Jahon matbuoti O‘zbekistondagi saylovlar haqida

Image copyright AFP

O‘zbekistondagi prezidentlik saylovlarida natijalar e‘lon qilinishi kutilar ekan, jahon matbuoti bu natijalar avvaldan ma‘lum bo‘lganligi haqidagi maqolalarga to‘la.

"Foreign Policy" jurnalidagi maqola "Markaziy Osiyoning shahmat ustasi: Janob Karimovning ayyor diplomatiyasi uning muvaffaqiyatini ta‘minlagani haqida" deya atalgan.

Maqoladagi asosiy xulosa va ilk ibora: "O‘zbekistonda yakshanba kuni hamma saylovlarga otlangan bo‘lsa ham, natijalar avvaldan ma‘lum edi. Prezident Karimov g‘olib bo‘ladi".

Unda aytilishicha, janob Karimov 24 yil mobaynida o‘z qudratini eng shafqatsiz yo‘llar bilan mustahkamlab kelgan. "Dissidentlarni kuydirgan, siyosiy muxolifatni kuch bilan bostirgan va hatto o‘z qizini uy qamog‘iga tashlagan".

Lekin "Foreign Policy"ga ko‘ra, saylovlar ahamiyatsiz bo‘lsa ham, bu hodisa O‘zbekiston o‘zini mintaqadagi yangi o‘yinlar markazida his qilayotgan bir vaqtda o‘tkazilgan.

Bu o‘yinda asosiy qatnashchilar Xitoy, Rossiya va AQSh.

Mintaqadagi davlatlar Afg‘onistonda barqarorlikni ta‘minlash yo‘lida ko‘proq rol o‘ynashlarini istagan AQSh O‘zbekistonga yaqinda aslaha yo‘llagan.

Pekin esa O‘zbekistonning gaz sohasiga ko‘plab sarmoya yotqizmoqda. Moskva ham Ovrosiyo Iqtisodiy Hamkorligiga qo‘shilishga undash uchun O‘zbekiston atrofida hanuz "girdikapalak".

Maqolada aytilishicha, tahlilchilar O‘zbekistonni "o‘zgaruvchan hamkor" sifatida ta‘riflaydilar.

"Toshkentning tashqi siyosati hamisha turli tomonlarni bir-biriga qarshi qo‘yishdan iborat bo‘lgan. Lekin O‘zbekistondagi beqarorlik uni tez-tez bir hamkordan boshqasiga ko‘chishga majbur qilib kelgan".

Biroq janob Karimov mintaqadagi G‘arb ta‘sirining kuchayishini tez orada o‘z qudratiga xavf va foydadan ko‘ra ko‘proq zarar sifatida ko‘ra boshlagan.

"Mintaqa aholisining deyarli yarmi yashovchi mamlakatni sobiq kommunist "apparatchigi" jahondagi eng repressiv mamlakatlardan biriga aylantirdi".

Gurjiston va Ukrainadagi rangli inqiloblarning G‘arb tomonidan dastaklanishi esa Toshkentning Vashington sobiq Ittifoq respublikalarida rejim o‘zgarishlarini faol istayotgani haqidagi shubahalarini kuchaytirgan.

"Xullas, Xitoy, Rossiya va AQSh birgalikda O‘zbekistonning "bir bo‘lakchasiga" ega bo‘lishga intilar ekanlar, janob Karimov inson huquqlari sohasidagi xalqaro tanqidlardan o‘zini bir qadar "ixotalash"ga muvaffaq bo‘lgan va shu bilan birga yakshanba kungi saylovlarda o‘z g‘alabasini ham ta‘minlab qoldi", - deya yozadi "Foreign Policy".

"Fergana.ru" websahifasi muharriri Daniil Kislov Rossiyaning "Dojd" telekanaliga bergan intervyusida "Islomiy tahdid manzarasida hamma Islom Karimovning g‘alabasiga rozidek va hech qanday o‘zgarishlarni kutishga hojat yo‘q", - deya aytgan.

Daniil Kislovning ilova qilishicha, O‘zbekistondagi joriy siyosiy sahnada hozirda Islom Karimovga haqiqiy raqib bo‘la oladigan shasxning o‘zi yo‘q.

"Fergana.ru" muharririning aytishicha, O‘zbekistondan tashqarida bo‘lgan, xususan Rossiyada ekanligi aytilgan 2 millionga yaqin muhojirlarning "oyoqlari bilan" ovoz berganlari, ya‘ni mamlakatdan chiqib ketganlarining o‘zi joriy hokimiyatdan norozi ekanliklarini anglatadi.

"Lekin ularning ham aksari siyosatdan uzoq va hech qanday rejim o‘zgarishi, yo-da Ukrainadagi "Maydon hodisalari" kabi o‘zgarishlarning tarafdori emaslar", - deydi Daniil Kislov.

"Islomiy Davlat kabi tashkilotlarning xavfi manzarasida Islom Karimov hamma uchun, jumladan G‘arb uchun ham "muloyim" variant bo‘lib ko‘rinmoqda".

"Al Jazeera" telekanali Markaziy Saylov Komissiyasining saylovchilarning 91 foizi ovoz berishda qatnashganligi haqidagi ma‘lumotini keltirib, "janob Karimovning g‘alaba qilishi tayin", - deya xabar bergan.

Telekanal shuningdek, O‘zbekistondagi qonunlarga muvofiq ovoz berib chiqqan sayloovchilar o‘rtasida so‘rov o‘tkazishga ruxsat berilmasligini aytgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer