarab yurishdi.

Bu uyda Sho‘rolarning maxfiy xizmati xodimlari, KGBchilar panoh topishgandi.

"Tashqaridagi qo‘riqchilar tezlikda vakolatxonaning ichiga kirib ketishdi, ammo oradan ko‘p o‘tmay bo‘yi pastroq bir zobit chiqdi, u g‘azabini zo‘rg‘a bosib turardi", deydi ana shu guruh a‘zolaridan biri Zigfrid Dannat.

"U bizga, bino ichkarisiga kirishga harakat qilmang, men va o‘rtoqlarim qurollangan va biz favqulodda holatlarda o‘t ochishimiz mumkin", dedi.

Uning bu tahdidi bilan guruh binoga kirish fikridan qaytadi.

Ammo KGB zobiti vaziyat qanchalar xatarnok ekanini yaxshi tushunar edi.

Keyinroq u qanday qilib Qizil Armiya qo‘mondonligiga sim qoqqani, binoni qo‘riqlash uchun tanklar jo‘natishni so‘ragani haqida gapirib beradi.

Unga berilayotgan javoblar shafqatsiz edi.

Hayotni o‘zgartirib yuboradigan haqiqatlar bor edi bu javoblarda...

"Biz Moskvaning buyrug‘isiz hech narsa qilolmaymiz. Moskva sukut saqlamoqda".

"Moskva sukutda" degan ibora bu KGB xodimini hozirgacha ta‘qib qiladi.

Bugun bu KGB xodimining o‘zi...Moskvaga aylangan.

Image copyright BBC World Service
Image caption Drezden. Putin hali chekkalarda...

"Menimcha, Putinni tushunish bu juda muhim vaziyat edi, agar Putin o‘shanda Sharqiy Ovro‘poda bo‘lmaganida edi, balki boshqacha inson bo‘lardi", deydi Rossiya prezidentining tarjimai holchilaridan biri olmoniyalik Boris Reitschuster.

Drezdendagi voqea bir ma‘noda Putinning ko‘zini ochdi, unga jamiyat qanday bo‘lishi kerak degan g‘oyani berdi, qudratli tanish-bilishchilik tarmog‘ini yaratish va shaxsiy boylik orttirish muhim ekanini anglatib qo‘ydi.

Eng avvalo, bu voqea siyosiy elitanining qanchalar qaltis bo‘lishi va osonlik bilan xalq tomonidan ag‘darib tashlanishi mumkinligini ko‘rsatdi.

Putin Drezdenga o‘tgan asrning saksoninchi yillari o‘rtalarida KGB agenti o‘laroq jo‘natilgandi.

Olmoniya Demokratik respublikasi Ikkinchi Jahon urushidan keyin kommunist davlat o‘laroq yaratilgan edi.

G‘arbiy Ovro‘poning biqinida bo‘lgan bu yangi davlat Sho‘rolar Ittifoqi uchun muhim bir mintaqa edi.

Sharqiy Olmoniya Sho‘ro armiyasi va josuslariga "liq to‘la" edi.

Putin KGB safida bo‘lishni o‘smirligidan orzu qilar edi.

"Bir kishi butun bir armiya qilolmagan ishni bajaradi. Bir josus minglab odamlarning taqdirini belgilaydi".

Ammo boshida Drezdenda Putin faoliyati ancha cheklangan va o‘ta zerikarli edi.

Sharqiy Olmoniyaning qudratli josuslik xizmati arxivlarida Putinning Stazi rahbariga yozgan maktubi saqlanib qolgan.

Bunda u o‘z ayg‘oqchisining uyiga telefon o‘rnatib berishni iltimos qiladi.

Sho‘ro va Sharqiy Olmoniya davlatlari orasida munosabatlarni "sharaflaydigan" o‘nlab yig‘inu tadbirlarda Putin ham qatnashadi.

Alhol, josus o‘laroq Putin uchun bu zerikarli hayot bo‘lsa ham, uning yosh oilasi Sharqiy Olmoniyadagi Sho‘rolardan ko‘ra yaxshiroq hayotda maza qilib yashashardi.

Image copyright BBC World Service
Image caption Putin o‘z ayg‘oqchisi uchun telefon o‘rnatilishini so‘rab yozgan xati

Putinning sobiq xotini Lyudmila, keyinroq Sharqiy Olmoniyadagi hayot Sovetlar Ittifoqinikidan ko‘ra "o‘ta boshqacha" bo‘lganini xotirlaydi.

Putin oilasi bilan KGB va Stazi xodimlari uchun qurilgan maxsus uydagi xonadonlarning birini egallagandi.

"Olmoniya Demokratik Respublikasining josuslik xizmati xodimlari bizdan ko‘ra ko‘proq maosh olishgan, buni ularning yashash tarzidan bilar edik. Ammo biz iqtisod qilib, mashina sotib olishga harakat qilardik", deb xotirlagandi Lyudmila.

Putinning sobiq hamkasblaridan biri Vladimir Usoltsevga ko‘ra, Putin G‘arbiy Olmoniyaning kataloglarini varaqlab, zamona va modadan ortda qolmaslikka harakat qilgan.

U pivoni yaxshi ko‘rgan.

Shimoliy Olmoniyaning Sho‘rolardan yana bir farqi, garchi kommunistlar nazorati ostida bo‘lsa ham, bu mamlakatda boshqa partiyalar ham bor edi.

Boris Reitschusterga ko‘ra, Sharqiy Olmoniyadagi bu "ko‘ppartiyaviylik" Putinga ma‘qul bo‘lgan va bugun Rossiyada u o‘zining Sharqiy Olmoniyasini qurib olgan...

Image copyright BBC World Service
Image caption Putin yana Drezdenda...

Ammo 1989 yil kuzida Putinning Drezdendagi "jannatiy hayoti" do‘zaxga aylana boshladi.

Oktyabr oyining boshlarida Pragadagi G‘arbiy Olmoniya elchixonasidan boshpana so‘ragan yuzlab sharqiy olmoniyaliklar poyezdga joylashtirilib G‘arbda jo‘natilgan.

Poyezd Drezdendan o‘tar ekan, olomon o‘zini vagonlarga urib, G‘arbga qochishga harakat qilardi.

Wolfgang Berghofer Drezdenning kommunist hokimi bo‘lgan.

Uning aytishicha, shahardagi Sho‘rolar armiyasi generali unga, agar Moskvadan buyruq kelsa, biz tanklarni ishga solamiz deydi.

Noyabr boshlarida Berlin Devori qular ekan, shaharda namoyishlar va namoyishchilar soni ko‘payib ketadi.

Vladimir Putin ham Sovet generallari tanklarni ishga solishiga shubha qilmas edi.

Ammo...yo‘q, Mixail Gorbachyov ostidagi Moskvada sukunat hukmron edi.

Qizil Armiyaning tanklari ishga solinmaydi.

Image copyright BBC World Service
Image caption Gorbachyovni olqishlayotgan Kohl

"Hech kim bizni himoya qilish uchun aqalli harakat ham qilmadi"...

Putin va hamkasblari zudlik bilan josuslik ma‘lumotlarini yoqishni boshlaydilar.

"Men o‘zim juda ko‘p materiallarni yoqib yubordim", deb xotirlaydi Putin.

Ikki hafta o‘tib esa Drezdenga G‘arbiy Olmoniya kansleri Helmut Kohl keldi.

Nutq so‘zladi.

Uning nutqidan ikki Olmoniyaning birlashishi muqarrar ekani ayon bo‘ldi.

Sharqiy Olmoniya va yo Olmoniya Demokratik Respublikasi poyoniga yetayotgandi.

Kohl Gorbachyovni olqishladi.

Olmoniyada tanklarni ishga solmagani uchun Gorbachyovni ko‘klarga ko‘tardi.

Putin Kohlgi olqishlayotgan olomon orasida bo‘lgan – bo‘lmagani aniq emas, ammo bu voqeadan xabardorligi tayin edi.

Bu voqea Putinning oilasi uchun ham dahshatli bir tushday edi.

Image copyright BBC World Service

"Biz qariyb o‘zimizning vatanga aylanib qolgan mamlakat yo‘qolib ketayotganidan dahshatga tushgandik", deb xotirlaydi Lyudmila.

"Mening qo‘shnim, do‘stim bir hafta yig‘ladi... Bu ular uchun nafaqat ish, balki hayotning xotimasiday edi".

Putinning ayg‘oqchisi uchun telefon o‘rnatib bergan va ham uning Stazidagi hamkasblaridan biri Horst Boehm namoyishchilar tomonidan haqoratlar ostida ko‘z ocholmay qolgandi.

1990 yil boshida u o‘z joniga qasd qiladi.

Putinning tanqidchilari va tarjimai holini o‘rgangan Masha Gessenga ko‘ra, Putin oilasining olmon do‘stlari ularga 20 yillik avtomobil berishadi.

Ana shu mashina bilan Putin oilasi Leningradga yetib oladi.

Putin qaytib kelgan mamlakatning o‘zi erta-indin qulab ketish holatida edi.

"U bu mamlakatni tushunishni va qabul qilishni istamas edi", deydi Masha Gessen.

Uning shahri Leningrad emas, yana Sankt Peterbugga evrilayotgan edi.

Putin nima qilishi kerak endi?

Image copyright Reuters
Image caption Maydan Putinga Drezdenni eslatganmi?

Kimdir unga taksichilik qilishni maslahat beradi.

Ammo tez orada Putin o‘zining nimaga qodirligini va imkoniyatlarini anglab yetadi.

Drezdendagi hamkasblari ham Sho‘rolar davrida kafolatlangan ish, obro‘ va yaxshi hayotdan ajrab qolishgan edi.

Bu yangi Rossiyada ham iqtisodiy va ham siyosiy manfaatlarni ko‘zlagan yangi tarmoq edi.

Putinga yaqin va qudratli shaxslarning aksariyati ana shu tarmoqdagi shaxslardir.

Masalan, sobiq Stazi zobiti Matias Varnig Drezdenda Putin davrida ishlagani aytiladi.

Hozir u Rossiya gazini Boltiq osha Olmoniyaga yo‘naltirgan Nordstream shirkatining ijroji menejeri...

Aynan mana shu gaz quvuri Olmoniyaning Rossiya bilan alohida bir aloqalari ramziga aylangandi.

Ammo Ukrainadagi voqealar bu aloqalarda tanaffus paydo qilganday...

Putin shaxsini o‘rganganlar uni Kiyevning Maydanida ro‘y bergan manzaradan cho‘chigani haqida aytishadi.

Drezdenda 1989 yil dekabrida ro‘y bergan voqea go‘yo takror bo‘layotgani kabi uni bezovta qilgani tayin...

Shundanmi, ehtimol Putinning keyin qadamlarini chamalash uchun uning o‘tmishiga nazar tashlash kerak bo‘ladi.

Ammo bu yerda bir farq bor.

Farqki, toki Kremldagi qudrat Putinga tegishli ekan, Moskva sukunatga cho‘mmaydi...

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02